Jamiyat | 07:59 / 10.08.2019
175532
15 daqiqa o‘qiladi

Rishton hasharidagi qurbon. Qo‘shtepa hokimi nimani yashiryapti?

Farg‘ona viloyati, Rishton tumani markazidagi qayta qurish ishlari, «buz-buz»lar oqibatida aholi vakillarining huquqlari poymol etilayotgani haqida saytimizda juda ko‘p maqolalar va reportajlar e'lon qildik.

Avvaliga turfa muammolar aholi vakillarining uylari ogohlantirishsiz, ularga hech qanday sharoit yaratilmay buzilib, kompensatsiya pullari berilmayotganida edi.  

So‘ng Rishtondagi qurilish ishlariga barcha tumanlardan, viloyatdagi barcha tashkilot vakillari «hashar» niqobi ostida majburiy mehnatga jalb etilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda kun tartibi darajasida muhokama qilindi.

Rishton markazidagi buzilish va qurilish ishlarida Qo‘shtepa tuman Obodonlashtirish bo‘limi xodimlari ham ishlashmoqda. 

Bugungi maqolamiz Rishton hasharidan qaytayotganida yo‘l-transport hodisasiga uchrab vafot etgan tashkilot xodimi haqida.

Yo‘l hodisasi

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida 28 iyul kuni tunda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi haqidagi xabar internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng biz Farg‘ona IIB matbuot xizmati bilan bog‘lanib, ulardan rasmiy ma'lumot so‘radik.    

Bizga voqea to‘g‘risida quyidagi axborotnomani berishdi:           

“2019 yil 29 iyul kuni soat 00:10 larda tuman ShTTYoMdan olingan xabarga ko‘ra, Qo‘shtepa tumani “Fayz” MFYda yashovchi 33 yoshli Olimjon Rahmonov o‘ziga tegishli “VAZ-2106” (“Jiguli”) rusumli avtomashinasini “Qo‘shtepa—Chimkent” yo‘lida boshqarib ketayotib, qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanib kelayotgan Qo‘shtepa tumani “Sohibkor” MFYda yashovchi 28 yoshli Rayimjon Odilov boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina bilan to‘qnashuv sodir etgan.  

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida “Jiguli” yo‘lovchisi Qo‘shtepa tumani “Yangiariq” MFY Navnihol ko‘chasida yashagan 48 yoshli Ulug‘bek Ahmadjonov ochiq miya shikasti tashxisi bilan Langar ShTTYoM jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan. Shuningdek, “Lasetti” yo‘lovchisi 1991 yilda tug‘ilgan Shoira Yo‘ldosheva ham davolanish uchun Langar ShTTYoMga yotqizilgan.

O‘tkazilgan surishtiruvga ko‘ra, shu kuni Qo‘shtepa tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida jabrlanganlar ommaviy hasharda bo‘lmagan va hodisa sodir bo‘lishidan avval ular o‘zlarining shaxsiy yumushlari bilan shug‘ullanayotgan bo‘lgan”. 

Barchamizga ma'lumki, Mehnat kodeksining mavjud moddalariga asosan xodim ish vaqtida tan jarohati olsa yoki baxsiz hodisa tufayli vafot etsa, unga yoki uning oilasiga tovon puli va farzandlariga zarar pullari to‘lanadi.  

Ma'lumotnomaning so‘nggi qatoridagi izohga e'tibor qaratgandirsiz? Shubhali holat. Bu izohni o‘qib fikrimiz o‘zgardi va savollar paydo bo‘ldi. Mutasaddilar tomonidan obodonlashtirish boshqarmasi xodimining hashardan qaytayotib “avariya”ga uchrashini yashirish holati bo‘lmayotganmikan? Marhum - Qo‘shtepa tuman obodonlashtirish bo‘limi xodimi Ulug‘bek Ahmadjonov o‘sha kuni haqiqatan ham Rishtondagi hashardan qaytayotganmidi?

Biz Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida Ulug‘bek Ahmadjonovning yaqinlari bilan suhbatlashib voqeaga oydinlik kiritdik.                              

Marhumning yaqinlari nima dedi?  

Qo‘shtepa tuman, “Yangiariq” mahalla, Navnihol ko‘chasi 4-uydamiz. Motamsarolik hukmron bo‘lib turgan xonadon. Marhumning yaqinlari bilan suhbatlashdik. Baxsiz hodisa qurboni bo‘lgan Ulug‘bekning ikki nafar norasida farzandi bor ekan. Besh yoshli qizi Mohlaroy va ikki yoshga to‘lgan Olimjon.

Biz mash'um hodisa yuz bergan paytda o‘sha joyda bo‘lgan marhumning qaynog‘asi Po‘latjon Umarov bilan suhbatlashib, voqeaga oydinlik kiritdik.

“Men ham Qo‘shtepa tuman obodonlashtirish boshqarmasida xodim bo‘lib ishlayman. O‘sha kuni Rishton tumaniga borib, “snos” ishlari, ya'ni hasharda ishtirok etganmiz. Ertalab soat besh-oltilarda hokimiyat binosi oldiga yig‘ilamiz. Hasharga ishchilar uch-to‘rtta avtobuslarda tashiladi. Marhum Ulug‘bek akam ishxonada omborchi bo‘lib ishlagani uchun u yerda ishchilarni boshqarardi. O‘sha kuni shomda ishni tugatib, Qo‘shtepa tomon qaytdik. Ayollar boshqa avtobusda ertaroq uyga ketishdi. Biz soat 21larda avtobusga o‘tirdik. Ulug‘bek aka esa yana bir o‘zimizda ishlaydigan xodim Olimjon Rahmonovning “Jiguli” mashinasida bizdan oldinda ketdi. Yo‘l yurib ketayotib oldimizda avariya bo‘lganini ko‘rdik. Mashinani tanib avtobus to‘xtadi. Qarasak, Ulug‘bek aka yerda yotgan ekan. Haydovchi Olimjon ham jarohat olgan. Og‘ir holatdagi Ulug‘bek akani Langar kasalxonasiga olib keldik. Rentgen xonasiga olib kirganimizda joni uzildi. Jonlantirish bo‘limiga yetib bormadi. “Avariya” hashardan, ishdan qaytayotib bo‘lgan. Bu hodisaga o‘zim guvohman”, deydi Po‘latjon Umarov.

Marhumning xonadonida uning ayoli Muqaddasxon va volidasi 85 yoshli Po‘latxon ona bilan qisqa suhbatlashdik. Ular qo‘qqisdan kelgan musibatdan karaxt ekanligini aytishdi. Ayoli ham Ulug‘bekning ertalab Rishtonga hasharga ketib, falokatga uchraganini bildirdi.

Tuman kasalxonasiga borib, o‘sha kuni “avariya”ga uchragan “Jiguli” haydovchisi Olimjon Rahmonov bilan uchrashdik. Uning oyog‘i qattiq shikast yegan va davolanmoqda. U ham o‘sha kuni hashardan qaytayotganda YTHga uchrashganini aytdi. 

Mavhumlik...

Eng avvalo Ulug‘bekning o‘limi ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisa hisoblanadimi yoki hisoblanmaydimi, degan savolga javob topish kerak. Yana bir savol: xodim hashar ishlariga jalb qilinib, ishdan qaytayotgan paytda vafot etsa, uning oilasiga zarar, ya'ni xalq tili bilan aytganda, tovon puli to‘lanadimi?

Farg‘ona IIB tomonidan berilgan ma'lumotdagi izohga ko‘ra, jabrlanganlar ommaviy hasharda bo‘lmagan va hodisa sodir bo‘lishidan avval o‘zlarining shaxsiy yumushlari bilan shug‘ullanayotgan bo‘lgan.

Biz marhumning xonadonida bo‘lganimizda yana bir hujjat bilan tanishdik. Bu, “O‘lim haqida tibbiy guvohnoma” edi. 62-sonli ushbu hujjatning 9-bo‘limida marhum “Ishdan tashqari baxsiz hodisadan” o‘lim topgani keltirilgan. Bu hujjat oilaga beriladigan zarar pulini tasdiqlash uchun qay darajada muhimligini aniqlash lozim.

Mana shu joyda huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyevning Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktabning mehnat ta'limi o‘qituvchisi, 23 yoshli Diana Yenekeyevaning Rishton hashariga o‘xshash hodisa oqibatida vafot etganida e'lon qilingan xulosalaridan foydalanamiz.                                

Ish beruvchi qanday zararlarni to‘lashi kerak?

Mehnat kodeksining 192-moddasiga binoan xodim mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta'minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a'zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart.

193-moddasida esa zarar miqdori ko‘rsatilgan bo‘lib, vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga to‘lanadigan zarar miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida belgilangan. Demak, marhumning farzandlari 16 yoshga to‘lguncha otasining o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida zarar to‘lovini olishi kerak.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 194-moddasiga binoan xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda biryo‘la beriladigan nafaqa to‘lashi ham kerak bo‘ladi. Masalan, bu miqdor o‘rtacha 1 million so‘m ish haqi oladigan xodim uchun 72 million so‘mni tashkil etadi.

Yetkazilgan zararni to‘lash tartibi qanday?

Eng avvalo Ulug‘bek Ahmadjonovning o‘limi ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisa hisoblanadimi yoki hisoblanmaydimi degan savolga javob topish kerak. Buning uchun baxsiz hodisa maxsus tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim.

Bunday tekshiruv Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida o‘tkaziladi.

Maxsus tekshirish viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi buyrug‘iga asosan shakllantirilgan komissiya tomonidan o‘tkaziladi.

Unga ko‘ra komissiya raisi — viloyat davlat mehnat texnika nazoratchisi, a'zolari — yuqori turuvchi xo‘jalik organi vakili, ish beruvchi, jabrlanuvchining asosiy ish joyi kasaba uyushmasi qo‘mitasi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchining vakili bo‘ladi.

Maxsus tekshirish komissiyasi 15 kun mobaynida baxsiz hodisani tekshirib chiqadi, maxsus tekshirish dalolatnomasini tuzadi hamda ko‘zda tutilgan boshqa hujjatlarni rasmiylashtiradi.

Komissiya a'zolari jabrlanuvchilar yoki ularning oila a'zolari bilan uchrashuvlar tashkil etadilar, zarur bo‘lsa tegishli organlarga takliflar kiritadilar yoki ijtimoiy tusdagi yordam masalalarini joyida hal qiladilar, jabrlanuvchiga yoki o‘lganning oila a'zolariga ularning huquqlarini tushuntiradilar.

Qo‘shtepa tuman hokimi Novikov axborot berishni xohlamadi    

Farg‘ona viloyatida “eng ostonasi qattiq” idoralardan biri bu – Qo‘shtepa tumani hokimligi idorasidir. Tuman hokimligi ma'muriy binosi 2 metrli panjara to‘siq bilan o‘ralgan. Hokimiyat binosiga kirish nazorat o‘tkazish punkti orqali. “Oxrana”ning ko‘zini shamg‘alat qilib bino ichiga qadam bosdik. Bo‘lmadi. Nazoratchi yigit, kutib turishimiz kerakligini, tuman hokimi o‘rinbosari chiqib, “KPP”da qabul qilishini aytdi. “Hozir chiqar ekan”, degan gapdan so‘ng bir yarim soat o‘tsa-da, hech kim oldimizga kelmadi.

Tuman hokimi Ilyos Novikovning mobil aloqa vositasiga ulandik. Hokim o‘zini dalada sug‘orish ishlarida ekanligi aytib, nima masalada kelganimiz bilan qiziqdi. Mutasaddiga Rishton hasharidan qaytayotib, yo‘l hodisasi oqibatida olamdan o‘tgan obodonlashtirish xodimi masalasi bo‘yicha kelganimizni aytdik. 

Hokim: “Yo‘q unday bo‘lmagan. Aytaman, sizga hozir axborotini berishadi. Uzr, uzoqdaman. Aloqa yaxshi emas”, deb suhbatni qisqa qildi. Hokimlik oldida yana bir yarim soat axborot beradigan vakilni kutdik. Hech kim kelmadi. Qorovul kimgadir telefon qilgach, bizni ichkariga qo‘yishdi. Lekin, hokimlik binosida kotibadan boshqa hech kim yo‘q edi.

Hayronmiz. Biz Qo‘shtepa tuman hokimligidan marhum Ulug‘bek Ahmadjonovning xizmat vazifasini bajarish paytida vafot etganligi hodisasi bo‘yicha, hokimlik hamda Bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi bilan tuzilgan komissiya ishi qay darajada ketayotganligini surishtirmoqchi edik.

Hokim Ilyos Novikovning “Yo‘q, bu voqea hasharda bo‘lmagan!”, degan gapiga ko‘ra, hali hech qanday komissiya ish boshlagani yo‘q. Lekin, biz yaxshi gumondamiz.

Maqolani yo‘l-transport voqeasi sodir bo‘lganidan 12 kun o‘tib yozyapman. Bugun marhumning akasi telefon qilib, “Muxbir uka, yangilik bormi?” deb so‘radi. Uning aytishicha, hech qanday komissiya ish boshlamabdi.

Farg‘ona viloyat Bandlik va mehnat munosabatlarining ishga joylashtirish bo‘limi boshlig‘i Asrorbek Saidov bu hodisadan bexabar ekanligini aytib, izohni boshqarmaning inspeksiya bo‘limidan olish mumkinligini aytdi. Lekin, inspeksiya bo‘limi bilan bog‘lanib bo‘lmadi.    

Hokimlik shov-shuv bo‘lishidan xavotirlanib, falokat hashardan qaytishda bo‘lganini yashirishga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin. Baribir bu muammo bir kuni yuzaga chiqadi.

O‘ylaymizki, maxsus komissiya tuziladi va ishni xolisona ko‘rib chiqadi. Marhumning yaqinlari, ayoli ikki farzandiga millionlar emas, milliard bersangiz ham o‘ksik qalbini to‘ldira olmaysiz.

Qaytayotganimizda marhumning qizalog‘i Mohlaroy darvozadan mungli qarab qoldi...

Kun.uz bu mavzuga yana qaytadi.  

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov,
tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid