Jahon | 00:14 / 01.09.2019
7796
3 daqiqa o‘qiladi

Moskvadagi norozilik aksiyasi ilk bor hibsga olishlarsiz o‘tdi

Foto: Andrey Lyubimov / RBK

31 avgust kuni Moskvada siyosiy qatag‘onlarga qarshi kelishilmagan aksiya bo‘lib o‘tdi. RBK mazkur aksiya tafsilotlari bilan tanishtirdi.

Aksiya qanday o‘tdi?

Aksiya soat 14:00da Chistiye prudida boshlandi. Yig‘ilganlar Pushkin maydoni tomon yo‘l olishdi.

Aksiyada deputatlikka nomzodi ro‘yxatga olinmagan Lyubov Sobol so‘zga chiqdi.  

Politsiya va Rosgvardiya namoyishchilarning yo‘lini to‘smadi va ular Pushkin maydoniga kirib kelmagunicha mitingchilarni tarqalishga chaqirmadi.

15:30larda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari Pushkin maydonini o‘rab ola boshladi va yig‘ilganlarni tarqalishga chaqirdi. Oradan yarim soat o‘tgach, o‘rab olish bekor qilindi. 

IIV kelishilmagan aksiya qatnashchilari 750 nafar bo‘lganini ma'lum qildi.

Meriya nima uchun aksiyaga rozi bo‘lmadi? 

Meriya aksiya o‘tkazishni rad etishini u piyodalarning harakatlanishiga xalaqit berishi mumkinligi bilan izohladi. Bundan tashqari, Moskvada shu kuni Bilimlar kuniga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lgan.

Aksiya o‘tkazilishiga nima sabab bo‘ldi?

Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur aksiya siyosiy qatag‘onlarga qarshi qaratilgan. Ularning fikricha, deputatlikka nomzodlari ro‘yxatga olinmagan Ilya Yashin, Konstantin Yankauskaus va Dmitriy Gudkov, nomzod Yuliya Galyaminalarning hibsga olinishi hamda 27 iyuldagi aksiyalardagi «ommaviy tartibsizliklar» bo‘yicha ish siyosiy qatag‘onga kiradi.

Avvalgi aksiyalar qanday o‘tgandi?

13 iyuldan beri to‘rtta aksiya o‘tkazildi. Ulardan ikkitasi - 20 iyul va 10 avgustdagi aksiyalar hokimiyat bilan kelishilgandi.

27 iyuldagi kelishilmagan aksiyadan so‘ng 1373 kishi hibsga olindi va «ommaviy tartibsizliklar» bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.

10 avgustdagi kelishilgan mitingga 50 minggacha kishi keldi. Mitingdan so‘ng, turli ma'lumotlarga ko‘ra, 136 tadan 244 tagacha kishi qo‘lga olindi.

31 avgustdagi aksiya nimasi bilan farq qildi? 

Politsiya, OMON bo‘lmadi va namoyishchilar yo‘li to‘silmadi.

O‘tgan safargi kelishilmagan aksiyalar vaqtidagidan farqli o‘laroq, do‘kon va kafelar yopilmadi va ishlashda davom etdi. 

Hukumat nima uchun kuch ishlatmadi? 

Moskva davlat dumasiga bo‘ladigan saylovlarga bir hafta qoldi va hukumatga nizo kerakmas, deb hisoblaydi siyosatshunos Rostislav Turovskiy. Uning fikricha, shuning uchun «vaqtinchalik iliqlik» boshlandi.  

Siyosatshunos Aleksandr Pojalov ham uning fikriga qo‘shiladi. Uning qayd etishicha, hukumatga saylovlar arafasi va birinchi o‘qish haftasi ommaviy hibsga olishlarsiz o‘tishi foydali.  

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid