Jamiyat | 19:44 / 26.04.2019
86903
10 daqiqa o‘qiladi

Toshkent dengizidan tutilgan baliq shov-shuv bo‘ldi. Baliqchi-brakonerlar suvdan quruq chiqadimi?

Kecha, 25 aprel kuni internetda bir guruh baliqchilar Toshkent dengizida 35 kilogrammlik baliq ovlagani suratlari tarqalib, shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda baliqchilarni omadli va mahoratli deb maqtaganlar yetarlicha topildi. Ular orasida bu suratdan ilhomlanib, o‘zi baliq tutishga shaylanganlar ham yo‘q emasdi. Kun.uz muxbiri tanganing ikkinchi tomonini ham o‘rganish maqsadida soha vakillariga murojaat qildi.

«Maqtaydigan narsa emas, aksincha...»

«O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi vakillarining aytishicha, ko‘pchilikning havasini keltirgan suratdagi «qahramon-baliqchilar»ni maqtash mutlaqo o‘rinsiz, chunki ular – brakonerlardir.

«Bu xabar tarqalganidan biz xavotirga tushdik, chunki bu – noqonuniy narsa. Rasmlarni ko‘rib, 35 kilogrammlik baliq ovlangani odamlarni havasini keltirdi. Vaholanki, bu brakonerlikka kiradi. Uni targ‘ib qilish emas, uning yomon oqibatlarini ko‘rsatish kerak.

Bu – maqtanadigan, xursand bo‘ladigan narsa emas. Kimdir havzani ijaraga olib, o‘z hisobidan uni baliqlantirgan, yem bergan; kimdir esa tayyor yetishtirilgan baliqni kechasi kelib ovlab ketyapti, keyin uni sotish orqali shaxsiy manfaat ko‘ryapti», – deydi uyushma raisi o‘rinbosari Shuhrat Rahmatov.

Baliqchi-brakonerlar «avjiga chiqqan» payt

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda yilning bu paytida tabiiy suv havzalarida baliq ovlash mumkin emas.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlaridan tashqari O‘zbekistonning barcha hududlarida 15 apreldan 1 iyunga qadar tabiatda baliq ovlash taqiqlanadi, yuqoridagi ikki hududda esa bu muddat – 25 apreldan 10 iyungacha. Biroq, shuning barobarida baliqchilikda aynan hozir – brakonerlik eng avj olgan paytdir.

«Bu oraliq muddat – baliqlarning ko‘payadigan davri, bu paytda tabiiy havzalarda baliqlarga antropogen ta'sir butunlay taqiqlanadi», – deydi «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Kamolxo‘ja Ismoilxo‘jayev.

Uning tushuntirishicha, bu davrda hamma baliq turlari ikra tashlash uchun qirg‘oqqa chiqadi. Baliqlar iliqroq, kislorod serob bo‘lgan sayoz joylarga chiqib, o‘t-o‘lanlarga urug‘ tashlaydi. Ularda bu paytda faollik ham pasayadi, qo‘lga tushirish ancha osonlashib qoladi.

«Brakonerlar esa aynan shundan – baliqlarning ikra qo‘yish paytidagi passivligidan foydalanishadi. Ular sayozlikka chiqadigan baliqlarni kaltaklar bilan kutib turishadi. Yilning boshqa payti bo‘lganida bunday katta baliqni ushlash oson bo‘lmasdi», – deydi Ismoilxo‘jayev.

«Omadli baliqchilar» surati eski bo‘lsa-chi?

Yuqorida ta'kidlanganidek, 15 apreldan keyin O‘zbekistonning aksariyat hududlarida tabiatda baliq ovlash man etiladi. «Potrebitel.uz» guruhida suratdagi 35 kilogrammlik baliq Tuyabo‘g‘iz suv omborida 24 aprel kuni ovlangani aytilgan. Bu esa «mahoratli» baliqchilar aslida brakoner bo‘lishi mumkinligiga ishora qiladi.

Albatta, suratdagi «muvaffaqiyatli ov» manbada yozilganidan avvalroq, ya'ni baliq tutish taqiqlangan kunlar hali boshlanmay turib ro‘y bergan bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas. Lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham, bu baliqchilarni qahramonga chiqarib bo‘lmaydi – ular «Tashmore»ni ijaraga olgan baliqchilik korxonasiga aloqador odamlar emas.

«Agar bu rasmdagi baliq 15 apreldan oldin ovlangan bo‘lsa, unda bu yerda boshqa masala bo‘ladi. Prezidentning 2017 yil 1 maydagi 2939-sonli qaroriga asosan, O‘zbekistonda tabiiy suv havzalari, suv omborlari tanho foydalanishga «O‘zbekbaliqsanoat»ga berilgan. «O‘zbekbaliqsanoat» esa Toshkent dengizini «Golden Fish Group» tashkilotiga 10 yil muddatga ijaraga bergan.

Ya'ni «Tashmore»dan baliq ovlash faqatgina shu korxonaga ruxsat etilgan. Suratdagi baliqni tutganlar bu tashkilot xodimlari emas», – dedi «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Rahmatov.

35 kg.lik baliq noqonuniy ovlandi – bundan kim qancha zarar ko‘radi?

Soha vakillariga ko‘ra, ona baliqning vaznidan 10-15 foizini uning ikrasi tashkil qiladi.

