O‘zbekiston | 15:53 / 09.08.2019
49039
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «snos»ga tushgan binolarni baholashning yangi tartibi joriy etiladi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining «Buzilishi mo‘ljallangan binolarni baholash tartibini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, binolarni baholash faqat kadastr hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, kadastr hujjatlarida aks ettirilmagan binolar baholash obektiga kiritilmaydi. Shuningdek, binolarni kadastr hujjatlari bo‘lmagan taqdirda baholashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Baholash buyurtmachisi faqat binolarning egasi bo‘ladi. Binolar egasining baholash bilan bog‘liq xarajatlari keyinchalik unga yetkazilgan zarar miqdoriga kiritiladi. Shu bilan birga, baholash obektini qayta baholashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Baholash natijalari bilan rozi bo‘lmaganda, qonun hujjatlariga muvofiq baholash to‘g‘risidagi hisobotning ishonchliligi bo‘yicha ekspertiza o‘tkaziladi. Baholash to‘g‘risidagi hisobotning ishonchliligi bo‘yicha ekspertiza buyurtmachisi faqatgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hisoblanadi.

Shu bilan birga, hokimliklar buzilish boshlanishidan oldin binolar egalari bilan buzilayotgan binolarni baholash tartibi to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borish majburiyatini oladi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, buzilishi rejalashtirilgan turar-joy va turar-joy bo‘lmagan binolar, shu jumladan, buzib tashlash paytida mulk huquqi bo‘lgan tarzda olib qo‘yilgan yer uchastkalari va daraxtzorlar baholash obektlari hisoblanadi.

Baholangan mulkning bozor qiymati aniqlanishi kerak. Bunday holda, baholash obekti qiymati obektni olib qo‘yishdan bevosita oldin yoki olib qo‘yish haqidagi xabar obekt qiymatiga ta'sir qilgan vaqtda aniqlanadi. Baholash qonun hujjatlariga muvofiq baholash faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga ega bo‘lgan baholovchi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. X. Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertiza markazi tomonidan baholash o‘tkazilishi taqiqlanadi.

Baholash quyidagi bosqichlardan iborat:

- baholash to‘g‘risida shartnoma tuzish;

- mulkdor va baholovchi tashkilot o‘rtasidagi kadastr hujjatlari asosida baholash uchun topshiriqni aniqlash;

- ma'lumotlarni to‘plash va tahlil qilish;

- baholash usullarini tanlash, asoslash va qo‘llash;

- baholashda qo‘llanilgan natijalarni muvofiqlashtirish;

- baholash obektining umumiy qiymatini aniqlash;

- baholash hisobotini tuzish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid