Jamiyat | 16:38 / 13.07.2019
8185
3 daqiqa o‘qiladi

Elektr ta'minoti korxonasining zamonaviy namunasi Yashnobod tumani misolida tashkil etildi

So‘nggi yillarda mamlakatimizning barcha sohalarida bo‘lgani kabi elektr energetikasi sohasida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan qisqa fursat ichida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida elektr energetikasi tizimi mutasaddilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlari, hududlarga tashrifi davomida bergan taklif va tavsiyalari hamda sohani kompleks rivojlantirishga qaratilgan qator farmon, qarorlari asosida tizim faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqilib, yangicha ko‘rinishda tashkil etilayotgani fikrimiz isbotidir.

Ushbu ezgu sa'y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida poytaxtimizning Yashnobod tumanida elektr ta'minoti korxonasining yangi, uch qavatli zamonaviy binosi qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Natijada, tuman aholisi uchun elektr energetikasi ta'minoti yanada yaxshilanib, malakali mutaxassislar tomonidan iste'molchilarga eng zamonaviy texnologiyalar asosida innovatsion xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari yaratildi.

Tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev o‘z so‘zida foydalanishga topshirilayotgan ushbu binoda iste'molchilarga uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish, murojaatlarga o‘z vaqtida javob berish hamda dunyo andozalariga mos ravishda xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilganini ta'kidlab o‘tdi.

Mazkur zamonaviy binoda barcha qulaylikka ega bo‘lgan xoll va zallar iste'molchilar xizmatida. Qolaversa, ro‘yxatga olish ishlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish maqsadida zamonaviy talablarga to‘la javob beruvchi uchta monitor hamda yuqori tezlikda ishlovchi bepul Wi-Fi tarmog‘i ham joriy qilindi. Bundan tashqari, mijozlar uchun o‘zbek va rus tillarida sohaga oid ma'lumotlar, videoroliklar elektron tablolarda aks etib turadi.

Shuningdek, “Fuqarolar qabulxonasi” va “Korxona yuristkonsulti”, tunu kun ishlaydigan dispetcherlik xonasi, elektromontyorlar texnik mashg‘ulotlar o‘tkazishi uchun zamonoviy poligon va korxona hovlisida xodimlar uchun oshxona ham qurib foydalanishga topshirildi.

Yana bir muhim yangilik – joriy yilning avgust oyidan boshlab “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Yashnoboddagi 71226 ta iste'molchining barchasiga elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni o‘rnatish ishlari ham boshlanadi.

Tadbir ishtirokchilari binoning bo‘lim va xonalarida bo‘lishib, yaratilgan sharoitlar, jihozlanishi, mavjud texnik va texnologik uskunalari bilan tanishdi. Elektron navbatga yozilish, ro‘yxatxona ish faoliyati va boshqa texnik imkoniyatlarning amalda qo‘llanilishini bevosita kuzatishdi. Ular muassasaning moddiy va texnik imkoniyatlariga, yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berishdi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.

Mavzuga oid