O‘zbekiston | 17:24 / 11.09.2019
7227
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy delegatsiyasi AQShga bordi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi harbiy delegatsiya harbiy ta'lim sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish, shuningdek, har ikki mamlakat harbiy ta'lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida AQShga tashrif buyurdi.

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, tashrif doirasida 9 sentabr kuni general-mayor Azizbek Ikramov AQSh Milliy mudofaa universiteti Prezidenti, vitse-admiral Frits Rugge bilan uchrashdi. O‘zaro muloqot mobaynida oliy bo‘g‘in ofitser kadrlarini tayyorlash, shuningdek, harbiy tadqiqotlar o‘tkazish borasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan har ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ta'kidlab o‘tildi. Tomonlar keng ko‘lamli masalalar va  AQSh Milliy mudofaa universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashishdi. 

«O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi universitet infratuzilmasi, harbiy kadrlar tayyorlashga yondashuvning umumiy tizimi, shuningdek, professional harbiy ta'limning muayyan kurslari uchun mo‘ljallangan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish prinsiplari bilan tanishdi.

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo Strategik tadqiqotlar markazi (NESA) direktori, iste'fodagi general-leytenant Tomas Vulf bilan uchrashdi. Tomonlar mintaqaviy xavfsizlik sohasida tadqiqotlar o‘tkazish masalalari bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklari ta'kidlab o‘tildi. 

10 sentabr kuni Missisipi shtatidan AQSh Kongressi Vakillar palatasi a'zosi Trent Kelli, shuningdek, AQSh Mudofaa vazirligi vakili Amer Latif bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. O‘zaro muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashdi. 

Delegatsiyamiz a'zolari 11-13 sentabr kunlari Pensilvaniya shtatining Karlayl shahrida joylashgan AQSh Quruqlikdagi qo‘shinlari Harbiy kollejiga tashrif buyuradi», deyiladi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabarida.

Mavzuga oid