Light | 19:30 / 15.05.2019
45574
6 daqiqa o‘qiladi

9 ta muhim va zarur odat: siz ularni farzandlaringizga o‘rgatyapsizmi?

Ayrim holatda ko‘pchiligimiz bolaning faqat individual rivojlanishi bilan o‘ralashib qoldik. Yo‘rgakdanoq undan vunderkindni shakllantirishga harakat qilmasak ham daromadli kasbning muvaffaqiyatli egasini tarbiyalashga intilamiz.

Rivojlantirish mumkin bo‘lgan barcha narsalarni rivojlantiramiz. Biroq insoniy jihatlar, xulq-atvorning oddiy qoidalari esa biroz chetga chiqib qolgandek go‘yo. Muhimi – g‘alaba sari olg‘a, o‘zgalardan yomonroq bo‘lmaslik, ulgurish va yengish.

Hatto o‘zimiz ham g‘amxo‘rlik va obro‘, ezgulik va hashamat o‘rtasida to‘g‘ri tanlovni amalga oshira olmaymiz. Har kim o‘zi uchun o‘zi javob beradigan, ko‘pchilik o‘zganing fikrini hurmat qilmaydigan, hayot tarzini muhokama qiladigan, faqat shaxsiy muvaffaqiyat muhim bo‘lgan jamiyat – inqirozlarning abadiy o‘zgarishiga mahkum. U rivojlanishga qodir emas.

Shuning uchun ham o‘z shaxsiyatingiz, chegaralaringiz, qobiliyatingiz va imkoniyatlaringizni himoya qilish - to‘g‘ri va ijobiy holat. Biroq o‘zgalarning aynan shu huquqlarini tan olishingiz juda muhim.

Foto: Pixabay

Ezgulik, o‘zgalarga yordam qo‘lini uzatish, g‘amxo‘rlik. Internet, mobil aloqa va istalgan axborotni olish imkoniyatiga ega bolalar ota-onasi va o‘qituvchilari ularga hayotning faqat qora tomonlarini ko‘rsatishlariga ehtiyoj sezishmaydi. Ular buni televizion yangiliklar, Youtube’dagi roliklar orqali bilib olishadi. Aniq misollar va shaxsiy tamoyillar asosida ko‘rsatish lozim, aks holda ish bermaydi. Ha, (yumshoq qilib aytganda) dunyo mukammal emas, biroq bu odamlar faqat bir-biriga zarar yetkazishnigina biladi degani emas. Tsivilizatsiyaning bugungi kunga qadar barhayotligining sababi - bizning ezgulik va yordamga ishonchimiz.

Minnatdor bo‘lish va «Rahmat» aytish ko‘nikmasi.  Muloyim va madaniyatli bo‘lish – juda muhim. Bu nafaqat yaxshi xulq belgisi, balki o‘zingizda mavjud bo‘lganini qadrlash va hayotni hurmat qilish hamdir.

Yoqimli suhbatdosh bo‘lish, muloqot qilish ko‘nikmasi. O‘zgalar gapini bo‘lmasdan tinglash, chuqur ma'noli va tanqidli fikrlarni ichda saqlay bilish – do‘stga ega bo‘lishni istaydigan kishi uchun muhim xususiyatlardan biri. Albatta, hayotda suhbat qurish istagini uyg‘otuvchi kishilar har doim ham mavjud bo‘lavermaydi. Jig‘ingizga tegadigan qo‘shni, ezma qarindosh ham uchrab turadi, biroq qo‘pollik ko‘pincha mojaro va ziddiyatlarni keltirib chiqaradi.

Foto: Pixabay

Tashqi ko‘rinishning tartibliligi. So‘nggi urfda kiyinish mumkin, biroq yuvilmagan sochlar tashqi ko‘rinishga ko‘rk bermasligi va kishida ishonchni uyg‘otmasligi aniq.

Parazit so‘zlar va salbiy iboralarsiz toza nutq. Barcha grammatik xatolar uchun urishish shart emas, biroq nutq madaniyati – inson uchun muayyan daraja va imkoniyat demak. Bolalarga fikrini aniq bayon etish, o‘z nuqtai nazarini suhbatdoshiga yetkaza bilish, boy lug‘at zaxirasiga ega bo‘lishda yordam bering. Ana o‘shanda ularni kelajakda ko‘plab muammo va noqulay vaziyatlardan xalos etasiz.

Bag‘rikenglik (tolerantlik) – ota-onalar o‘z farzandlariga berishi lozim bo‘lgan eng muhim qadriyatlardan. Butun dunyo uchun bu hali ham og‘riqli nuqta. Biroq jigarbandlarimiz zo‘ravonlik zulmni uyg‘otishi, sabr va o‘zganing nuqtai nazarini qabul qilish – o‘zaro ishonch va totuv hayot kechirishning yagona kaliti ekanini bilishi lozim.

Dunyoga ilmiy nigoh. Biz va sayyoramiz muayyan qonunlar bo‘yicha yashaymiz. Ilm-fan tufayli zamonaviy sivilizatsiya yutuqlariga erishilgan. Ko‘pchilik uchun ilmiy qonuniyatlarni tushunish oson emas, biroq barini yuqori kuchlar tomonidan amalga oshirilgan deb tushunish ham ahmoqona holat. Aynan ilm-fan bolalarga hayot asosini anglash va firibgarlar qo‘liga tushib qolmaslik imkonini beradi.

Foto: Pixabay

Tabiatga g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lish. Bu masalada chiroyli va balandparvoz gaplar bilan chegaralanishning o‘zi yetarli emas. Yo‘lakning iflosligi, gullarning payhon qilingani, chiqindining idishga solinmasligi ustidan shikoyat qilamiz. Biroq o‘z-o‘zimizni nazorat qilib, bunga farzandlarni ham o‘rgatishni hech kim man etmaydi. Hayotda faqat iste'molchi emas, foydali bo‘lishga ham harakat qilish lozim.

Orzu qilish, xayolot olamiga sho‘ng‘ish, tasavvur olamini boyitish, yangi narsalarga intilish, o‘z oldiga maqsadlar qo‘yish. Bu odatiy narsalardan tashqariga chiqish, dunyoqarashni kengaytirish, dunyoni turli burchakdan ko‘rish imkonini beradi.

Mavzuga oid