Sport | 15:40 / 30.05.2019
20789
7 daqiqa o‘qiladi

Sorri, Sarri!

«Chelsi»ning kechagi g‘alabasi qaysidir ma'noda 2016 yilgi Angliya Kubogi finalida «Manchester Yunayted»ning «Kristal Pelas»ni yutganini eslab yubordi. Gap murabbiylarda. O‘sha kuni faoliyatidagi so‘nggi sovrinini yutgan Lui van Gaal bilan kecha ilk marta biror turnirda g‘alaba qozongan Maurisio Sarri o‘rtasida bir o‘xshashlik bor. Ikkalasi ham ajoyib emotsiyalar, gollar, finaldagi g‘alabalardan keyin iste'foga chiqarilmoqda. Sarri holatida hali rasman e'lon qilinmadi, lekin bu haqiqatga yaqinroq. Va mantiqliroq ham.

Sababi, Maurisio Sarri ham xuddi niderlandiyalik hamkasbi kabi o‘z uslubiga, jamoada qurmoqchi bo‘lgan falsafasiga zid yo‘ldan borgan holda sovrin yutishdi. Ya'ni, kechagi g‘alaba Sarrining Londonda qurmoqchi bo‘lgan yangi jamoasi uchun poydevor bo‘lishini, nihoyat «Chelsi» o‘z yo‘lini topganini ko‘rsatmaydi. Ha, balki, mavsum davomida «Chelsi» o‘z yo‘lini topgandir, ammo shubhasiz, bu Sarrining yo‘li emas.

«Napoli»dan tashrif buyurgan murabbiy ilk oylardanoq «Chelsi» falsafasini o‘zgartirishga kirishdi. Jamoaning faol pressing va yuqori himoyada o‘ynay boshlashi «Stemford»da avval muvaffaqiyatli ishlagan Joze Mourino, Antonio Konte va hatto Karlo Anchelotti g‘oyalaridan keskin farq qilardi. Sarri bilan Neapoldan tashrif buyurgan Jorjino jamoa yuragiga aylandi, «Chelsi» esa, juda samarali natijalar qayd etib, «Manchester Siti» va «Liverpul» bilan ma'lum muddat raqobatlashdi ham.

Keyinchalik, natijalar yomonlasha boshlagach, Sarrining qaysarligi muhokama qilina boshlandi hamki, murabbiy bilganidan qolmadi – «men o‘z uslubimdan hech qachon voz kechmayman». Bu turish Pep Gvardiolaning dastlabki yildagi javobini eslatib yuborgandir, axir aynan Gvardiola tanqid-u shubhalarga qaramasdan, o‘z falsafasiga sodiq qolgan va keyingi yilda hech kim teng kela olmaydigan mashinani yaratdi-ku...

Ammo «Chelsi» «Manchester Siti» emas, Abramovichning, umuman londonlik futbolchilarning murabbiylarga munosabatini, iste'fo tajribasini juda yaxshi bilamiz. Sarri baribir jadvalning yuqori qismida yursa-da, uning ketishi haqidagi gaplar ko‘payib bordi. Ayniqsa, fevral oyida Manchester klublaridan umumiy – 0:8 hisobidagi mag‘lubiyat, Bornmutdagi sharmandalik, Kepa voqeasi, hammasi Sarrining iste'fosidan darak bera boshladi.

Lui van Gaal hatto o‘sha final kechasidayam uni ketkazishlarini bilmagan, ertasiga iste'foga chiqarilishini shok o‘laroq qabul qilgandi. Menimcha, Sarri ancha avvalroq ketishi haqida bilgan, balki shuning uchun qaysarlikni to‘xtatib, o‘z falsafasi bilan emas, natija keltirishi mumkin bo‘lgan taktikalarga ko‘proq murojaat qila boshlagan. U endi e'tiborini o‘z jamoasini qurishda davom etish, masalan, kelasi mavsumlar uchun ham poydevor qurish, nimanidir tayyorlashga emas, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish, Yevropa Ligasida yutish kabi qisqa masofali strategiyalarga qarata boshladi.

Taqqoslash uchun, «Chelsi»ning xuddi shu «Arsenal» bilan avgust oyidagi va kechagi o‘yinidagi ba'zi ko‘rsatkichlarga qarash kifoya. Mavsum boshida «Chelsi» futbolchilari butun o‘yin davomida 700dan ortiq uzatmani amalga oshirgan bo‘lsa, kecha bu ko‘rsatkich 400tagayam yetib bormadi. Jamoa faqat yuqori pressingga murojaat qildi, gol urgandan keyin esa, asosan vaziyat poylash bilan shug‘ullandi. Ya'ni, ko‘proq Kontening jamoasiga o‘xshab ketdi hammasi. Tarkibni aniqlagan, rejani tuzgan Sarri bo‘lgani bilan, o‘yinda Sarridan asar ham yo‘q edi. U faqat ma'lum futbolchilarni aniq uchrashuvga tayyorladi, xolos. Ortiq emas. Umuman, «Chelsi»ning fevralgacha va undan keyingi ko‘rsatkichlariga qarasangiz, har tomonlama farqli jamoalar maydonga tushganini ko‘rish mumkin. To‘p nazorati, pressing, hujum va himoyalanishdagi muhim urg‘ularda yaqqol farqni ko‘rasiz.

Buni biz yana uchrashuv qahramoni Olive Jiru bo‘lganidan ham bilishimiz mumkin. Sarri hech qachon unga asosiy tarkib o‘yinchisi sifatida qaramagan, Jiruning o‘yin uslubi jamoa falsafasiga mos emasligini ko‘p bor tilga olgan, u yarim himoyachilar bilan bog‘lamlarda juda passiv ishtirok etishini tanqid qilgan. Qarsaklar Azarga qaratilgani bilan, fransiyalik hujumchi kechagi o‘yinda asosiy ishni bajardi: juda qiyin vaziyatda boshi bilan zarba berib, hisobni ochdi, penalti ishladi, Azarning so‘nggi golida mukammal harakat qilib, o‘z hisobiga assist yozib qo‘ydi.

«Chelsi» ajoyib jamoa. Tushunib bo‘lmaydi, to‘g‘risi. Juda ko‘p oddiy qonuniyatlar bu yerda ishlamaydi. Bu yerda kuchli jamoaning tashkil bo‘lish jarayoni ham, sovrinli mavsumlardagi tendensiyalar ham teskari.

Masalan, yevrokuboklardagi muvaffaqiyatli mavsumlarni olaylik. 2008 yilda jamoani YeChL finaliga o‘sha mavsum davomida jamoani qabul qilib olgan Abraam Grant olib chiqqandi. O‘sha Evrebe final ostonasida to‘siq qo‘ygan «Chelsi» boshqaruvi esa, vaqtincha vazifani bajaruvchi Guus Hiddink bo‘lgan. 2012 yildagi ajoyib g‘alaba «bunyodkor»i Di Matteo ham uch oygina oldin murabbiy etib tayinlangandi. O‘tgan safar Yevropa Ligasida g‘alaba qozonilganda ham mavsum davomida murabbiy almashgan – Rafa Benites Di Matteoning o‘rniga kelgandi.

Bu safar esa, yanada boshqacha, g‘oyaviy tarafdan iste'fodagi murabbiy bilan Yevropa Ligasi yutildi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid