O‘zbekiston | 09:45 / 07.09.2019
8732
4 daqiqa o‘qiladi

“Adolat” SDP: darslik uchun to‘lov - Konstitutsiyamizga zid

“Adolat” sotsial demokratik partiyasi saytida maktab o‘quvchilariga ijara shartnomasi asosida darsliklar yetkazib berilishi mavzuida maqola e'lon qilindi. Unda mazkur tizim Konstitutsiyaga zid ekanligi, maktab o‘quvchilari darsliklar bilan bepul ta'minlanishi kerakligi to‘g‘risida so‘z yuritilgan.

Ma'lumki, Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi (RMKJ) tomonidan har yili maktab o‘quvchilariga ijara shartnomasi asosida darsliklar yetkazib beriladi. Har bir oilaning ikki-uch yoki undan ziyod farzandi maktabda o‘qiydi. Ota-ona farzandlari maktabda o‘qishi uchun boshqa ko‘plab xarajatlarni amalga oshiradi (kiyim-kechak, o‘quv qurollari, yo‘l kira va hokazo). Oilada bir necha farzandning darslik kitoblari ijarasi uchun bu xarajatlarga yana 60-120 ming so‘m atrofidagi chiqim qo‘shiladi.  

Ma'lumotlarda keltirilishicha, har bir o‘quvchi darsliklar ijarasi uchun bir yilga 13-40 ming so‘m to‘laydi. Ammo hammaning sharoiti har xil, ushbu mablag‘ni to‘lay olmaydigan oilalar ham bor.

Yaqinda “O‘zbekiston” telekanalida siyosiy partiyalar vakillari bilan o‘tkazilgan telemuloqotda ham shu xususida fikr-mulohazalar aytib o‘tildi. Jumladan, “Jamiyat” gazetasining internetdagi saytiga kelgan murojaatlardan birida namanganlik o‘quvchi qiz o‘zi va ukasi darsliklar ijarasi uchun zarur mablag‘ni to‘lay olmaganligi, hozirda tahsil olayotgan maktabida birinchi sinfdan o‘qimasligi sababli, agar bu yil kitob ijarasiga to‘lov qilib maktab darsliklarini olmasa o‘zi va ukasi qaytadan birinchi sinfga chiqishi kerak ekanligini ta'kidlagan. Hayotda bunday misollar yana borligi tabiiy holdir.

Ta'kidlash joizki, Konstitutsiyamizning 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta'lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”, deb belgilab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib fikr yuritadigan bo‘lsak, maktablarga tarqatiladigan darsliklar o‘quvchilarga bepul berilishi kerak. Juda bo‘lmaganda ehtiyojmand oilalar farzandlarini darslik uchun ijara to‘lovidan ozod qilish darkor, desak ham boshqalar pul to‘lashi kerakligi Asosiy qonunimizdagi qoidaga to‘g‘ri kelmaydi.

Ta'limga ajratilgan sarmoya kelajakka ajratilgan sarmoyadir. Bunday mablag‘ bir necha baravar ko‘payib, kelgusida qaytadi va mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Har bir oila farzandlarining yaxshi bilim olishi ko‘p hollarda ularning kuchli ijtimoiy himoyalanishiga ham bog‘liq hisoblanadi.

Maktab ta'limini rivojlantirish, o‘qitish ishlarini zamon talablari darajasida tashkil etish masalasi partiyamizning dasturiy vazifalaridan biri sanaladi. Darsliklarning sifati, ushbu kitoblarda aniqlangan xatoliklar yuzasidan partiya ekspertlari o‘tkazgan o‘rganishlar ham ana shu maqsadga qaratilgan edi.

Pedagoglar, ziyolilar partiyamiz elektoratida ko‘pchilikni tashkil etadi. O‘quvchilarning darsliklar bilan ta'minlanishi pedagoglarning ham manfaatiga xizmat qiladi. Demak, maktab darsliklaridan foydalanishda o‘quvchilarning konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish, mazkur kitoblar bepul berilishini ta'minlashga erishish partiyamizning yangi dasturlarida o‘z ifodasini topishi ayni muddaodir.

Farrux ABDUHAMIDOV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP matbuot xizmati mas'ul xodimi

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid