Jahon | 08:42 / 03.06.2019
20618
2 daqiqa o‘qiladi

Medvedev: O‘zbekiston YeOIIda yuz berayotgan jarayonlarni hozircha kuzatmoqda

Foto: government.ru

O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) doirasida yuz berayotgan jarayonlarni hozircha kuzatmoqda, bu birlashmaning eshiklari ochiq, biroq unda ishtirok etish - har bir davlatning ichki ishi. Bu haqda Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev ma'lum qildi.

«Bu ularning pozitsiyasiga bog‘liq. Biz har doim hech kimni majburlamaslik tamoyilidan kelib chiqqanmiz», - dedi Medvedev VGTRK’ga bergan intervyusida O‘zbekistonning YeOIIga ehtimoliy qo‘shilishi haqida gapirarkan.

Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, «Yevrosiyo ittifoqining eshiklari bizning hamkorlarimiz uchun ochiq». Ushbu birlashmaga a'zo bo‘lish muayyan afzalliklar beradi, deya eslatgan u. Bunday holatda aynan uyushma ishtirokchilariga mavjud bo‘lgan ma'lum bir imtiyoz va preferensiyalar mamlakat uchun amal qila boshlaydi.

«Ammo, albatta, bu har bir davlatning ichki ishi, O‘zbekistonlik do‘stlarimiz yuz berayotgan jarayonlarni hozircha kuzatmoqda», - deya xabar qilgan Medvedev.

Bundan oldin, Dmitriy Medvedev Rossiya O‘zbekiston fuqarolari uchun vizalar joriy qilmasligini aytgandi.

Mavzuga oid