O‘zbekiston | 08:21 / 08.04.2019
17144
5 daqiqa o‘qiladi

TIV Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston paxtasi bo‘yicha hisobotiga izoh berdi

Foto: KUN.UZ

2019 yilning 1 aprel kuni Bryussel shahrida e'lon qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) hisobotida Jahon banki tomonidan O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan tizimli foydalanishga barham berilgani e'tirof etiladi, deb xabar bermoqda TIV.

Shu asnoda dunyoning eng nufuzli va uzoq tarixga ega xalqaro tashkilotlaridan biri O‘zbekistonda mazkur sohada ishchilar huquqlarining holati har jihatdan sezilarli yaxshilanganini tasdiqladi. Bu esa respublika rahbariyatining mazkur yo‘nalishdagi sa'y-harakatlari samaradorligi, o‘zining barcha xalqaro majburiyatlari va «Davlat xalq manfaatlariga xizmat qilishi kerak» degan tamoyilga asoslanuvchi milliy dasturlarini bajarish ishiga qat'iy sodiqligining tan olinishidir, deyiladi xabarda.

XMTning fikri intervyu asosida shakllantirilgan. Keng ko‘lamli monitoring mamlakatda paxta terimi chog‘ida asosiy mehnat huquqlarini himoya qilish sohasida sezilarli islohotlar o‘tkazilayotganidan guvohlik beradi. Hisobotda keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra 2018 yilda yig‘im-terim kompaniyasi ishtirokchilarining 93%dan ortig‘i hech qanday shaklda majburiy mehnatga jalb qilinmadi, shuningdek, studentlar, o‘qituvchilar, shifokorlar va hamshiralarning tizimli jalb qilinishi kuzatilmadi.

Hosilni yig‘ib olish mavsumida bolalar mehnati ilgari jiddiy muammoga aylanganligi, hozir esa ushbu kamchilikning bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi xulosalar alohida e'tiborga molik.

XMT direktori o‘rinbosari Hayns Kellerning 2018-yilda paxta hosilini yig‘ib olish O‘zbekistondagi islohotlar jarayonining va bolalar hamda majburiy mehnatga qarshi kurashishning muhim bosqichi bo‘lganligi to‘g‘risidagi bayonoti muhim ahamiyatga ega.

Hujjatda, shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi mehnat sharoitining sezilarli yaxshilanganligi, jumladan paxta terimchilariga to‘lanadigan haqning ko‘payganligi, so‘z va fikr erkinligining kuchayganligi, matbuot erkinligini ta'minlashga oid holatning yaxshilanganligi fakti hamda O‘zbekistonning huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar va fuqarolik faollari bilan ochiq hamkorlik qilayotganligi e'tirof etiladi.

Mamlakatning barcha hududlarida XMT kuzatuvchilari va mahalliy huquq himoyachilari tomonidan paxta terimchilari va paxta terimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ishtirok etuvchi boshqa guruhlar bilan suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, telefon orqali 3000 dan ortiq tasodifiy tanlab olingan kishilar bilan kompleks tekshiruvlar o‘tkazildi. Hosilni yig‘ib olishdan oldin XMT ekspertlari paxta terimi uchun ishchilarni yollash bilan bevosita shug‘ullanuvchi taxminan 7 ming kishi uchun adolatli yollash tamoyili asosida tayyorgarlik kurslarini tashkil etdi.

Hisobotda paxta terimi qishloq joylarida ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishi alohida qayd etiladi. Yig‘imda ishtirok etish ko‘pgina ayollarga qo‘shimcha daromad keltiradi va ular bu pullarni o‘z oilalarining ahvolini yaxshilashga sarflashlari mumkin.

Har bir terimchining o‘rtacha 21 kun davomida hosilni yig‘ib olishda ishtirok etganligi borasidagi tahlil respublikaning agrar sohadagi yutuqlarining yana bir muhim e'tirofi bo‘ldi. Shu bilan birga terimdan olgan maoshlari ularning yillik daromadining 39,9% tashkil qildi.

Hujjatda Mehnat vazirligi va Kasaba uyushmalari federatsiyasida ishlab turgan teskari aloqa mexanizmlarining samaradorligi ham tan olindi. Mazkur idoralar qonun buzilishi to‘g‘risidagi 2500 dan ortiq ish va arizalarni qabul qilib oldi va ko‘rib chiqdi. 2018 yilgi hosil yig‘imi mavsumida 206 ta amaldor va menejyerlarga nisbatan jarima, lavozimini pasaytirish va ishdan olish shaklidagi jazolash choralari qo‘llanildi.

Ta'kidlanganidek, O‘zbekistondagi XMT Uchinchi tomon monitoring loyihasining e'tibori endilikda saqlanib qolayotgan muammolarga qaratiladi. Mehnat inspeksiyasi monitoringi uchun javobgarlikni bosqichma-bosqich kasaba uyushmalari, mahalliy huquq himoyachilari va tekshiruvchi-jurnalistlarga o‘tkazish shular jumlasidan.

Shu o‘rinda O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi sohasida erishilgan natijalar, avvalo, keng qamrovli islohotlarning yangi bosqichini boshlab bergan 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakat rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan to‘xtatib bo‘lmas islohotlarga asoslanishini ta'kidlash zarur, deyiladi axborotda.

TIV xabariga ko‘ra, O‘zbekiston mamlakatda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirishning jiddiy tarafdori va bundan keyin ham amaliy islohotlar yo‘lidan boradi, ko‘rilayotgan choralar esa bo‘linmas, barqaror va to‘xtatib bo‘lmas xarakterga ega. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish institutlari va mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar, xususan xalqaro va nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish yo‘li orqali davom ettiriladi.

Mavzuga oid