O‘zbekiston | 12:44 / 29.05.2017
15759
4 daqiqa o‘qiladi

«Bolalar mehnati» masalasi kun tartibidan olib tashlangan - Abdulaziz Komilov

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlis Senati yalpi majlisida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonga xorijiy sarmoyalarni jalb etish yo‘lida vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida gapirdi. U O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijiga soya solib turgan «bolalar mehnati» masalasi endi kun tartibidan olib tashlangani haqida keltirib o‘tgan.

«Hisobot davrida vazirlik chet ellarda O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligini oshirish, chet el biznes hamjamiyatlari o‘rtasida respublikaning ijobiy imiji - obro‘-e'tiborini shakllantirish bo‘yicha siyosiy-diplomati ishlarni davom ettirdi. O‘zbekiston bilan Xalqaro mehnat tashkiloti, shuningdek, AQSh va boshqa qator Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan munosabatlar kun tartibidan «bolalar mehnati» deb ataladigan masala olib tashlandi», — deya vazirning so‘zlarini keltirgan TIV rasmiy sayti.

«Vazirlik hamda xorijdagi qator vakolatxonalarimizning 5 yil davomida astoydil va sinchkovlik bilan olib borgan ishlaridan so‘ng Yevropa parlamenti O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi «To‘qimachilik protokoli»ni ma'qulladi. Ushbu bitimning kuchga kirishi o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining Yevropa bozorlariga eksportini oshirish imkonini beribgina qolmasdan, G‘arb sarmoyadorlariga O‘zbekistonga kapital kiritish uchun ijobiy ishorani ham yo‘llaydi.

O‘zbekistonning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorligi qayta yo‘lga qo‘yilganini alohida qayd etish lozim. Bundan tashqari, Yevropa investitsiya banki bilan bitim tuzish masalasi ham faol ishlab chiqilmoqda.

Yalpi sayyohlik oqimini O‘zbekistonga jalb etish Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi vakolatxonalarimiz faoliyatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Joriy yil yanvar - aprel oylari mobaynida diplomatiya vakolatxonalarimiz tomonidan 500dan ortiq tadbir, shu jumladan, seminarlar, taqdimotlar, davra suhbatlari, brifinglar, madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar o‘tkazildi.

Vazirlik yirik va ishonchli xorijlik sarmoyadorlar, yuqori malakali mutaxassislar uchun kirish vizalari berish tartibini yengillashtirish ustida ham ish olib bormoqda. Hozirgi paytda tadbirkorlik maqsadlarida O‘zbekistonga keladigan 13 davlat (Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Malayziya, Tailand, Fransiya, Chexiya, Shveytsariya va Yaponiya) fuqarolariga nisbatan soddalashtirilgan viza berish tartibi amal qilmoqda. Turkiya va Xitoy Xalq Respublikasi biznesmenlariga soddalashtirilgan tartibda ko‘p martalik vizalarni rasmiylashtirish imkoniyatlari ishlab chiqilmoqda.

Xalqaro maydonda mamlakatimizning ijobiy obro‘sini ilgari surish bo‘yicha faoliyat doirasida yirik xorijiy nashrlarda 230dan ortiq maqola va materiallar chop etilishi tashkil qilindi.

«Jahon» axborot agentligi va uning chet ellardagi muxbirlik punktlari ko‘magida 100 nafardan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari mamlakatimizning zamonaviy rivojlanishi, uning iqtisodiy va sayyohlik salohiyatini yoritish uchun O‘zbekistonga kelishdi», degan Abdulaziz Komilov.

Mavzuga oid