O‘zbekiston | 18:47 / 10.08.2019
10576
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik kinologning rekordi Mudofaa vazirligi jamoasiga 3-o‘rinni taqdim etdi     

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Moskva viloyatining Dmitrov shahrida Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida o‘tkazilgan “Sodiq do‘st” musobaqasi o‘z nihoyasiga yetdi. Unda hamyurtlarimiz ishonchli harakat qilib, umumjamoa hisobida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, ushbu musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Belorus, Qozog‘iston, Jazoir xalq demokratik respublikasi, Rossiya federatsiyasining ayollar va DOSAAF jamoalari birinchilik uchun kuch sinashdi.

Mazkur musobaqada vakillarimiz qurollardan nishonni mo‘ljalga olish, 300 metrli to‘siqli yo‘lakdan o‘tish, Dog biatlon (individual poyga) va 1600 metr masofaga (Dog biatlon) estafeta yugurish shartlarida o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi. 

E'tiborli jihati shundaki, 1600 metr masofaga (Dog biatlon) estafeta yugurish shartida O‘zbekiston nomidan qatnashgan shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Sodiq Dilmurodov o‘zining “Klift” laqabli xizmat iti bilan rekord o‘rnatdi. Gap shundaki, vakilimiz belgilangan masofani 5 daqiqa-yu 59 soniyada bosib o‘tdi. 

“Sodiq do‘st” musobaqasi tarixida hali bunday ko‘rsatkich bo‘lmagan. Shuningdek, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Elshod Abdullayev jarohat olishiga qaramay, o‘zining metin irodasini namoyish etib, jamoamiz g‘alabasini ta'minlashga katta hissa qo‘shdi.

Eslatib o‘tamiz, yana bir kinologimiz katta leytenant Shodiyor Shomurodov  barcha nishonlarni yakson etib, 130 ballni qo‘lga kiritib, eng yuqori natijani qayd etgan edi.  

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Sodiq do‘st” musobaqasida Rossiya Federatsiyasi birinchi, Belorus ikkinchi va O‘zbekiston jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Mavzuga oid