O‘zbekiston | 13:25 / 18.04.2019
22361
2 daqiqa o‘qiladi

YeXHT O‘zbekistonni ba'zi OAVni bloklashni to‘xtatishga chaqirdi

Arlem Dezir/Foto: YeXHT

YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir O‘zbekiston hukumatini ayrim ommaviy axborot vositalarini bloklashni to‘xtatishga chaqirdi. Rasmiy murojaat xalqaro tashkilot veb-saytida e'lon qilingan.

«Men hukumatga onlayn-OAVga to‘siqsiz kirishni ta'minlash uchun qator islohotlar o‘tkazish iltimosi bilan chiqdim. Davlat organlariga shuni takrorlab o‘tmoqchimanki, har qanday bloklash chorasi faqat xalqaro standartlarga muvofiq oqlanishi, istisno tariqasida qo‘llanilishi hamda qonuniy maqsadga qat'iy mutanosib bo‘lishi mumkin», - deya ta'kidlab o‘tdi u o‘z murojaatida.

Uning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda Ozodlik, Eurasianet.org, AsiaTerra, Uzmetronom, «Fergana.ru» va boshqa onlayn-nashrlar hamon bloklanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «Internetda ekstremistik yoki nafrat uyg‘otishga sabab bo‘luvchi mahsulotlarni targ‘ib qiluvchi» ommaviy axborot vositalarini bloklash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

«Biroq, na taqiqlangan resurslar ro‘yxati, na ko‘rsatilgan OAVni bloklashga olib kelgan aniq mezonlar e'lon qilinmadi», - dedi YeXHT vakili.

Arlem Dezir O‘zbekiston hukumatini bloklangan saytlarga kirishni qayta tiklash va mamlakatda axborot olish hamda fikr bildirish erkinligiga aloqador qonunlar va huquqiy hujjatlarni isloh qilishga chaqirdi.

«Ishtirokchi davlatlar OAV erkinligiga oid o‘z qonunlari, siyosati va amaliyoti xalqaro majburiyatlarga to‘liq mos kelishini ta'minlashi shart», - deya xulosa qildi u. 

Mavzuga oid