O‘zbekiston | 09:34 / 01.07.2019
5443
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kutubxonachi kuni belgilanadi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi kutubxonachi kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi joylashtirildi.

2019 yilning 27 iyun kuni muhokamaga joylashtirilgan hujjat loyihasi prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan. 

Qonun loyihasida aytilishicha, 21 may O‘zbekiston Respublikasi kutubxonachi kuni etib belgilanishi mo‘ljallanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 7 iyun kuni prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat bilan quyidagilar aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni sifat jihatidan yanada rivojlantirish sohasidagi asosiy vazifalar etib belgilandi:

axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va zamonaviy umumjahon tendensiyalarini hisobga olgan holda axborot-kutubxona faoliyatini isloh qilish;

aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ijtimoiy kafolatlarni sifatli ta'minlash hamda zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish maqsadida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

hududlarda aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishni barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish;

axborot-kutubxona muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan yangi bino va inshootlarni qurish, mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy uskunalar bilan ta'minlash;

kutubxona sohasida davlat-xususiy sheriklikni, xususiy va elektron (virtual) kutubxonalar tarmog‘ini rivojlantirish;

kutubxonalar faoliyatining samaradorligini va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish (shu jumladan, pulli xizmat ko‘rsatish) tezkorligini oshirish uchun elektron kitoblar tarqatishga ixtisoslashgan internet-resurslar bilan hamkorlikni kengaytirish;

axborot-kutubxona muassasalari xavfsizligini hamda milliy va jahon madaniy merosining bir qismi sifatida axborot-kutubxona fondlarining yaxshi saqlanishini ta'minlash;

jamiyatning axborot madaniyatini, tariximizga va milliy madaniyatga qiziqishini shakllantirish va kuchaytirish, mutolaa madaniyatini oshirish va targ‘ib qilish;

axborot-kutubxona muassasalarini malakali mutaxassislar bilan ta'minlash.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid