Komil Allamjonov rasmiy bayonot bilan chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi haqoratli izohlar uchun javobgarlik borligi eslatildi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov Instagram'dagi sahifasida rasmiy bayonot bilan chiqdi.
“Sizga yaxshi ma'lumki, respublikamizda so‘z erkinligini ta'minlash, erkin fikr yuritish uchun huquqiy himoyani kuchaytirish, davlat idoralarining ochiqligini taminlash, blogerlik mavqeini ko‘tarish, barcha toifadagi OAV xodimlarini himoya qilish borasida talaygina ish qilindi va qilinmoqda.
Bu ularni ommalashishiga, xalq orasida hurmat qozongan holda amalda to‘rtinchi hokimiyat darajasiga sekin asta bo‘lsa-da, ko‘tarilishiga olib kelmoqda. Bunga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Tan olib aytish kerakki, bugun har bir smartfon egasi erta tongdanoq uyg‘onishi bilan telefoni orqali birinchi bo‘lib ijtimoiy tarmoqlarga kiradi yoki yangiliklarni o‘qiydi. Va shu tariqa har birimiz elektron axborot maydonining ta'siriga tushib bormoqdamiz. Kimlardir bu maydonda ishtirokchi, kimlardir uning qurboni, kimlardir esa kuzatuvchi. Mobil telefonidan foydalanuvchilar sonining 20 milliondan ortib borayotganini inobatga olsak, axborot siyosati sohasidagi mas'ul davlat organi bo‘lgan bizning agentligimiz bu masalaga befarq bo‘la olmaydi va uni o‘z holiga ham tashlab qo‘ya olmaydi. Gap bizning davlatchiligimiz, xalqimizning tinchligi, xotirjamligi va, qolaversa, davlatimiz ravnaqi haqida bormoqda”, - deyiladi bayonotda.
Bildirilishicha, so‘ngi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda qanday yangilik paydo bo‘lmasin uning tagida turli munozarali bahslar, munosabatlar, fikrlar, tortishuvlar yoziladi. Bu fuqarolarning faollashib borayotganini ko‘rsatadi.
“Lekin, ming afsuski, ular orasida oxirgi paytda haqoratli so‘zlar, tuhmatli gaplar, so‘kinishlar, obro‘sizlantiruvchi fikrlar keskin ko‘payib bormoqda. Bunday izohlar, o‘z navbatida, har bir fuqaroga salbiy ta'sir ko‘rsatib, yolg‘on ma'lumotlar shakllanishi, odamlarimiz orasida turli mish-mishlar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Eng yomoni bularning aksariyati bir guruh trollar yoki feyk, ya'ni, soxta akkauntlar tomonidan uyushtirilmoqda. Bularning ortida nima maqsad yotgani, bu guruhlar kimga qarashli ekani katta savol tug‘diradi.
Ming afsuski, ushbu muammo nafaqat O‘zbekiston balki butun dunyo mamlakatlarining bosh og‘rig‘iga aylangan. Sizga yaxshi ma'lumki, turli ommaviy tartibsizliklarning barchasi ushbu resurslar yordamida amalga oshiriladi. Yaqin qo‘shni davlatlar, umuman dunyo hamjamiyati ham ushbu muammo bilan qattiq kurashib kelmoqda”, - deyilgan bayonotda.
Qayd etilishicha, buning yechimi bitta. Bu jamiyatda qonun va qonun ustuvorligini taminlash hamda huquqiy bilim va madaniyatni oshirish.
Demokratiya va so‘z erkinligi – bu istalgan narsani qonunga xilof ravishda, hech qanday mas'uliyatni his qilmasdan aytaverish degani emas. So‘z erkinligi bu avvalo qonunga amal qilish, aytilgan har bir so‘z uchun javob bera olish mas'uliyati.
“Juda ko‘plab xorijiy davlatlarning yetakchi ommaviy axborot vositalari faoliyati o‘rganilganda, aynan shu mezonga qat'iy amal qilinishini ko‘ramiz. Har bir jurnalist, bloger OAV orqali aytayotgan gapi, berayotgan ma'lumoti uchun qonun oldida javobgardir. Bu norma rivojlangan davlatlar qonunchiligida ham, O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasiga oid qonunlarida ham qat'iy belgilab qo‘yilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, bundan buyon har bir OAV, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messendjyerlardagi guruhlar moderatorlari nafaqat o‘zlari yozgan ma'lumotlarda yuqoridagi talabga rioya qilishlari, balki ular ostidagi fuqarolar feyk akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, yolg‘on izohlar uchun ham qonunda belgilangan tartib asosida javobgar bo‘lishlarini eslatib o‘tmoqchimiz. Sizdan faqatgina qonunchilikdan kelib chiqqan holda bunday ma'lumotlarni o‘tkazmaslik yoki sahifangiz ostida yozilgan bo‘lsa uni zudlik bilan o‘chirib tashlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish so‘ralmoqda.
Hurmatli hamkasblar, barchangizni yurtimizda so‘z va fikr erkinligi, qonun ustuvorligini ta'minlash uchun axborot sohasida bo‘layotgan turli nosog‘lom jarayonlarga qarshi birlashib harakat qilishga chaqiramiz”, - deya yakunlanadi bayonot.
Ma'lumot uchun: Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish — eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat kodeksining 140-moddasiga muvofiq esa, haqorat qilish, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — eng kam oylik ish haqining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilish — eng kam oylik ish haqining 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Bundan oldin, “Ozodlik” radiosi Komil Allamjonovga qarshi axborot kampaniyasida ayblangandi.
Mavzuga oid
11:41 / 11.11.2024
Ramzan Qodirov Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan munosabat bildirdi
23:45 / 08.11.2024
“Agar jurnalist haq bo‘lsa, biz uni tan olishimiz kerak” – prezident
16:18 / 28.10.2024
Komil Allamjonov avtomobiliga o‘q uzishda gumonlanib yana uch kishi ushlandi
23:51 / 27.10.2024