O‘zbekiston | 13:54 / 01.05.2019
7554
8 daqiqa o‘qiladi

Amaldorlarning davlat xizmatlari ko‘rsatishdagi faoliyati baholab boriladi

Foto: panthermedia/vostock-photo

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishida samaradorlik va natijadorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda ularning bu sohadagi faoliyatini baholash tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Davlat boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishida samaradorlik va natijadorlik ko‘rsatkichlari hamda ularning bu sohadagi faoliyatini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, baholash davlat xizmati ko‘rsatish uchun mas'ul bo‘lgan har bir vakolatli organ tomonidan o‘z mas'ul xodimlariga nisbatan amalga oshiriladi.

Baholash qonuniylik, adolatlilik, xolislik, shaffoflik, har taraflamalik va ishonchlilik prinsiplariga asoslanadi.

Vakolatli organlarning davlat xizmati ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatiga oid statistik ma'lumotlar, mas'ul xodimlarning xatti-harakatlari ustidan kelib tushgan shikoyatlar hamda murojaat etuvchilarning xizmat va mas'ul xodim haqida qoldiradigan fikrlari baholashga doir manbalar hisoblanadi.

Mas'ul xodimlarning davlat xizmatlari ko‘rsatish faoliyati quyidagi asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholanadi:

ko‘rsatilgan xizmatlar miqdori;

tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatdan oldin ko‘rsatilgan xizmatlar miqdori;

tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatdan kechiktirilib ko‘rsatilgan xizmatlar miqdori;

mas'ul xodim xatti-harakatlari bo‘yicha bildirilgan minnatdorchiliklar soni;

mas'ul xodim xatti-harakatlari ustidan kelib tushgan shikoyatlar soni;

mas'ul xodimning xushmuomalaligi va malakaliligi.

Mas'ul xodim tomonidan ko‘rsatilgan davlat xizmati sifatini umumiy baholash har bir ko‘rsatkich uchun to‘plangan ballar miqdorining yig‘indisi orqali hisoblanadi.

Ko‘rsatilgan xizmatlar miqdori ko‘rsatkichi bo‘yicha hisobot davri davomida har bir mas'ul xodim tomonidan ko‘rsatilgan davlat xizmatlari soni kiritiladi.

Bunda mas'ul xodim tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar sonining vakolatli organning aynan shu hududiy bo‘linmasida mas'ul xodim tomonidan eng maksimal ko‘rsatilgan xizmatlar soniga nisbati olinadi. Ko‘rsatkich ifodasini aniqlashda baholanayotgan mas'ul xodim rasman ish joyida bo‘lgan davr (xizmat safari, mehnat ta'tili va betoblik bo‘yicha ta'til kunlari chiqarib tashlanadi) inobatga olinadi. Baho quyidagicha qo‘yiladi:

86 foizdan 100 foizgacha – 15 ball;
76 foizdan 85 foizgacha – 12 ball;
61 foizdan 75 foizgacha – 8 ball;
51 foizdan 60 foizgacha – 5 ball;
50 foizdan kam – 0 ball.

Tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatdan oldin ko‘rsatilgan xizmatlar miqdori ko‘rsatkichi bo‘yicha mas'ul xodim tomonidan hisobot davri davomida qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan oldin ko‘rsatilgan xizmatlar sonining hisobot davrida ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy soniga nisbati olinadi. Bunda baho quyidagicha qo‘yiladi:

10 foizgacha – 5 ball;
11 foizdan 30 foizgacha – 10 ball;
31 foizdan 50 foizgacha – 15 ball;
50 foizdan yuqori – 20 ball.

Tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatdan kechiktirilib ko‘rsatilgan xizmatlar miqdori ko‘rsatkichi bo‘yicha mas'ul xodim tomonidan hisobot davri davomida qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan kechiktirilib ko‘rsatilgan xizmatlar sonining hisobot davrida ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy soniga nisbati olinadi. Bunda mas'ul xodimning samaradorlik va natijadorlik ko‘rsatkichlarining umumiy qiymatidan:

kechiktirilgan murojaatlar mavjud bo‘lmasa – 0 ball;
5 foizgacha – 5 ball;
6 foizdan 10 foizgacha – 10 ball;
11 foizdan 20 foizgacha – 15 ball;
20 foizdan yuqori – 20 ball ayriladi.

Mas'ul xodim xatti-harakatlari bo‘yicha bildirilgan minnatdorchiliklar soni ko‘rsatkichi bo‘yicha mas'ul xodim nomiga hisobot davri davomida bildirilgan minnatdorchiliklar sonining ushbu xodim tomonidan hisobot davrida ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy soniga nisbati olinadi. Bunda, mas'ul xodimning samaradorlik va natijadorlik ko‘rsatkichlarining umumiy qiymatiga:

minnatdorchiliklar mavjud bo‘lmasa – 0 ball;
10 foizgacha – 1 ball;
11 foizdan 20 foizgacha – 2 ball;
21 foizdan 30 foizgacha – 3 ball;
30 foizdan yuqori – 5 ball qo‘shiladi.

Mas'ul xodim xatti-harakatlari ustidan kelib tushgan shikoyatlar soni ko‘rsatkichi bo‘yicha mas'ul xodim nomiga hisobot davrida kelib tushgan va o‘z tasdig‘ini topgan shikoyatlar sonining ushbu xodim tomonidan hisobot davrida ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy soniga nisbati olinadi. Bunda, mas'ul xodimning samaradorlik va natijadorlik ko‘rsatkichlarining umumiy qiymatidan:

shikoyatlar mavjud bo‘lmasa – 0 ball;
5 foizgacha – 1 ball;
6 foizdan 10 foizgacha – 2 ball;
11 foizdan 20 foizgacha – 5 ball;
20 foizdan yuqori – 10 ball ayriladi.

Mas'ul xodimning xushmuomalaligi va malakaliligi ko‘rsatkichi bo‘yicha xizmatdan foydalangan murojaat etuvchilar tomonidan mas'ul xodimga 5 balli tizim bo‘yicha qo‘yilgan baholarning (baho qo‘ygan murojaat etuvchilar soni doirasida) o‘rta arifmetik ifodasi ikkiga ko‘paytirilgan holda aks ettiriladi. Bunda murojaat etuvchilarga mas'ul xodimni baholash uchun vakolatli organning xohishiga ko‘ra quyidagi usullardan biri taklif etiladi:

binoning chiqish qismida o‘rnatilgan qurilma (tablo, infokiosk va b.) orqali mas'ul xodim va bahoni tanlagan holda;

sms qayta aloqa orqali murojaat etuvchining telefon raqamiga mas'ul xodimni baholash taklif etilgan xabarnoma yuborgan holda;

murojaat etuvchiga havolani yuborgan holda vakolatli organning rasmiy veb-sayti orqali;

Yagona portalda ochilgan alohida oyna orqali.

Mazkur ko‘rsatkich Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi mas'ul xodimlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Hisobot davri davomida xodimga berilgan har bir faxriy yorliq uchun mas'ul xodimning samaradorlik va natijadorlik ko‘rsatkichlarining umumiy qiymatiga 5 ball qo‘shiladi.

Mas'ul xodimga berilgan umumiy ballar miqdori:

45 balldan yuqori bo‘lsa – a'lo;
35 balldan 45 ballgacha bo‘lsa – yaxshi;
20 balldan 35 ballgacha bo‘lsa – qoniqarli;
20 balldan past bo‘lsa – qoniqarsiz deb topiladi.

Baholash har chorakda:

tuman (shahar) tashkiloti tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmati bo‘yicha tuman tashkiloti rahbari tomonidan;

viloyat tashkiloti (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida) tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmati bo‘yicha viloyat tashkiloti rahbari tomonidan;

respublika tashkiloti tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmati bo‘yicha tashkilot rahbarining davlat xizmatlari ko‘rsatilishi uchun mas'ul o‘rinbosari tomonidan o‘tkaziladi.

Hududiy bo‘linma miqyosida baholashni o‘tkazish tartibi baholashni o‘tkazish uchun vakolatli organ tomonidan belgilanadi.

Baholash yakunlangach tuman va viloyat miqyosidagi natijalar respublika tashkilotiga yo‘llanadi. Baholash natijalariga ko‘ra eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan xodimlar haqidagi ma'lumot hisobot davridan keyingi oyning 25-sanasiga qadar vakolatli organning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.

Vakolatli organ baholash natijalariga ko‘ra ko‘rsatkichlari qoniqarsiz deb topilgan mas'ul xodimlarning malakasini va ish sifatini oshirish bo‘yicha tegishli tashkiliy choralar ko‘rishi zarur.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid