O‘zbekiston | 23:18 / 05.07.2019
25652
12 daqiqa o‘qiladi

«Bir makon, bir yo‘l»: O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar

2019 yil 25-27 aprel kunlari Pekinda "Bir makon, bir yo‘l" ikkinchi xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Xitoy tashabbusi o‘tgan 5 yil davomida zamonaviy global rivojlanish kun tartibining ajralmas qismiga aylandi. U bugungi kunda Osiyo, Yevropa va Afrikaning 4,4 mlrd aholisi bo‘lgan 60 dan ortiq mamlakatini birlashtiradi. BMBYning asosiy mavzulari BMT, G20, OTIH va boshqa xalqaro tashkilotlar hujjatlariga kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusini avval-boshdanoq qo‘llab-quvvatladi. Mamlakatning BMBYga jalb etilishi barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash, butun Markaziy Osiyoga ijobiy ta'sir ko‘rsata oladigan muhim transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning ustuvor maqsadlariga  erishish nuqtai nazaridan muhim sanaladi.

Toshkentning BMBY bo‘yicha pozitsiyasi mamlakatimizning Pekin bilan har tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlari bilan bir qatorda bormoqda. Xitoy O‘zbekistonning etakchi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlaridan hisoblanadi. 2018 yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshib, 6,42 mlrd dollarga yetdi. O‘zbekiston hududida Xitoy sarmoyasi ishtirokida 1121 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2018 yilda 344 korxona tashkil etilib, bu 2017 yildagi ko‘rsatkichdan 2 barobar ko‘pdir. O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan Xitoy sarmoyalarining umumiy qiymati 8 mlrd dollardan oshadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMBY forumining ikkinchi yig‘ilishidagi ishtiroki doirasida XXR raisi Si Tszinpin va Butunxitoy xalq vakillari majlisi doimiy qo‘mitasi raisi Li Chjanshu bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Si Tszinpin  uchrashuvda ta'kidlaganidek, Xitoy O‘zbekistonni muhim strategik hamkor deb biladi va Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, umumiy rivojlanish va farovonlikka erishish uchun birgalikda ishlashga tayyor.

Xitoy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyevni "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusining asoschilaridan biri deb atash mumkin, O‘zbekistonning BMBY forumidagi ishtirokiga e'tibori esa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yuqori darajada ekanligini  ko‘rsatadi.

Xalqaro forumda so‘zlagan nutqida O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal etish, aholining ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish, madaniy-gumanitar va turistik aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Ular nimalardan iborat?

Birinchidan, Toshkent Markaziy Osiyodagi transport salohiyatini maksimal darajada ochish va "Xitoy - Markaziy Osiyo - G‘arbiy Osiyo" iqtisodiy yo‘lagini shakllantirishdan manfaatdor.

Shu ma'noda, "O‘zbekiston - Qirg‘iziston - Xitoy" temir yo‘lining qurilishi barcha ishtirokchilarga foyda keltiradi: savdoni faollashtiradi, yangi ish joylarini yaratadi, sayyohlarni jalb etadi va tranzitdan daromad keltiradi. Ushbu loyihaning istiqbolli ekanligini birinchi marta Markaziy Osiyodagi avtotashuvchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoyga chiqish imkonini bergan "Qashg‘ar-Irkeshtom-O‘sh-Andijon-Toshkent" avtoyo‘lagi ko‘rsatadi.

Janubiy portlarga chiqish imkonini beruvchi “Mozori-Sharif-Kobul-Peshavor“ temir yo‘lining qurilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Afg‘oniston, Qozog‘iston, Pokiston va Rossiya bilan birgalikda bu loyihani amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. 2018 yil dekabrda va 2019 yil mart oyida Toshkentda temir yo‘l idoralari rahbarlarining besh tomonlama uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, unda ushbu yo‘lakning asosiy tafsilotlari muhokama qilindi.

Ushbu yo‘nalishda Mozori-Sharif va Kobul o‘rtasida magistral yo‘l o‘tmoqda, O‘zbekiston va Tojikistondan Afg‘oniston poytaxtiga olib boradigan elektr uzatish liniyalari tortilgan. Kelajakda bu yo‘nalish Hindistongacha davom etishi mumkin.

Ushbu transport va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni ta'minlash uchun O‘zbekiston prezidenti tomonidan "Markaziy Osiyo va Afg‘oniston uchun moliyaviy muloqot"ni tashkil etish bo‘yicha tashabbus e'lon qildi. Muloqotning asosiy maqsadi Xitoyning moliyaviy institutlari - Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Buyuk ipak yo‘li jamg‘armasi va boshqa yirik xalqaro rivojlanish institutlari, xususiy sektor bilan hamkorlikda mintaqaning eng muhim infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga jalb qilishdir.

Hozirgi sharoitda ushbu muloqotni boshlash, uni inklyuziv va shaffof qilish muhimdir. Shu bilan birga, texnik va iqtisodiy jihatlar bilan bir qatorda, ijtimoiy va siyosiy masalalarga alohida e'tibor berish zarur.

Transport kommunikatsiyalari nafaqat o‘zaro bog‘liqlik muammolarini hal qiladi, balki yangi ish o‘rinlarini yaratib, savdo-sotiqni rivojlantiradi,  rivojlanishni rag‘batlantiradi.

Bundan tashqari, Afg‘oniston hududidan o‘tadigan transport loyihalari mamlakatda uzoq yillar davom etgan qarama-qarshilik tezroq yakunlanishi uchun kuchli rag‘bat bo‘lishi mumkin. Birinchidan, yangi kommunikatsiyalar Afg‘onistonning qo‘shnilarini birlashtiradi. Ularning umumiy iqtisodiy manfaatlari vujudga keladi. Afg‘on muammosi bo‘yicha zarur mintaqaviy kelishuvga erishish uchun sharoitlar yaratiladi. Ikkinchidan, barcha qarama-qarshi guruhlar urushdan farqli o‘laroq, tinchlik va savdo yaxshi foyda keltiradigan, rivojlanishning eng muhim sharti ekanligini tezda deb tushunadilar.

O‘zbekiston tomonining qarashi XXR rahbariyati tomonidan ilgari surilgan g‘oyalarga hamohang. Ikkinchi BMBY forumida so‘zlagan nutqida Si Tszinpin Xitoy boshqa tomonlar bilan o‘zaro bog‘lanish tarmoqlarini qurishni davom ettirishini, bunda yangi temir yo‘llar, xalqaro qit'alararo dengiz yo‘llari va tezkor yo‘llar bilan to‘ldiriladigan iqtisodiy yo‘laklar asosiy rol o‘ynashini ta'kidladi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston "aqlli" qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, agroinnovatsiyalar bo‘yicha qo‘shma markazni tashkil etishni maqsad qilib qo‘ygan. O‘zgaruvchan iqlim sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash zamonaviy dunyodagi eng muhim muammolardan biridir. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasi uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashdagi asosiy xatarlar tuproq degradatsiyasi, suv resurslari tanqisligi va qishloq xo‘jaligida eskirgan yondashuvlar hisoblanadi.

Bu sharoitlarda suv resurslarini tejashga, o‘simliklarning hosildorligi va kasalliklarga chidamliligini oshirishga imkon beradigan eng zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etishni ta'minlash juda muhimdir. Ushbu sohada yuksak natijalarga erishgan Xitoy va boshqa sheriklar bilan hamkorlik talab qilinadi. Qishloq xo‘jaligidagi yuqori texnologik zonalar faol rivojlanayotgan Xitoy provinsiyalarining ishlanmalari amaliy qiziqish uyg‘otadi. Kelgusida Xitoyning bunday hududlari agrar innovatsiya markazini tashkil etishda O‘zbekistonning hamkori bo‘lishi mumkin.

Uchinchidan, inson kapitalini rivojlantirish uchun ilmiy va gumanitar salohiyatdan keng foydalanish zarur. Hayotning barcha jabhalarida ilm-fan va texnologiyaning eng so‘nggi yutuqlarini tezroq joriy etish barqaror iqtisodiy o‘sish, aholi turmush darajasini oshirish va mamlakatning yuqori raqobatbardoshligini ta'minlashning eng muhim shartidir.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti BMBY bilan ilmiy va innovatsion faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikning butun tizimini yaratishni taklif qilmoqda. Buni yolg‘iz bajarib bo‘lmaydi. Zamonaviy ilm-fan, innovatsion faoliyatning yetakchi yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlar sezilarli moliyaviy va boshqa resurslarni talab qiladi. Ularning hajmi ko‘pincha hattoki rivojlangan mamlakatlar uchun ham kattalik qiladi.

"Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi doirasidagi hamkorlik ilmiy-texnikaviy jarayonni jadallashtirish, ushbu maqsadlarda qo‘shma texnoparklar, ilmiy-investitsiyaviy klasterlar, venchur kompaniyalar tashkil etish uchun mamlakatlarimiz vosita va imkoniyatlarini birlashtirish uchun noyob shart-sharoitlar yaratadi.

Hozirgi kunda XXR BMBY doirasida ilm-fan, texnologiya va innovatsiya sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha harakat rejasini amalga oshirib kelmoqda. Hamkorlar bilan birgalikda 4 ta yirik tashabbus: ilmiy-texnikaviy va gumanitar almashinuv, qo‘shma laboratoriyalar yaratish, texnoparklar tashkil etish va texnologiyalar transferi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, belgilangan vazifalarni bajarish uchun inson kapitali o‘sishini ta'minlash, yoshlarning ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish zarur. Bunda tajriba almashish, texnologik jihatdan zamonaviy ishlab chiqarishlarda professional malaka oshirishni tashkil etish orqali yetuk kadrlarni tayyorlashning ilg‘or usullaridan foydalanish talab etiladi.

Bu va boshqa qator vazifalar ta'lim-ishlab chiqarish markazlarini yaratish orqali hal qilinishi mumkin, bunda Buyuk Ipak yo‘lidagi mamlakatlarning yetakchi universitetlari ishtirok etishi mumkin. Bunda dunyoning 38 mamlakatidan 151 ta universitetni qamrab olgan yangi Buyuk Ipak Yo‘lining Universitet alyansi muhim rol o‘ynashi mumkin.

To‘rtinchidan, sayyohlar almashinuvining rivojlanishi. Turizm sohasida real natijalarga erishish uchun prezident Shavkat Mirziyoyev BMBY forumida Samarqandda Xalqaro Ipak Yo‘li turizm assotsiatsiyasini tashkil etishni va har yili "Bir makon, bir yo‘l" sayyohlik forumlarini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

O‘zbekiston turizmni rivojlantirish uchun jiddiy salohiyatga ega. Mamlakatda 7,4 mingdan ziyod madaniy meros obektlari bo‘lib, ulardan 209 tasi YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bundan tashqari, respublikada 11 ta milliy tabiiy parklar va davlat qo‘riqxonalari, 12 ta buyurtma qo‘riqxona, 106 ta muzey va sayyohlarni jalb qilishi mumkin bo‘lgan boshqa turistik obektlar mavjud..

BMBY mamlakatlari bilan sayyohlik sohasida faol hamkorlik O‘zbekiston uchun katta imkoniyatlarni ochadi. “Bir makon, bir yo‘l”ning 60 mamlakati eng yirik tashqi turist “yetkazib beruvchilar”dir. Jahon sayyohlik tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, dunyodagi sayyohlar tomonidan sarflangan pullarning 20 foizidan ko‘prog‘i Xitoy ulushiga to‘g‘ri keladi. Ular 2017 yilda turizmga 250,6 mld dollar sarflagan. Ekspertlarning qayd etishicha, 2021 yilga kelib jahondagi Xitoy sayyohlarining soni 200 millionga, ularning xarajatlari 429 milliard dollarga yetadi. 

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning BMBY mamlakatlari bilan hamkorligi ulkan va hali to‘la amalga oshirilmagan salohiyatga ega ekanligini yana bir bor ta'kidlash joiz.  O‘zbekiston prezidenti tomonidan bildirilgan transport, innovatsiya va ta'lim sohalaridagi aniq tashabbuslar O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini yangi darajaga ko‘tara oladi va BMBY doirasida barqaror iqtisodiy o‘sish va rivojlanishga to‘siq bo‘lib turgan eng dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha hamkorlikka yo‘naltiradi.

O‘zbekiston tomonining takliflari BMBY doirasida umumiy manfaatlar va farovonlik uchun hamkor davlatlar bilan bundan buyon ham hamkorlik  qilish uchun yaxshi asos yaratadi.

E.Aripov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori

Mavzuga oid