Jamiyat | 09:14 / 14.05.2019
64595
8 daqiqa o‘qiladi

«Kartoshka emasmiz»

Foto: KUN.UZ

Dengiz sayohatiga chiqqanmisiz? Doimiy to‘lqinlarga qarshi suzish natijasida bosh og‘rishi, ko‘ngil aynishi va kishi qayt qilishi mumkin. Bu «dengiz kasali» deyiladi. Avtobuslarga o‘tirganingizda ham, manzilga yetguncha ana shunday «kasallik» bilan og‘rib qolasiz. Xuddi asfalt yo‘lda, zamonaviy avtobusda emas, cheksiz ummonning to‘lqinlariga qarshi kemada harakatlanayotgandek bo‘lasiz. Bunga yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaydigan, mijozni ko‘rib qolsa, uchinchi qatordan qayrilib yuboradigan taksichi va odamlarni «kartoshka» deb o‘ylaydigan avtobus haydovchilari sabab bo‘lishadi.

«Har kuni 79 yoki 69-avtobusda o‘qishga boraman. Yo‘l 15-20 daqiqalik bo‘lsa ham, 40-50 daqiqa oldin bekatga borishga majburman. Chunki yo‘nalishdagi avtobuslar bir-biri bilan poyga o‘ynaydi. Bir-birini quvib o‘tib ketishadi va bu poygaga ulgurmagan odamlar keyingisini kamida 30-40 daqiqa kutadi»

Rahmonova Mashhura (yo‘lovchi)

«3 yildan beri 131 va 116-avtobusda Jahon tillari universitetiga qatnayman. Bu yo‘nalishdagi avtobuslar bir-biriga raqib. Ko‘p hollarda ikki avtobus bir vaqtda kelib, keyingilari juda ham kechikadi. Poygaga berilib bekatlarda to‘xtamay o‘tishadi. Eng yomoni yo‘lovchilarni naqd pul beradigan va oylik yo‘l chiptasidan foydalanadigan yo‘lovchilarni ajratishadi. «Ana, yana bitta ***  qo‘lida proyezdnoyi bilan chiqyapti» deganlarigacha eshitganman. Poyga oqibatida bir-birining yo‘liga chiqib ketishadi va birdaniga tormoz bosiladi. Butun avtobus ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketadi».

Valiyeva Ozoda (yo‘lovchi)

Ertalab o‘qish va ishga ketayotgan avtobus ichidagi odamlar tiqilinchda zo‘rg‘a nafas olishadi. Ana shu odamlar soliq ham, yo‘lkira ham to‘laydi. Bu muammolar shunchalik «qadrdon» bo‘lib ketganki, odamlar uning muammoligini ham unutib yuborishgan. Zamonaviy sitilar qurilyapti, ammo jamoat transportlari sitiga mosmi! Butun dunyoda elektron tizimdan foydalanilayotgan paytda biz hali ham avtobuslarga naqd pul to‘lab yuribmiz. Shuning uchun ham bir yo‘nalishda bo‘lgan avtobuslar yo‘lovchi talashib poyga o‘ynashyapti.

«Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi 482-sonli qaroriga asosan yo‘lovchi va tashuvchi o‘rtasida muayyan shartnoma tuziladi. Shartnomaning hujjati chipta hisoblanadi. Yo‘lovchilar oqimi va naqd pul tushumi mazkur vosita (chipta) orqali hisoblanadi».

Ravshan Yoqubjonov Toshshahartransxizmat AJ matbuot kotibi

Ko‘pincha ana shu chipta ikkiga bo‘lib beriladi. Bitta chipta ikki kishiga bo‘lib berilsa va bu holat butun kun davom etsa, ikki kishi bergan pulning yarmi haydovchi va chiptachi o‘rtasida «arra» bo‘ladimi ? Ko‘rib turganingizdek, tizim puxta emas. Rivojlangan davlatlardan biri - Janubiy Koreya misolida oladigan bo‘lsak, yo‘lovchi va tashuvchi o‘rtasida hech qanday «oldi-berdi» bo‘lmaydi. Hammasi maxsus elektron to‘lov tizimi yordamida amalga oshiriladi. Bu esa haydovchilarning qo‘shimcha mablag‘ ishlash niyatini yo‘q qilib, faqat yo‘lovchilar xavfsizligi haqida o‘ylashini ta'minlaydi.

199-avtobus Chirchiq shahridagi odamlarning ustidan mayna qilib harakatlanayotgani, joriy yilning 3 may kuni 147-avtobus ishtirokidagi mudhish voqea va ko‘plab boshqa noxush vaziyatlar odamlarning jamoat transportlariga ishonchini yo‘qotmoqda. Buni «Toshshahartransxizmat» AJning internetdagi sahifasiga kelib tushgan, jamoat transporti haqidagi har qanday maqolaga berilayotgan izohlardan anglash mumkin.

