Iqtisodiyot | 10:53 / 16.07.2019
10591
4 daqiqa o‘qiladi

Davstatqo‘m YaIMni avvalgi yillar uchun qayta hisoblab chiqdi

Foto: Getty Images

Bugungi kunda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish uslubiyotini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanish darajasini xolis baholash imkonini beruvchi hisobot ma'lumotlarining to‘liqligini ta'minlash, shuningdek, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, xususan, yalpi ichki mahsulot (YaIM) hisob-kitoblarini «Milliy hisoblar tizimi – 2008» standartiga moslashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deya xabar beradi qo‘mita axborot xizmati.

Qayd etilishicha, joriy yil yanvar oyida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan uslubiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish asosida 2017 yil uchun YaIM hajmini keng miqyosda qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi va bu asosan qishloq xo‘jaligi tarmog‘i ma'lumotlaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Ushbu o‘zgarishlar bir necha yillar davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini hisoblashda bozor narxlariga nisbatan sezilarli darajada past bo‘lgan narxlardan foydalanilganligi bilan izohlanadi.

Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining barcha turlari bo‘yicha o‘rtacha yillik narxlar qayta ko‘rib chiqilib, bozor narxlariga o‘tkazildi. Bunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish miqdori, ya'ni natura ko‘rinishidagi hajmlar o‘zgarmadi.

2017 yil uchun ma'lumotlar qayta hisoblab chiqilgandan so‘ng, qishloq xo‘jaligining qo‘shilgan qiymati hajmi 43,1 trln. so‘mdan 91 trln. so‘mga va mos ravishda, YaIM hajmi 254 trln. so‘mdan 302,5 trln. so‘mga (qishloq xo‘jaligi hisobiga +47,9 trln. so‘m va boshqa sohalar hisobiga +0,6 trln. so‘m) oshdi. Shu bilan birga, qayta hisoblash natijalariga ko‘ra 2017 yil uchun YaIMning o‘sish sur'atlari 5,2 % dan 4,5 % gacha kamaydi. Shuningdek, YaIMning tarmoqlar bo‘yicha tarkibida qishloq xo‘jaligining ulushi 19,7 % dan 34,0 % ga oshdi, sanoatning ulushi 27,2 % dan 22,2 % gacha, qurilishning ulushi 6,9 % dan 5,7 % gacha, xizmatlar sohasining ulushi 46,2 % dan 38,1 % gacha kamaydi.

Dinamikada ma'lumotlarni solishtirish imkoniyatini yaratish maqsadida YaIMni 2010-2016 yillar uchun qayta hisoblash amalga oshirildi. Retrospektiv qayta hisoblashlarni amalga oshirishda YaIMning boshqa tarkibiy qismlariga, xususan, mahsulotlarga sof soliqlar, sanoat va xizmatlar ko‘rsatish sohasining qo‘shilgan qiymatiga ham aniqliklar kiritildi. Bu esa, Milliy hisoblar tizimi va Davlat moliyasi statistikasi ma'lumotlari o‘rtasida o‘zaro muvofiqlikni ta'minlash maqsadida amalga oshirilganligi bilan izohlanadi.

Shuningdek, YaIMni qayta hisoblash jarayonida Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlarining 2019 yil 4-15 martda o‘tkazilgan milliy hisoblar statistikasi bo‘yicha texnik ko‘mak missiyasi doirasida uslubiy yordamlari ko‘rsatildi.

O‘zbekiston Respublikasi YaIMini qayta hisoblash natijalari bo‘yicha solishtirma jadval:

Yillar

YaIMning nominal hajmi,

mlrd. so‘m

YaIMning o‘sish sur'atlari,

o‘tgan yilga nisbatan %da

qayta hisoblash-gacha

qayta hisoblash-dan so‘ng

o‘zgarishi (+; -)

qayta hisoblash-gacha

qayta hisoblash-dan so‘ng

o‘zgarishi (+; -)

2010

62 388,3

74 042,0

+11 653,7

108,5

107,3

-1,2

2011

78 764,2

96 949,6

+18 185,4

108,3

107,8

-0,5

2012

97 929,3

120 242,0

+22 312,7

108,2

107,4

-0,8

2013

120 861,5

144 548,3

+23 686,8

108,0

107,6

-0,4

2014

145 846,4

177 153,9

+31 307,5

108,0

107,2

-0,8

2015

171 808,3

210 183,1

+38 374,8

107,9

107,4

-0,5

2016

199 993,4

242 495,5

+42 502,1

106,2

106,1

-0,1

2017

254 043,1

302 536,8

+48 493,7

105,2

104,5

-0,7

Qayta hisoblash natijalari to‘g‘risidagi batafsil ma'lumotlar bilan Davlat statistika qo‘mitasi saytida quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

Kelgusida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan statistika uslubiyotini takomillashtirish, milliy hisoblar zamonaviy tizimining yangi qoidalarini joriy etish, shuningdek, statistika ma'lumotlarida va ularni hisoblash uslubiyotida bo‘layotgan o‘zgarishlarni muntazam va batafsil yoritib borish ishlari davom ettiriladi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid