Sport | 16:56 / 06.08.2019
36363
3 daqiqa o‘qiladi

Patris Evra: «Ronalduning uyiga boshqa hech qachon mehmon bo‘lib bormayman»

«Manchester Yunayted»ning sobiq himoyachisi Patris Evra «Soccer AM» dasturi mehmoni bo‘lib, «Old Trafford»da uch yil birga o‘ynagan do‘sti Krishtianu Ronaldu haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

«Uning uyiga boshqa hech qachon bormayman. U «aqldan ozgan». Men Krishtianuni yaxshi ko‘raman, lekin esimda bor, mashg‘ulotdan keyin u meni tushlikka taklif qilgandi.

Bordik - katta stol ustida faqat suv, katta idishda salat, quruq tovuq go‘shtining o‘zi... Ovqatlana boshladik. Krishtianu, hech qanday sous yo‘qmi, desam yo‘q deydi. Hatto ovqatlanib bo‘lmasimizdan u: “Ketdik, bog‘da to‘p tepamiz” deb qoldi.

Biz «two-touch» (sherigidan qabul qilib olgan to‘pni ikkita teginishda o‘ziga qaytib uzatish) o‘ynay boshladik. Bundan keyin esa: «Ketdik basseynga»... Basseynda suzdik. So‘ng saunaga bordik.

Men undan: «Sen meni tushlikka taklif qildingmi yo navbatdagi mashg‘ulotga?» deb so‘radim. Keyingi safar takliflaringga yo‘q deyman.

Uni yaxshi ko‘raman, lekin boshqa hech qachon unikiga bormayman», – dedi Evra.

U 7-raqam egasini nega jahonning eng yaxshi futbolchisi deb hisoblashini ham aytib o‘tdi.

«Krishtianu – jahonning eng zo‘r futbolchisi. Shunday desam u mening do‘stim bo‘lgani uchun shunday hisoblashimni aytishadi. Lekin Krishtianu shunchalik qattiq mehnat qiladiki, u hech qachon shikoyat qilmaydi. Mashg‘ulot masalan soat 10da boshlansa, u soat 8dayoq borib olardi. Trenajyerda ishlardi.

Rio Ferdinand bilan stol tennisi o‘ynab yutqazganida, uyiga borib tennis stoli sotib olgan va ikki hafta shug‘ullangach, Rioni mag‘lub etgandi. U hech qachon taslim bo‘lmaydi. U hamma narsada eng yaxshi bo‘lishni istaydi, mag‘lub bo‘lishni yoqtirmaydi. Shuning uchun ham uni qattiq hurmat qilaman, men uchun u – jahonning eng yaxshi sportchisi», – deydi Patris.

Eslatib o‘tamiz, Evra o‘tgan hafta professional faoliyatiga nuqta qo‘yganini e'lon qilgan edi.

Mavzuga oid