15:45 / 16.04.2019
19581

Mirziyoyev tashrifidan so‘ng: Axsikent turistik markazga aylanmoqda

28 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasini borib ko‘rdi. Arxeologlar muntazam ravishda tadqiqotlar olib borishiga qaramasdan, bu yer ilgari tashlandiq joy edi.  

Prezident topshirig‘iga muvofiq Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish bo‘yicha ulkan ishlar boshlandi. «Axsikent» arxeologiya merosi obektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi.

O‘tgan haftada Kun.uz muxbirlari prezident tashrifidan so‘ng Axsikentda qanday o‘zgarishlar yuz berganini bilish maqsadida bu yerga kelishdi.

Kirishda ulkan yozuv o‘rnatilgan: Axsikent.

Shuningdek, majmua va muzey haqida qisqacha ma'lumot taqdim etilgan.  

Tarixiy shaharga kirish va eksponatlar bilan tanishish uchun bilet sotib olish lozim. Bilet kattalar uchun (O‘zbekiston rezidentlariga) 2 ming so‘m, maktab o‘quvchilari uchun ming so‘m turadi, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa kirish bepul.

Kassir bilan suhbatlashganimizda u bizga kunlik ma'lumotlarni qayd etib boradigan daftarini ko‘rsatdi. Raqamlar hayratlanarli. Muzeyga bolalar, maktab o‘quvchilari, ularning ota-onalari, oilalar va jamoalar tashrif buyuradi. Kassir ayolning aytishicha, Shavkat Mirziyoyevning tashrifidan so‘ng turistlar oqimi boshlangan.

Birgina muammo – xorijlik turistlarning kamligi. 

Ochiq osmon ostidagi muzey dam olish kunisiz ertalab 9dan kech soat 6gacha ishlaydi. Darvoqe, xorijlik turistlar uchun bilet 10 ming so‘m turadi, gid xizmati 5 ming so‘m.

Muzeyga yetib borish uchun turistlar zinali yo‘lakdan yurishlari kerak.

Kirishda navbatchi ma'mur biletlarni tekshirdi va video suratga olish mumkin emasligini aytdi.

Muzey ichida tarixiy shaharning bir qismini his qilishingiz mumkin.

Bu yerdan ayrim eksponatlar joy olgan.

Shuningdek, Axsikentni rivojlantirish bosh rejasi ham taqdim etilgan.

Bundan tashqari, qadimgi Axsikent tasvirlangan suratlarni ham ko‘rish mumkin.

Ma'muriyat vakillarining Kun.uz muxbirlariga aytishlaricha, hozircha Axsikentning butun hududi to‘laligicha ochiq holda, ya'ni turistlar muzeydan chiqib qadimiy shahar bo‘ylab sayr qilishlari mumkin.

Bir oy ichida shahar «muhofaza ostiga olinadi». Hozirda qadimiy shahar atrofida devor qurilmoqda va panjaralar o‘rnatilmoqda. Keyinchalik turistlar shaharni faqatgina gid hamrohligida tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.

Bu yerda shuningdek, Axsikent shuhrati belgisi sifatida ramziy arka qurilishi, Umarshayx Mirzo va Boburga atab haykallarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, bu yerda Sirdaryo bo‘ylab qayiqda va shahar ichida tuyalarda sayr qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Umuman olganda, kerakli infrastruktura yaratiladi va Axsikent turistik markazga aylanadi.

Mavzuga oid
Top