«Ko‘pchilik avtobus haydovchilari yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaydi. Piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan odamlarga yo‘l berish u yoqda tursin, ustiga qarab haydashadi. U polosadan bu polosaga o‘tib harakatlanishi yengil avtomobillarga xalaqit beradi».

Atamuratov Suxrob (haydovchi)

«Nega ayrim avtobuslar bekatlarda 10-15 daqiqalab to‘xtashyapti? Kim javob bera oladi? Nima, sizlar yo‘lovchilarni qiynab mazza qilasizlarmi!?»

Gulnoza Urmanova (internet foydalanuvchisi)

«2018 yil 25 iyulida davlat raqami 11|211NSA bo‘lgan 97-avtobus bekatlarda to‘xtamay o‘tib ketdi. Nega yo‘lovchi piyoda yurishi kerak? Nega xohlagan joyida to‘xtab, xohlagan joyida to‘xtamay o‘tib ketishadi!? Iltimos, nazoratga oling.

2018 yilning 7 sentyabrida davlat raqami 369ZFA bo‘lgan 90-avtobusda ketayotgan edim. Afg‘on urushi qatnashchisi va ikkinchi guruh nogironi ekanligimni tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatsam, bu avtobusda bunday hujjatlar o‘tmasligini aytib pul talab qilishdi».

Ra'no Pulatova

«Soat 19.00. 81-avtobus esa garajga ketdi. Uygacha qanday yetib olay!?»

Konstantin Potapov

«Toshshahartransxizmat»ning internetdagi sahifasi savollar-javoblar bo‘limiga 48ta e'tiroz kelib tushgan. Ularning 12tasi «ToshBus» ilovasi ishlamayotgani haqida, 25tasi avtobus haydovchilarining qonunga zid harakatlanishi va 11tasi bir-biri bilan poyga uyushtirishidan norozilik kayfiyatidagi izohlar. Ular orasida birorta ham ijobiy izoh yo‘q va barcha izohlar javobsiz qoldirilgan.

«Nega TashBus ilovasi ishlamayapti? Hamma onlayn do‘konlardan o‘chirib tashlanibdi».

G‘ayrat Rahimov (internet foydalanuvchisi)

«TashBus mobil ilovasi ishlamayotgani rost. Ammo MyBus ilovasi ishlab turibdi. Ba'zan ilova ishlamay qolayotgan bo‘lsa, internet tarmog‘idagi texnik uzilishlar sabab bo‘lishi mumkin».

Mas'ullarning gaplaridan ko‘rinib turibdiki, bir ilova anchadan beri ishlayapti, ikkinchi ilovani ishlatishda aholi qiyinchiliklarga uchrayapti va bu muammolardan ularning xabari bo‘lgan. Yo‘lovchilarga ilovadan foydalanish qulay. Demak, mavjud kamchiliklar tezroq tuzatilishi kerak edi.

«Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati ma'lumot berishicha, jamoat transporti uchun bekatlarda to‘xtab turish va qo‘zg‘alish aniq vaqti belgilanmagan. Lekin bu xohlagan bekatda 10-15 daqiqalab turib, xohlaganda to‘xtamasdan o‘tib ketish uchun sabab emas. Jamoat transportining doimiy foydalanuvchilariga «Tushadigan bormi!» iborasi tanish. Aslida, tushadigan bo‘lish-bo‘lmasligiga qarab bekatlarda to‘xtash yoki to‘xtamaslik hal qilinmasligi kerak. «Avtobuslar yo‘lovchi oqimidan kelib chiqib harakatlanishi, bekatda yo‘lovchi tushib, chiqib bo‘lgach, eshiklar to‘liq yopilgandan so‘ngina bekatdan qo‘zg‘alishi lozim», dedi TShTX aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi. Ammo real hayotda ahvol umuman teskarisi. Ko‘p hollardagidek, qoidalar o‘zi bilan, real hayot o‘zi bilan ovoraligicha qolmoqda.

TShTX boshqarma boshlig‘i Moxirxo‘ja Valiyev 2018 yilning sentyabrida «Gazeta.uz»ga bergan ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yilning 1 iyunigacha barcha avtobuslarda ikki-uchtadan video-kuzatuv kameralari o‘rnatilishi,  yil yakunigacha esa to‘liq elektron to‘lov tizimi joriy etiladi. Aholi bu ma'lumotga ishonqiramayotgani izohlardan ko‘rinib turibdi. Nima bo‘lganda ham, yaxshi yangiliklarga umid qilamiz. Transport ham sitilarga mos bo‘lsin! 

Mavzuga oid