Jahon | 00:32 / 16.08.2019
49024
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Kuril orollarining Yaponiyaga berilishi shartini ma'lum qildi 

Foto: RIA "Novosti"

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kuril orollaridan ikkitasining Yaponiyaga berilishi kunchiqar mamlakat tomonidan Ikkinchi jahon urushi yakunlarining tan olinishi va tinchlik sulhi tuzilgandan keyingina mumkin bo‘lishini aytdi.

Lavrov sobiq ittifoqning huquqiy davomchisi hisoblanishi va shu sababli 1956 yilgi deklaratsiyani tan olishini eslatib o‘tgan. O‘sha deklaratsiyaga ko‘ra, Rossiya tinchlik sulhi tuzilgandan keyin to‘rt oroldan ikkitasini Yaponiyaga berishga tayyor.

“Hozircha barchasi yaponiyalik hamkasblarimizning Ikkinchi jahon urushi yakunlarini tan olishni istamasligiga borib taqalayapti. Men vaziyat ilojsiz, deb o‘ylamayman”, deb aytgan Lavrov.

70 yildan ko‘proq vaqtdan beri Rossiya va Yaponiya o‘rtasida tinchlik sulhi imzolanmay kelmoqda. Tokio uning imzolanishi sharti sifatida Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai orollari qaytarilishi kerakligini aytmoqda. Moskva esa janubiy Kurillarni Ikkinchi jahon urushi yakunlariga ko‘ra sobiq ittifoq tarkibiga kirgan deb hisoblaydi va ular ustidan suvereniteti shubha ostiga qo‘yilmaydi.

Deklaratsiyaga ko‘ra, Moskva tinchlik sulhi tuzilgandan keyin Kuril orollaridan ikkitasi – Xabomai va Shikotanning Yaponiyaga berilishiga rozi bo‘ladi.

Mavzuga oid