Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Maqsadli doktoranturaga qabulni tashkil etish tartibi tasdiqlandi
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar qilmoqda Norma.
Maqsadli doktorantura — bir oliy ta'lim yoki ilmiy muassasa (buyurtmachi tashkilot) uchun yetishmayotgan ilmiy darajali kadrlarni boshqa muassasada tayyorlashni o‘z ichiga oladi. Maqsadli doktorantura idora ichida, idoralararo yoki davlatlararo shaklida amalga oshiriladi. Dastlabki ikki holatda tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilot, buyurtmachi tashkilot va doktorant o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi, davlatlararo shaklida - xalqaro shartnomalar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga asosan tartibga solinadi.
Maqsadli doktoranturaga nomzodlar buyurtmachi tashkilot tomonidan tavsiya etiladi, bir o‘ringa nomzodlarning soni kamida 2 nafar bo‘lishi lozim.
Idora ichida va idoralararo maqsadli doktoranturaga qabul qilingan izlanuvchilarga tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul qilingan izlanuvchilar uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda stipendiya to‘lanadi hamda ta'til beriladi.
Dissertatsiya ishi himoya qilinib, diplom olinganda yoxud tegishli ilmiy kengash tomonidan himoyaga qabul qilinganda doktorantura muvaffaqiyatli yakunlangan hisoblanadi. Maqsadli doktoranturani muvaffaqiyatli yakunlagan doktorantlar uni o‘qishga yuborgan buyurtmachi tashkilotda kamida 3 yil ishlab berishi lozim.

Shuningdek Nizomda maqsadli doktoranturada kadrlar tayyorlashni amalga oshiruvchi oliy ta'lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi hamda buyurtmachi tashkilotning huquq va majburiyatlari belgilangan.
Hujjat 22.07.2019 yildan kuchga kirdi.