«Agar bu 30 kg.lik baliq bo‘lgan bo‘lsa, bu degani u kamida 3 kg ikra tashlashi kerak edi. 1 kg ikrada 1 millionta urug‘ bo‘ladi. Bu degani – 3 million urug‘. O‘shaning 50 foizi tirik qolsa ham, 1,5 milliontasi lichinkaga, undan 1 millioni chavoqqa aylanardi. Demak, suratdagi holatda 1 millionta baliqni yo‘qotdik. Bu – g‘irt brakonerlik», – ta'kidladi Shuhrat Rahmatov.

Rahmatovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bu kabi holatlarni nazoratga olishi kerak.

«Nafaqat mazkur holat, balki boshqa hududlarda ham xuddi shunaqa. Hozir katta-katta baliqlar urug‘ qo‘yayotgan paytida ovlanyapti. Mutasaddi tashkilotlar esa bunga e'tibor qaratishmayapti. Bir vaqtlar «Uzryboxrana» shu narsaga javob berardi, bugungi kunda bu tashkilot yo‘q, uning vakolatlari Davlat ekologiya qo‘mitasi boshqarmalariga berilgan», – deydi u.

Kun.uz hozircha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasidan bu borada izoh ola olganicha yo‘q. Tegishli idoralar suratdagi 35 kg. tosh bosuvchi baliq ovi borasida o‘rganishlar olib borganmi-yo‘qmi, ovchilarga qandaydir chora qo‘llangan-qo‘llanmagani to‘g‘risida ma'lumot tahririyatda mavjud emas. Shuningdek, «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi rasmiylari ham bu borada ularda axborot mavjud emasligini bildirishdi.

Noqonuniy baliq ovlash – jinoyat emas

«O‘zbekbaliqsanoat» vakillarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston qonunchiligida baliqchi-brakonerlarga qarshi jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilmagan. Qo‘llanilayotgan ma'muriy choralar esa yetarlicha samara bermayapti.

«Bu masalada endi taklif kirityapmiz, ya'ni takroran sodir etilganda jinoiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘taryapmiz», – dedi uyushma bo‘lim boshlig‘i Kamolxo‘ja Ismoilxo‘jayev.

Tashkilot raisi o‘rinbosari Shuhrat Rahmatov ham noqonuniy baliq ovlashga qarshi qonunchilikdagi choralar yetarlicha jiddiy emas, deb hisoblashini aytdi.

«Kimnidir chorvasini o‘g‘irlasang, jinoiy javobgarlikka tortilasan. Lekin baliqlarni noqonuniy yo‘l bilan ovlash borasida qonunchiligimiz «yumshoq» yozilgan. Baliq o‘g‘irlagan brakonerlarni ma'muriy emas, qanchadir miqdordan keyin jinoiy javobgarlikka tortish zarur.

Tabiiy havzalarni ijaraga olgan ijarachilarda o‘zlarini brakonerlardan himoya qilishga hech qanday haq-huquqi yo‘q, ular o‘zlarini himoya qila olishmayapti. Mutasaddi tashkilotga murojaat qilishsa ham, noqonuniy baliq ovlaganlarga ma'muriy jarima qo‘llash bilan chegaralanib qolinyapti. Ma'muriy jarima esa brakonerlarga hech qanaqa ta'sir o‘tkazmayapti», – deya qayd etib o‘tdi Rahmatov.

Rasmiylarning fikricha, ayniqsa noqonuniy ovlash anjomlarini olib kirish va foydalanishga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish kerak. 

«Chegaradan elektroqarmoq, ilashma to‘rlar, portlatish vositalari olib o‘tilishiga chek qo‘yishimiz kerak. Ularning hammasini ham bojxonadan olib o‘tishga taqiq qo‘yilmagan. Masalan, leskadan yasalgan setkani O‘zbekiston hududiga olib kirish mumkin, lekin undan foydalanish taqiqlangan. Chunki bu usulda baliq tutishda ovlangan baliqdan tashqari uning atrofidagi baliqlarga ham stress bo‘ladi, natijada ular ozib ketadi, kasallanish kuzatiladi, jarohat oladi», – deya tushuntirdi «O‘zbaliqsanoat» uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Kamolxo‘ja Ismoilxo‘jayev.

«Hatto 500 kilogrammlik baliqlar ham bor»

Uyushma vakillarining qayd etishicha, «Tashmore»da ovlangan, olachipor yoki pestrik ekani aytilayotgan 35 kilogrammlik baliqni O‘zbekiston sharoitida o‘ta noyob hodisa deb bo‘lmaydi.

«O‘zbekistondagi suv omborlarida 500 kg keladigan laqqa baliqlar ham uchrab turadi. Baliq – cheksiz o‘sadigan jonzot, qulay muhit va ozuqasi bo‘lsa bo‘ldi», – deydi Ismoilxo‘jayev.

Ma'lumot uchun, 2018 yil davomida O‘zbekistonda jami 94 ming tonna baliq ovlangan bo‘lib, bu – 2017 yilgi ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda 112 foizga ko‘proqdir. Respublika bo‘yicha eng ko‘p baliq Jizzax va Navoiy viloyatlarida ovlanadi, bu Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining joylashuvi bilan bog‘liq. Baliq ovlash hajmi bo‘yicha keyingi o‘rinlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatlari turadi.

Mavzuga oid