Sport | 08:24 / 30.07.2019
21519
2 daqiqa o‘qiladi

«Surxon» inqiroz yoqasida. Baxtiyor Ashurmatov ham iste'foga chiqdi

Foto: Tribuna.uz

«Surxon» klubi bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov iste'foga chiqdi.

43 yoshli mutaxassis o‘z arizasiga ko‘ra klubni tark etgan. 

Ashurmatov shu yilning iyun oyida «Surxon» bosh murabbiyi qilib tayinlangan edi. U termizliklarni atigi 1 oy davomida boshqardi xolos. Uning qo‘l ostida jamoa 2ta o‘yin o‘tkazib, «Nasaf»ga 0:2 va 1:3 hisobida yutqazdi.

«Surxon» klubi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 31 iyul kuni O‘zbekiston Superligasi 15-turi doirasida «Bunyodkor»ga qarshi bahsga jamoani yoshlar tarkibi murabbiyi Vladimir Andreyev tayyorlaydi.

Tribuna.uz manbasining ma'lumotiga ko‘ra, Ashurmatovning iste'fosi maydondagi natijalarga bog‘liq emas. Ayni paytda «Surxon» klubi juda murakkab moliyaviy vaziyatga tushib qolgan. Jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilardan juda katta miqdorda qarzdor bo‘lgan. Natijada, ular «Surxon» klubi rahbariyati ustidan PFLga shikoyat qilishgan. Agar jamoa yaqin orada qarzlardan qutulmasa, Superligadan tushirib yuborilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, mavsum boshida Termiz klubiga Ilhom Mo‘minjonov bosh murabbiy bo‘lgan, ammo u O‘FA tomonidan 1 yilga diskvalifikatsiya qilingach, o‘rnini vaqtinchalik Anvar Soliyev egallagandi. Biroz vaqt o‘tib, Soliyev sport direktori lavozimiga o‘tib, Andrey Miklyayev bosh murabbiy etib tayinlangan edi.

Miklyayev esa iyun oyida qoniqarsiz natijalar tufayli iste'foga chiqarilib, uning o‘rnini «Buxoro»dan ketgan Baxtiyor Ashurmatov egallagandi.

Qayd etish kerakki, o‘tgan mavsumda ham termizliklar klubida to‘rt marta murabbiy almashgandi: Dilshod Nuraliyev, Igor Shkvirin, Rustam Mirsodiqov va Rifat Akramxo‘jayev.

Mavzuga oid