Ta’lim | 08:57
792
2 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlar qabuli boshlandi

O‘zbekistonda 2026-2027 o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni boshlandi. Abituriyentlar 25 iyunga qadar test sinovlarida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Foto: Kun.uz

Prezidentning PF-81-sonli farmoniga muvofiq, oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — «avval test, so‘ng tanlov» tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda abituriyentlar 5 iyundan 25 iyungacha Bilimni baholash agentligining rasmiy sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududi tanlanadi.

Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshiruvchilar esa qo‘shimcha ravishda ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy yoki ijodiy imtihon topshiriladigan oliygohni belgilaydi.

Kirish imtihonlari iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi. Imtihonlar to‘liq yakunlanganidan keyin abituriyentlar 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.

Test natijalari imtihon topshirilgan kunning ertasiga e’lon qilinadi. Talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati esa qabul jarayonining ikkinchi bosqichi tugallanganidan keyin bir hafta ichida ma’lum qilinadi.

Shuningdek, abituriyentlar va ularning ota-onalariga maslahat berish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda barcha oliy ta’lim muassasalarida «Qabul-2026» shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid