O‘zbekiston | 18:11 / 09.08.2019
2739
3 daqiqa o‘qiladi

Intellektual mulkka egalik uchun ro‘yxatdan o‘tish DXM orqali amalga oshiriladi

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning sentabr oyidan boshlab intellektual mulkka egalik bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Bu haqida “Intellektual mulk agentligida korrupsiyaga qarshi kurash va uning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusidagi matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

“Hozirda intellektual mulk uchun egalik huquqini ro‘yxatdan o‘tkazishni istovchilar bevosita agentlikning o‘ziga murojaat qilishadi. Agentlik va arizachilar o‘rtasidagi bevosita muloqotni cheklash, murojaatchilarga qulaylik yaratish maqsadida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlangan, hozirda muhokama jarayonida. Ikki haftadan so‘ng bu jarayon test rejimida ishlay boshlashi, sentyabrda to‘liq ishga tushishi mo‘ljallangan”, ─ deydi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi direktor o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Anvar Rahmatov.

Matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, intellektual mulkka egalik huquqini e'tirof etish jarayonida korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida agentlik tizimida muloqotning front ofis shakli yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

“Intellektual mulkka egalik bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza topshirganlar va ekspertlar guruhi o‘rtasida bevosita muloqotning yuzaga kelmasligi, shaffoflikni ta'minlash uchun yaqin kunlarda front ofis tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ya'ni arizachi va uning arizasini ko‘rib chiqadigan shaxs o‘rtasida blog bo‘ladi, ularning qayerda, qay tartibda muloqot qilishi, kameralar kuzatuvi ostida bo‘lishi, mutaxassisning faqatgina mansab yo‘riqnomasidan kelib chiqqan holda ma'lumot berishi qat'iy belgilab qo‘yiladi”, ─ deydi agentlik yuridik bo‘limi bosh yuriskonsultanti Gulchehra Yusupxonova.

Bayon qilinishicha, intellektual mulkka egalik bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonidan norozi bo‘lgan murojaatchilar uchun apellyatsiya kengashi tashkil etilishi belgilangan. Bu nizolarni sudgacha bo‘lgan jarayonda ko‘rib chiqish imkonini beradi. Ariza beruvchi o‘z arizasiga berilgan javobdan norozi bo‘lsa, noqonuniy guvohnomalar berilishiga shubha bo‘lsa, Adliya vaziri raislik qiluvchi apellyatsiya kengashiga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.  Shaffoflik va obektivlikni ta'minlash maqsadida mazkur kengash a'zolarining 30 foizida Adliya vazirligi va Intellektual mulk agentligi xodimlari, 70 foizida boshqa idora va tashkilotlarning malakali mutaxassislari jalb qilinadi. Apellyatsiya kengashining qaroridan ham norozi bo‘lganlar bu qaror ustidan olti oy ichida sudga murojaat qilishi mumkin.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid