O‘zbekiston | 09:24 / 20.07.2019
10745
8 daqiqa o‘qiladi

«Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi faoliyati tubdan takomillashtiriladi

Foto: mahallakengashi.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar yig‘inining «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini tubdan takomillashtirish haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Fuqarolar yig‘inining «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi to‘g‘risida nizom;

Fuqarolar yig‘inining «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi a'zolarini xizmat kiyimi bilan ta'minlash tartibi tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, fuqarolar yig‘inining «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi a'zolarining xizmat kiyimlarini tayyorlash va yetkazib berish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan teng miqdorda moliyalashtiriladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi fuqarolar yig‘inining «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasiga yoshlarni jalb etishning ta'sirchan choralarini ko‘radilar.

Fuqarolar yig‘inining «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, jamoatchilik tuzilmasi shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shahar, shaharcha, qishloq, ovullardagi mahalla fuqarolar yig‘inida tinchlik, osoyishtalik, xavfsizlikni ta'minlash, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarda ogohlik va faollikni oshirish, huquq-tartibotni mustahkamlashda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ichki ishlar hamda boshqa davlat organlariga ko‘maklashish maqsadida barcha fuqarolar yig‘inlarida tashkil etiladi.

Jamoatchilik tuzilmasi faoliyati ixtiyoriylik, oshkoralik, ijtimoiy adolat, insonparvarlik, qonuniylik, jamoatchilik yo‘li bilan o‘zaro yordam ko‘rsatish tamoyillari asosida tashkil etiladi.

Jamoatchilik tuzilmasi a'zolari o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.

Profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari Jamoatchilik tuzilmasi faoliyatiga umumiy rahbarlikni o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradilar.

Jamoatchilik tuzilmasi ichki ishlar organlari tayanch punktining profilaktika (katta) inspektori, uning jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi, fuqarolar yig‘ini raisi, boshqa davlat organlari va jamoatchilik tashkilotlari bilan hamkorlikda quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

tegishli hududda xavfsizlikni va jamoat tartibini saqlash, fuqarolar ogohligini oshirish, tinchlik va barqarorlikni ta'minlash;

fuqarolar yig‘inida ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, bu borada aholi o‘rtasida profilaktik targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish;

fuqarolarda, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolar yig‘inlarida huquqiy targ‘ibot ishlarini tizimli amalga oshirish;

voyaga yetmaganlar hamda yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik, milliy o‘zlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoiylik hissini qaror toptirish va rivojlantirish, turli mafkuraviy tahdidlardan asrashga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etish;

ichki ishlar organlari hisobida turuvchi voyaga yetmagan hamda yoshlar bilan aniq va maqsadli profilaktik tadbirlarni tashkillashtirish va o‘tkazishda ishtirok etish;

mamlakatimizda qaror topgan tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik natijasida aholi farovonligi ta'minlanayotganligi, bu borada o‘zining faol ishtiroki bilan munosib hissa qo‘shish har bir fuqaroning vatanparvarlik va fuqarolik burchi ekanligini tushuntirish;

fuqarolar yig‘ini hududidagi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha qabul qilingan qonun hujjatlari talablari, umumdavlat hamda hududiy dasturlarda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta'minlash va ushbu jarayonda keng jamoatchilik ko‘magini shakllantirish ishlarini tashkil etish va amalga oshirish;

fuqarolar tomonidan pasport tizimi, sanitariya, ekologiya, yong‘in va harakat xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi, elektrenergiya, tabiiy gaz va ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishi yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlarda ishtirok etish;

ichkilikbozlik va giyohvandlikka ruju qo‘yganlarni, notinch oilalarni, farzand tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi yoki ular tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydigan ota-onalarni, voyaga yetmaganlarni huquqbuzarliklar sodir etishga undovchi shaxslarni, yoshlar ongini zaharlab, ularni diniy ekstremistik g‘oyalar ta'siriga olish maqsadida bunday tashkilotlarga a'zo bo‘lishga da'vat etuvchi, noqonuniy targ‘ibot va tashviqot ishlari olib boruvchi, o‘smirlarga qonunga xilof ravishda diniy ta'lim beruvchi, mamlakat xavfsizligiga qarshi axborotlarni tarqatuvchi shaxslar yuzasidan ma'lumotlar to‘plash hamda ularga tegishli qonuniy choralar ko‘rish uchun profilaktika inspektoriga ushbu ma'lumotlarni taqdim qilish, ushbu sohada profilaktik-tarbiyaviy ishlarni jadallashtirish;

muqaddam sudlangan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirishda qatnashish;

jismoniy shaxslarning huquqbuzarlik jabrlanuvchisiga aylanishi xavfini kamaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;

uzoq muddatga xorijiy davlatlarga ketgan hamda uzoq muddat davomida xorijiy davlatda bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasiga qaytgan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ish bilan ta'minlash, ta'lim muassasalariga qaytarish maqsadida hisobini yuritishda qatnashish;

tabiiy ofatlar, ommaviy tartibbuzarliklar va boshqa favqulodda vaziyatlarda jamoat tartibini saqlash, favqulodda vaziyat xavfi tug‘ilganda aholini o‘z vaqtida xabardor qilish, aholi o‘rtasida bunday vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishni targ‘ib etish va ushbu holatlarni bartaraf etishda ko‘maklashish;

ish faoliyatida asosan tungi vaqtlarda hududlardagi jamoat joylari, mahalla ko‘chalari, qarovsiz joylarda navbatchilik asosida jamoatchilik nazoratini olib borish.

Jamoatchilik tuzilmasi fuqarolar yig‘ini kengashi tomonidan fuqarolar yig‘ini raisining taqdimnomasiga asosan profilaktika inspektorining yordamchisi bilan kelishgan holda Jamoatchilik tuzilmasiga yuklangan vazifalarni bajarishga ixtiyoriy ravishda yordam berish istagini bildirgan fuqarolardan iborat tarkibda shakllantiriladi.

Jamoatchilik tuzilmasining a'zolari soni fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi aholi sonidan kelib chiqqan holda quyidagi tartibda shakllantiriladi:

aholi soni 2000 nafargacha bo‘lgan fuqarolar yig‘inida — 4 nafar;

aholi soni 2000 — 4000 nafargacha bo‘lgan fuqarolar yig‘inida — 6 nafar;

aholi soni 4000 — 6000 nafargacha bo‘lgan fuqarolar yig‘inida — 8 nafar;

aholi soni 6000 — 8000 nafargacha bo‘lgan fuqarolar yig‘inida — 10 nafar;

aholi soni 8000 — 10000 nafargacha bo‘lgan fuqarolar yig‘inida — 12 nafar;

aholi soni 10000 — 12000 nafargacha bo‘lgan fuqarolar yig‘inida — 14 nafar;

aholi soni 12000 nafardan yuqori bo‘lgan fuqarolar yig‘inida — 18 nafar.

Aholi gavjum bo‘ladigan jamoat joylari (bozor, xiyobon, istirohat bog‘i va h.k.) mavjud yoki kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan fuqarolar yig‘inlarida Jamoatchilik tuzilmasining a'zolari soni ikki nafarga ko‘paytirilishi mumkin. Bunda, Jamoatchilik tuzilmasi a'zolarining umumiy soni 18 nafardan oshmasligi lozim.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid