O‘zbekiston | 16:00 / 15.05.2019
27453
5 daqiqa o‘qiladi

Komil Allamjonov: «Barcha saytlarni yopishni taklif qilganlar ham bo‘ldi»

Bugun, 15 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi katta zalida sud organlari bilan respublika jurnalistlari o‘rtasida izchil hamkorlikni o‘rnatish, ularning sud majlislaridagi ishtirokini ta'minlash, ochiq sud materiallarini yoritishda OAVdan foydalanishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov ham ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

«Islohotlar olib borilayotgan vaqtda jamiyatni demokratlashtirish, bunda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish, davlat organlarining ochiqligini ta'minlash masalasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Sud-huquq tizimining erkinligi masalasida ommaviy axborot vositalari bo‘yicha oldinda ko‘plab ishlar turibdi. Bu bo‘yicha Oliy sud, Adliya vazirligi va agentlikka ko‘plab vazifalar yuklatilgan. Sud majlislarida transparentlikni va shaffoflikni ta'minlash masalasi qo‘yilgan. Shuningdek, ochiq sud majlislarida ommaviy axborot vositalarining qatnashishi aytilgan-ku, lekin ochig‘ini aytish kerak, sudya qaroriga bog‘liq bo‘lgani sababli bu masala sudlarning shaffofligini ta'minlashga xalaqit beradi. Amaldagi qonunchilikda qaysi hollarda ommaviy axborot vositalari xabardor qilinishi kerakligiga oydinlik kiritilmagan. Sud jarayonida qatnashayotgan jurnalist va blogerlar ham yetarli bilim va malakaga ega emas. Aslida, bo‘lishi kerak. Hammasi «sizdan ugina, bizdan bugina» bo‘lishi kerak. Sud qanchalik ochiq va shaffof bo‘lsa, jurnalistlar shunga yarasha o‘z ustida ishlashlari zarur.

Bugungi uchrashuvda sud majlislarida jurnalistlarning qatnashishi bo‘yicha reglamentni muhokama qilish zarur. Reglament shunday bo‘lishi kerakki, jurnalistlarning yo‘li to‘silmasin. Tanganing ikkinchi tarafi bo‘lganidek, jurnalistlar ham kasb etikasiga rioya etishi kerak.

Bizda jurnalistlar huquqlari bo‘yicha ko‘plab qonunlar yetarlicha shakllangan, ammo ularning ijrosi masalasida kamchiliklar mavjud. Investorlar bilan gaplashganimizda, «Sizlarda qonunchilik yaxshi shakllangan, faqat uning ijrosi qanday bo‘ladi? Ertaga bizning huquqiy himoyamiz qanday bo‘ladi? Buning uchun sud-huquq tizimi rivojlangan bo‘lishi kerak», deyishadi», deya ta'kidlagan agentlik rahbari.

Tadbirda ishtirok etgan jurnalistlar bilan savol-javob bo‘lib o‘tdi. «Adolat ko‘zgusi» gazetasi muxbiri hozirgi kunda qonunchilikda ba'zi masalalarga ko‘proq urg‘u berilishi kerakligini taklif qildi. U hozirgi kunda qonunchilikda «bloger» atamasi mavjud emasligi, shu sababli bu bo‘yicha ishlar olib borilishi lozimligini aytib o‘tdi. U sudlarda qatnashayotgan jurnalistlardan tahririyat bilan tuzilgan shartnoma va uning guvohnomasini ko‘rsatish talab etilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, boshqa bir jurnalist tomonidan hozirgi kunda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yilayotganligi sababli javobgarlik yanada qat'iylashtirilishi lozimligi alohida ta'kidlandi.

Agentlik rahbari esa bu taklifga o‘z munosabatini bildirdi.

«Jurnalistlarga uzoq vaqt davomida erkinlik berilmaganda edi, hozir jazo bersak bo‘lar edi. Hozir saytlarimiz, gazetalarimiz tanqid qilishgani, boshqacharoq aytganda «chaqib, chaqib olishlari» ortidan ijobiy ishlar ko‘zga tashlanyapti. Hozir hamma internet saytlarni o‘qimoqda. Orangizda gazeta ko‘tarib kelgan odam yo‘q.

Biz endi matbuotga yo‘l ochyapmiz. Shu paytda ularni jazolash masalasiga kelsak, kechirasiz-u qonunda hammasi yozib qo‘yilgan. Noto‘g‘ri ma'lumot uchun javobgarlik belgilangan. Ba'zida menga barcha saytlarni yopish taklif qilingan holatlar ham bo‘ldi. Agar biz jurnalistni bo‘g‘sak, blogerni bo‘g‘sak, hamma jim bo‘lib qolsa nima bo‘ladi? Siyosiy mazmunlarni keltirib chiqarishni xohlovchilar bizga rahmat deydi.

Blogerlar masalasiga kelsak, hozir hammada telefon bor. 20 million nafar bloger bor deb hisoblayvering. Lekin qonun bor. Agar kimningdir qonuniy manfaatiga zid keladigan noto‘g‘ri ma'lumot tarqatsa, javobgarlik bor-ku?

Jurnalistlar erkin ishlashi kerak. Uning ijod erkinligi mavjud. Uni yoz, buni yoz deyishga hech kimning haqqi yo‘q. Buni o‘zining tahririyat siyosatiga qarab belgilayveradi. Yana bir bor aytaman: erkin so‘z, bemalol gapiring, tanqid qiling, qo‘rqmang, lekin har bir gapingizga mas'uliyatni his qiling. Butun jahonda shunday», deya Komil Allamjonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid