O‘zbekistonda bola mehnatidan foydalanishga chek qo‘yilganmi?
12 iyun ─ Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni sifatida keng nishonlandi. 20 noyabr ─ Butunjahon bola kuni, 1 iyun ─ Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni kabi sanalar qatorida bu kun ham alohida nishonlanadi, demakki, bola va uning kamol topishi o‘zida salmoqli masalalarni jamlaydi.
Bola mehnati O‘zbekistonga begona tushuncha emas. Ayrim muddat dalalarda paxta terimi mavzusini bola mehnatisiz ayro tasavvur qilinmadi. Yaqin yillargacha har gal yangi o‘quv yili boshlanishi bilan bir xil «spektakl» takrorlanardi: maktab o‘quvchilari «majburiy-ixtiyoriy» tarzda paxta kampaniyasiga jalb etilar, ba'zi kollej va litseylarda esa terim munosabati bilan hatto qulf solinardi.
Shu bilan noyabr oxiri, dekabr avvaliga qadar ─ toki dalada bir siqim paxta qolguncha o‘quvchilarning ta'lim olishi o‘lda-jo‘lda ahvolda qolar, sifat ko‘rsatkichlari ham shunga yarasha bo‘lardi. Paxta dalalarida terimchi o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoit esa alohida masala...
Sobiq sovet davridan meros bo‘lib qolgan bu an'ana o‘ta odatiy holga aylanib qolgan, «oq oltin» ning o‘z vaqtida terib olinishi o‘quvchilar ta'limidan ustun turadigan masalaga aylangan edi.
Butun dunyo hamjamiyatida jiddiy tanqid nishoni bo‘lgan bola mehnatidan foydalanish holatiga chek qo‘yish bo‘yicha harakatlar O‘zbekistonda 2008 yildan boshlab qisman, 2013 yilda esa tizimli tarzda amalga oshirila boshlandi. Bunga asosiy sabab esa xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston hukumatiga bolalar mehnatidan foydalanmaslik bo‘yicha talab qo‘yishi va terimda bola mehnatidan foydalanilgani bois O‘zbekiston paxtasiga boykot e'lon qilinishi bo‘ldi.
«Bolalar mehnatiga qarshi kurash harakatining ilk oqimi 2008 yilda boshlangan edi. Shu yili Xalqaro mehnat tashkilotining bolalar mehnatiga oid ikkita konvensiyasini O‘zbekiston ratifikatsiya qildi. O‘sha paytda ilk bor mustaqil monitoring qilish uchun Xalqaro mehnat tashkilotini O‘zbekistonga kiritishga ruxsat berilgan edi. Hukumat organlari birlashib bolalar mehnatidan qutulish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazilgan» , ─ deyiladi Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboyevaning xorijiy nashrlardan biriga bergan intervyusida.
Tanzila Norboyevaga ko‘ra, bolalarning mehnatga jalb etilishiga asosiy sabab xalqning bu boradagi salohiyati pastligi bo‘lgan.
«Oilada bola ko‘p-ku, teraversin paxtani, onasiga qarashyapti-da, degan tushuncha bor edi xalqda. Lekin bu og‘ir mehnat turlariga kiritilgani to‘g‘risida ota-onalar hatto bilishmas edi. Bu oilada bolani urib ishlatish emas, bilmaslik tufayli ham bo‘lishi mumkin. Lekin tan olish kerak, maktab va kollejlarda o‘quvchilarni olib ketish holatlari bor edi. Fermerlar bemalol ta'lim muassasalari rahbarlariga murojaat qilib, kelishib olib bolani terimga chiqartirardi. 2013 yildan boshlab Bosh vazir ko‘rsatmasiga asosan bunga chek qo‘yildi» , ─ deya qo‘shimcha qilgan Norboyeva.
2013 yilga kelib esa amalda bola mehnatidan foydalanishga chek qo‘yilishiga erishildi. 18 yoshga to‘lmaganlarni paxta terimiga majburiy jalb qilish to‘xtatildi, faqatgina joylarda hasharlar tashkil etildi. Shu yilning o‘zidayoq Xalqaro mehnat tashkiloti bolalar mehnati tizimli ravishda O‘zbekistonda yo‘q, lekin hali xavf-xatarlar mavjud, degan xulosani berdi. 2014 yildan boshlab hozirgi kunga qadar O‘zbekistonda bolalar mehnati qayd etilmaydi, degan xulosalar olingan.
2017 yil 29 may kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlis Senati yalpi majlisida so‘zlagan nutqida mamlakat imijiga soya solib turgan bolalar mehnati mavzusiga to‘xtalgan edi.
«O‘zbekiston bilan Xalqaro mehnat tashkiloti, shuningdek, AQSh va boshqa qator Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan munosabatlar kun tartibidan «bolalar mehnati» deb ataladigan masala olib tashlandi» , ─ degan edi vazir.
2017 yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlagan Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ta'sirchan chorlar ko‘rilganini e'tirof etgan edi.
Mazkur nutqdan keyin paxta terimidagi bolalar mehnati hukumat nazoratida bo‘ldi. Ta'lim muassasalarida davomatlar qat'iy nazoratga olindi. Shunga qaramay, yuqori sinf o‘quvchilari pul ishlash maqsadida paxtaga borishi holatlari kuzatildi.
O‘qituvchilarning ta'kidlashicha, «qishloqlarda daromadi past oilalarning o‘smir o‘g‘il va qizlari terimga chiqishadi, chunki pul masalasida qiynalib qolishgan. Paxta terib ancha pul yig‘ib olsa bo‘ladi, Qishki kiyimlarga pul ishlashadi, lekin o‘qish qolib ketadi» .
2019 yilning 1 aprel kuni Bryussel shahrida e'lon qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining hisobotida Jahon banki tomonidan O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan tizimli foydalanishga barham berilgani e'tirof etildi.
Xalqaro va milliy qonunchilikda bola mehnatiga jalb etish taqiqlanishi va javobgarlikka sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Xalqaro Mehnat tashkilotning «Majburiy mehnat to‘g‘risida» gi 29-son, «Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida» gi 105-son, «Eng kichik yosh to‘g‘risida» gi 138-son, «Bolalar mehnatining eng yomon shakllari to‘g‘risida» gi 182-sonli konvensiyalarini O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan.
Ushbu hujjatlarda belgilangan normalarga ko‘ra, milliy qonunchilikda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan mazkur toifa xodimlarining sog‘ligiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish, shuningdek, mehnatga ma'muriy tarzda majburlash taqiqlangan.
Shuningdek, Adliya vazirligining 2009 yildagi 1990-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan «O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanilishi taqiqlangan noqulay mehnat sharoitlari ishlari» ro‘yxatida paxtani qo‘lda terishda hamda qo‘lda sug‘orishda band bo‘lgan ishlarda 18 yoshdan kichik shaxslarning mehnatidan foydalanish taqiqlangan.
«Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks» ning 51-moddasida majburiy mehnatga jalb qilish, xususan, bola mehnatidan foydalanish javobgarlikka sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan. Ya'ni:
«Qonunda nazarda tutilgan holatlarni istisno etganda, mehnatga biron-bir shaklda ma'muriy tarzda majburlash eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinadi» .
Shunga qaramay, bola mehnati mavzusi to‘la yopilgani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda shu kunlarda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi maktablardan birida o‘quvchilarning jazirama issiqda majburiy mehnatga jalb qilinganligi haqida video tarqalgan edi. Mehnat vazirligi bu bo‘yicha ish olib borishi natijasida maktab o‘quvchilarini obodonlashtirish ishlariga jalb qilganligi uchun G‘uzor tumanidagi 75-sonli maktab direktori ma'muriy javobgarlikka tortildi.
Garchi O‘zbekiston hukumati tizimli ravishda bola mehnatidan foydalanish masalasiga qarshi qat'iy iroda ko‘rsata olgan bo‘lsa-da, ayrim tuman va qishloqlarda mahalliy rahbarlarning tajriba va savodsizligi tufayli bolalar mehnatga majburlanishi uchrab qolyapti.
Saodat Abdurahmonova
Mavzuga oid
16:12 / 22.11.2024
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
13:10 / 17.11.2024
O‘zbekiston parlamenti a’zolari Bokuda o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyada ishtirok etdi
22:55 / 16.11.2024