Jahon | 08:19 / 22.08.2019
5858
2 daqiqa o‘qiladi

Sudanda yangi bosh vazir tayinlandi 

Foto: Al Arabiya

Sudanda o‘tish hukumati rahbari etib Abdulla Hamdo‘k tayinlandi. U 39 oy davomida hukumatga rahbarlik qiladi. Bu haqda Al Arabiya telekanali  xabar berdi.  

Ta'kidlanishicha, Hamdo‘k ko‘plab yillar davomida BMTning Addis-Abebedagi tuzilmalarida yuqori lavozimda ishlab kelgan. U Sudanga bosh vazir etib tayinlanishidan biroz oldin qaytgan.

21 avgustda Sudanda mamlakatni keyingi saylovlargacha 3 yil boshqarishi kerak bo‘ladigan suveren kengashning barcha 11 a'zosi qasamyod keltirdi.

Kengashga 5 harbiy va 6 fuqaro shaxsi kirgan. 21 oy davomida kengashga general Abdulfattoh al-Burxon boshchilik qiladi. Qolgan 18 oy uni fuqaro shaxsi boshqaradi.

Sudanda harbiy to‘ntaruv yuz berib, sobiq prezident Umar al-Bashir hokimiyatdan chetlatilgandan keyin mamlakatni harbiy kengash boshqarib kelayotgandi. Bu esa harbiylarning yakkahokimligiga qarshi noroziliklar keltirib chiqargan. Natijada harbiylar muxolif koalitsiya bilan bitim tuzishgan. Hujjatda mamlakatda harbiy-fuqarolik suveren kengashi shakllantirish haqidagi band ham bo‘lgan. 

Suveren kengash tashkil etilishi mamlakatga siyosiy inqirozdan chiqishga va noroziliklarga chek qo‘yishga yordam berishi kutilmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid