Jahon | 15:06 / 22.05.2019
3082
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyada ijtimoiy tarmoqlarlarga ayrim cheklovlar o‘rnatildi 

Foto: AFP 2019 / BAY ISMOYO

Indoneziya hukumati Jakartada saylovlar natijalari e'lon qilinganidan so‘ng boshlangan namoyishlar ortidan ijtimoiy tarmoq va messenjerlar orqali fotosurat va videoroliklar yuklashni cheklab qo‘ydi. Bu haqda Jakarta Post gazetasi xabar bermoqda.

"Yolg‘on xabarlar va ig‘vogarliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun ijtimoiy tarmoqlarning ayrim funksiyalaridan foydalanishga vaqtincha cheklov o‘rnatdik", - dedi Indoneziya siyosat, huquq va xavfsizlik masalalari bo‘yicha vaziri Viranto.

Kommunikatsiya va axborot texnologiyalari vaziri Rudiantarning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda viderolik va fotosuratlar yuklashga tegishli. Vazir bu vaqtinchalik cheklov ekanligini ta'kidladi.

Indoneziya markaziy saylov komissiyasi dushanba kuni 21 aprelda bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalarini ma'lum qildi. Amaldagi prezident Joko Vidodo 55,5% ovoz bilan g‘olib chiqdi. Uning raqibi Prabovo Subianto esa 44,5% ovoz oldi.

Seshanba kuni Subiantoning tarafdorlari namoyishga chiqishdi, chorshanba kuni ham namoyishlar davom etdi. Poytaxt gubernatori Anisa Basvedanatning aytishicha, Jakartada namoyishlar vaqtidagi to‘qnashuvlarda olti kishi halok bo‘lgan va 200 kishi yaralangan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid