«Barselona» Messisiz, «Real» Azarsiz boshlaydi. Hafta o‘yinlari anonsi
Bu haftadan Ispaniya va Germaniyada ham chempionat o‘yinlari boshlanadi va shu bilan kuchli beshlikdan to‘rt ligani kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Italiya A seriyasi starti esa keyingi haftaga belgilangan. E'tiboringizga kelayotgan dam olish kunlari Yevropa yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan qiziqarli o‘yinlar anonsini havola qilamiz.
«ATLeTIK» – «BARSeLONA» (16 avgust, 23:59)
Bugundan nihoyat Ispaniya chempionatiga ham start beriladi va tur mamlakat chempioni «Barselona»ning o‘yini bilan, boshqacha qilib aytganda, «Klassiko»dan boshlanadi. Ispaniyada faqat uch jamoa – «Real», «Barselona» va «Atletik» umuman quyi ligaga tushib ketishmagan, shuning uchun bilbaoliklarning ham grandlar bilan uchrashuvi «Klassiko» deb ataladi.
Roppa-rosa to‘rt yil avval ham, 15 avgustda, jamoalar yilning ilk rasmiy o‘yinini o‘zaro uchrashuvda o‘tkazishgandi. Ispaniya Superkubogi uchun bahsda ko‘pchilik uchun kutilmaganda «Atletik» 4:0 hisobida ustun kelgandi. Shundan buyon agar ikki o‘yindan iborat kubok uchrashuvining bittasini qo‘shmaganda, «Atletik» «Barselona» ustidan g‘alaba qozona olmay kelyapti. Umuman olganda, agar La Liga o‘yinlariga e'tibor bersak, basklar oxirgi marta 2013 yilda «Barselona» ustidan g‘alaba qozongandi.
Bu bilan mehmonlarning imkoniyatlarini o‘ta yuqori deb bo‘lmaydi, «Atletik» munosib qarshilik ko‘rsatishi shubhasiz, zero o‘tgan mavsumdagi har ikki o‘yinda ham tomonlar durangga rozi bo‘lishgandi. Buning ustiga «Barselona» tarkibida Messi o‘ynamaydi. Yaqinda kichik jarohat olgan futbolchining mashg‘ulotlarga qaytgani videosi tarmoqlarga chiqib ketgan bo‘lsa-da, u birinchi tur o‘yiniga tayyor bo‘lib ulgurmadi. Umuman, Messi kataloniyaliklarning mavsumoldi o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushmadi.
Lekin Antuan Grizmann o‘yinga tayyor va bugun «Barselona» tarkibida ilk rasmiy o‘yinini o‘tkazadi. Ispaniyadagi faoliyatini Baskoniyaning boshqa jamoasi «Real Sosedad» safida boshlagan fransiyalik hujumchi uchun debyutning aynan «eng dushman» raqibga qarshi o‘tkazilishida ham qandaydir ramziy ma'no bordek.
«SeLTA» – «ReAL» (17 avgust, 20:00)
Shu yozda katta narx evaziga madridliklar safiga kelib qo‘shilgan Eden Azar mavsum arafasida «Real» mashg‘uloti vaqtida belidan jarohat oldi va 3-4 hafta mobaynida maydonga tusha olmaydigan bo‘ldi. Uning klub safidagi ilk rasmiy o‘yinida maydonga tushishi kechikdi.
Mavsumoldi o‘yinlari «Real» uchun u qadar muvaffaqiyatli chiqmadi, ayniqsa, «Atletiko»dan qabul qilingan 3:7 hisobida mag‘lubiyatni hazm qilish oson emas. Shuningdek, «Tottenhem»dan ham mag‘lubiyat va «Roma» bilan durang qayd etildi. Faqat pastroq darajadagi klublar – «Fenerbahche» va «Zalsburg» mag‘lub etildi, xolos. Buning ustiga jamoaning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lishi kutilgan iqtidorli hujumchi Mark Asensio jarohat olib uzoq muddatga safdan chiqdi, yangi kelganlardan Yovich, Mendi va Rodrigo ham jarohat olgan, Beyl hali ham ketmadi, Neymar yoki Pogba masalasi hamon ochiq qolmoqda – bunday paytda jamoa muxlislari bu o‘yin natijasidan ko‘ra, maydon tashqarisidagi harakatlarning ijobiy yakunlanishidan umid qilayotganliklari tabiiy.
Ammo boshqa tarafdan qiziq bo‘ladi – Zidan tayyorgarlik o‘yinlarida 3 himoyachidan iborat sxemani sinab ko‘rdi. Bu Marselo va Karvaxalga ko‘proq oldingi chiziqda harakat qilish imkonini beradi. Zidan ushbu o‘zgarish bilan yoshi o‘tib borayotgan Marseloning kamchiliklarini yopmoqchimi yoki Azar yordamida «Real» yana tezkor qarshi hujumlarga asoslangan pragmatizmga qaytadimi, buni ko‘ramiz. Ilk sinov aynan safarda, kurashuvchan «Selta»ga qarshi bo‘layotgani ham ayni muddao.
«MANCheSTeR SITI» – «TOTTeNHEM» (17 avgust, 21:30)
O‘tgan mavsumda Chempionlar Ligasining durdona asarini yaratib bergan bu ikki jamoa ikkinchi turning markaziy o‘yinida orani ochiq qiladi.
«Manchester Siti» yaxshigina tarkibga ega bo‘lgan «Vest Hem»ni osonlik bilan, 5:0 hisobida yenggach, yana kim favorit ekanini ko‘rsatib qo‘ydi – katta ehtimol bilan, agar «Liverpul» eng yaxshi va omadli mavsumni o‘tkazsagina «shaharliklar»ga qarshilik ko‘rsata olishi mumkin. Buning ustiga «Siti» birinchi tur o‘yinida Aguero, Gundo‘g‘an, Bernardu kabi yetakchilarini maydonga tushirmagandi ham.
«Tottenhem» biroz qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, uch ochko egasiga aylandi. «Aston Villa»ga qarshi uchrashuvda Eriksenning ikkinchi bo‘limda maydonga tushishigina mezbonlar ustunligini gollarga aylantirdi va 3:1 hisobida irodali g‘alaba qozonildi. Lekin haqiqiy sinov, albatta, «Etihad»da bo‘lib o‘tadi. «Tottenhem» o‘tgan yilning bahoridagi ajoyib o‘yinlarni bir qator e'tiborli xaridlar bilan yanada kuchaytirib, peshqadamlarga raqobat ko‘rsata oladimi, yo‘qmi, qisman javobga ega bo‘lamiz.
Qismanligi shundaki, «Tottenhem» bu o‘yinda butun imkoniyatlarini ishga sololmaydi. Yetakchi futbolchilardan biri Deli Alli jarohati tufayli bu o‘yinni o‘tkazib yuborayotgan bo‘lsa, Son Xin Min diskvalifikatsiyaga uchragan. U o‘tgan mavsumning so‘nggi uchrashuvida hakam tomonidan maydondan chetlatilgandi. Bundan tashqari, jamoa safiga yangi kelib qo‘shilgan Rayan Sessenonda ham jarohat bor. Mezbonlar safida esa, faqat Leroy Saneni ko‘ra olmaymiz – u kelasi yilning mart oyigacha jamoaga yordam bera olmaydi.
Darvoqe, Chempionlar Ligasida Pochettino jamoasi raqibini xafa qilgan bo‘lsa-da, APLda «Manchester Siti» yaqqol favorit. Gvardiola faqat «Tottenhem»ga qarshi debyut o‘yinda mag‘lub bo‘lgan xolos, xususan, so‘nggi to‘rt o‘yinda faqat g‘alaba qozonib kelmoqda.
«CheLSI» – «LeSTeR» (18 avgust, 20:30)
«Chelsi» «Manchester Yunayted» va «Liverpul»ga qarshi o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, o‘yin sifati bo‘yicha ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi. Vaziyatlar yaratish, pressing borasida har ikki o‘yinda ham raqibidan ustunlik qildi ham. Ayniqsa, liverpulliklarga qarshi Yevropa Superkubogida Kante, Jiru, Pulishich kabi futbolchilar asosiy tarkibda tushgach, Lempard jamoasi ancha kuchli o‘yin ko‘rsatdi. Demak, nihoyat afsonaviy futbolchi qo‘l ostida ilk rasmiy g‘alabasini qo‘lga kiritish uchun londonliklar barcha imkoniyatga ega.
«Lester» ham anoyi emas. Endilikda Angliyada Top-6 dan tashqari, ularga yaqinroq kelishi mumkin bo‘lgan alohida to‘rtlik haqidayam aytilmoqda. Bular «Vulverhempton», «Vest Hem», «Everton» hamda «Lester» jamoalaridir. Tarkib saviyasi, moliyaviy imkoniyatlari borasida bu jamoalar ham mavsumni kuchli o‘tkazishlari va hatto ulardan qaysi biridir TOP-6 ga kirib olishi ham mumkin.
Klub yozda rekord narxda Harri Maguayrni sotib yuborgan bo‘lsa-da, juda katta yo‘qotishga uchradi deb bo‘lmaydi. O‘tgan yili ijara asosida o‘ynagan Yuri Tilemans «Monako»dan sotib olindi va aynan u ushbu mavsumda «tulkilar»ning asosiy yulduzi bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, Ayoze Peres «Nyukasl»dan xarid qilindi. «Chelsi» safida esa «Borussiya»dan transfer qilingan Kristian Pulishichning o‘yinlari ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirmoqda. U hatto Superkubok o‘yinida «Liverpul» darvozasini ishg‘ol qilgandi, ammo ofsayd tufayli gol bekor qilindi.
Shuningdek, «Lester»ning «Chelsi» uchun, umuman yangi shakllanayotgan har qanday jamoa uchun noqulay raqib ekanini e'tirof qilish kerak. Qarshi hujumlarda va qo‘yi blokda himoyalanishda yaxshigina tajriba ega bo‘lgan bu klub «Chelsi»ni jazolashga qodir. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumda «Lester» aynan «Stemford Brij»da mezbonlarni jazolagan, 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi.
«ATLeTIKO» – «XeTAFe» (19 avgustga o‘tar kechasi, 01:00)
Sakkiz yil oldin, 2011 yilning noyabrida «Xetafe» o‘z maydonida «Atletiko»ni 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan va g‘alaba golini 83-daqiqada penaltidan kiritgan edi. Shundan beri, g‘alaba qozonishni qo‘ying, Kastro urgan o‘sha gol bugungacha «Xetafe»ning «Atletiko» darvozasiga urgan eng oxirgi goli bo‘lib turibdi. Shundan buyon o‘tkazilgan 16 o‘yinning 13tasida «Atletiko» quruq g‘alaba qozongan, yana uch uchrashuvda esa hisob ochilmagan ekan. «Atletiko» maydonidagi so‘nggi gol esa 2010 yilning may oyida urilgan. O‘shanda «Xetafe» mehmonda 3:0 hisobida g‘alaba qozongandi.
Bu darajada ustunlik qayd etilgan raqiblar o‘rtasidagi o‘yinning tavsiya qilinishda sabablar bor, birinchidan, «Xetafe» o‘tgan mavsumni juda kuchli o‘tkazdi va so‘nggi turlargacha kuchli to‘rtlikda bordi. Ikkinchidan, yangilangan «Atletiko»ning o‘yinini kuzatish qiziq bo‘lsa kerak.
Ha, Angliyada ba'zi jamoalar yillardir avlodlarni almashtira olmayotgan bo‘lsa, Simeonega qoyil qolish kerak – jamoani yangilash uchun bir oy kifoya qildi. Grizmann, Rodri va Ernandesni jami 250 million yevrodan ortiq summaga sotishga muvaffaq bo‘lgan «Atletiko» bir qator juda qiziqarli va foydali bo‘lishi kutilayotgan xaridlarni amalga oshirdi. Shuningdek, Diyego Godin, Filipe Luis, Xuanfran kabi yoshi katta futbolchilar ham jamoani tark etgan.
Joao Felish, Rodrigo, Lorente, Tripper, Lodi, Ektor Errera kabi futbolchilar esa ularning o‘rniga keldi. Diyego Simeone navbatdagi jamoasini qanday shakllantirishini ham ko‘rish qiziq. O‘rtoqlik o‘yinlarida «Atletiko» yomon ko‘rinmadi, jumladan, «Real» va «Yuventus» ustidan g‘alabalar qozondi.
«VULVeRHEMPTON» – «MANCheSTeR YuNAYTeD» (19 avgust, 23:59)
«Ular juda shakllangan jamoa va jips holatda himoyalanishni ham biladilar, raqibga ochiq zonalar taqdim etmaydilar», – dedi Ole Gunnar Sulsher. Ochiq zonalar bugungi «Manchester Yunayted» uchun eng muhim ehtiyoj ekanini birinchi turda ham ko‘rdik – Marsiyal, Reshford, Lingard, Jyeyms kabi futbolchilar tezkor qarshi hujumlarda juda samarali bo‘la oladilar, ammo endi «Vulverhempton»ga qarshi o‘ynashni ham o‘rganish kerak.
«Vulverhempton» esa, bu raqibiga qarshi qanday o‘ynashni juda yaxshi biladi. Jamoa o‘tgan yilning bahorida «MYu»ni ikki marta jazolagan. Dastlab Sulsher jamoasini kubok uchun kurashdan chiqarib yuborgan bo‘lsa, keyin chempionatda ham uch ochkosiz qoldirib, «Manchester Yunayted»ga to‘rtlik uchun kurashda to‘siq bo‘lgandilar. Har ikki o‘yinda ham mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi qayd etilgan. Shuningdek, birinchi davrada «Old Trafford»dagi uchrashuvda ham «MYu» g‘alaba qozona olmaganini ham ta'kidlash kerak. Demak, bu «Manchester Yunayted» uchun bu «Vulverhempton» juda noqulay raqibdir.
Bir jihat – «Vulverhempton» payshanba kuni Yevropa Ligasida maydonga tushishiga to‘g‘ri keldi. «Pyuni»ka qarshi o‘yinda asosan zaxiradagi futbolchilar harakat qilgan bo‘lsa-da, «MYu» bilan uchrashuvda qaysidir vaziyatlarda qo‘shimcha kuch bilan o‘yini kuchaytirish imkoni sal pasaygan bo‘lishi mumkin.
BOShQA O‘YINLAR
16 AVGUST. BAVARIYa – Herta (23:30)
17 AVGUST. ARSeNAL – Byornli (16:30), BORUSSIYa D – Ausburg (18:30), Sauthempton – LIVeRPUL (19:00),
18 AVGUST. Renn – PSJ (23:55)
Mavzuga oid
11:37 / 28.11.2024
Mbappe yana uyaltirdi, PSVda tarixiy kambek. Kun o‘yinlari
11:53 / 25.11.2024
«Real» «Barsa»ga yetib olmoqda, Saloh «Liverpul»ni qutqardi. Kun o‘yinlari
11:50 / 24.11.2024
«Siti» yana 4 ta gol o‘tkazdi, «Barsa» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
13:34 / 11.11.2024