Jahon | 03:44 / 25.05.2019
15780
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuela muxolifati mamlakatning AQShdagi elchixonasi binosini egalladi

Foto: Twitter/RicardoLoDice

Venesuela muxolifati mamlakatning Vashington shahrida joylashgan diplomatik missiyasini o‘z nazoratlariga olishgan. Bu haqda 24 may, juma kuni Venesuela muxolifatining AQShdagi vakili Karlos Vekkio o‘z Tvitterida ma'lum qilgan.

Aprel oyining o‘rtalaridan boshlab AQShdagi elchixona binosini prezident Maduro tarafdorlari nazorat qilib kelishayotgan edi.

«Bizning elchixonamiz ozod bo‘ldi. Diktaturaning kuni bitdi», — deb yozgan u.

E'lon qilingan fotosurat va videolavhalarga ko‘ra, Vekkio o‘z tarafdorlari bilan elchixona derazasidan «Ozod Venesuelaga shon-sharaflar» yozuvi tushirilgan banner va mamlakat bayrog‘ini osayotgani tasvirlangan.

Vekkioga ko‘ra, muxolifat vakillari Code Pink amerika aksilharbiy harakati faollari elchixonani nazorat qilishi mobaynida unga yetkazilgan zararlarni baholashni boshlab yuborishgan.

«Ayni paytda Venesuelaning AQShdagi diplomatik missiyasiga daxldor bo‘lgan oltita ko‘chmas mulkning barchasi qaytarilgan va himoya ostiga olingan», — deyishmoqda muxolifatchilar.

Vashingtonda Global Exchange xuquqni himoya qilish tashkiloti va Code Pink amerika aksilharbiy harakati faollari Nikolas Maduro tomonida turib harakat qilib kelishayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 23 yanvarida mamlakat poytaxti Karakas shahrida bo‘lib o‘tgan miting chog‘ida Venesuelaning prezident Maduroga muxolif parlamenti yetakchisi Xuan Guaydo o‘zining muvaqqat prezident deb e'lon qilgan edi.

Ayni paytgacha AQSh, Kanada, shuningdek, Yevropa va Lotin Amerikasining bir qator davlatlari Guaydoni mamlakatning legitim prezidenti sifatida tan olishgan. Rossiya, Turkiya va Xitoy hanuzgacha Maduroni qo‘llab kelishmoqda.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid