Jahon | 16:40 / 15.09.2019
25263
3 daqiqa o‘qiladi

Snouden maxfiy ma'lumotlarni oshkor etishi sababini ma'lum qildi

Foto: ITAR-TASS/Pavel Smertin

Amerika maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden o‘zining "Shaxsiy yozuv" deb nomlangan memuarida uni maxsus xizmatlarning maxfiy ma'lumotlarini oshkor etishga undagan sababni ma'lum qildi.

"Konstitutsion tizim qachonki uning barcha uch bo‘g‘ini me'yorida ishlaganida faoliyat yurita oladi. Uchala bo‘g‘in nafaqat ishlashdan to‘xtasa, balki ongli ravishda ishlashdan to‘xtatiladigan bo‘lsa, buning oqibati jazosiz qolish bo‘ladi. Men Oliy sud, kongress yoki prezident Obama qachondir razvedka jamiyatini jazoga tortadi deb o‘ylaganimda ahmoq bo‘lgan ekanman", — deb yozadi Snouden.

"Razvedka jamiyati o‘zini qonundan ustun ko‘rishini tan olish vaqti kelgandi, tizim qanchalik buzilgani e'tiborga olinsa, u bunga haqli edi. razvedka jamiyati bizning tizimimizni bu tizimni yaratganlardan ko‘ra yaxshiroq tushunardi va bundan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalandi. Ular konstitutsiyani buzib tashlashdi", — deya ta'kidlaydi Snouden.

Uning fikricha, bunday jinoyatga yagona munosib javob maxfiy dasturlarni e'lon qilish edi.

"Men emas, Amerika hukumatining to‘rtinchi bo‘g‘ini bo‘lgan OAV orqali ommaviy kuzatuv apparatini butkul fosh etish – bunday miqyosdagi jinoyatga beriladigan yagona munosib javob bo‘lardi", — deb izohladi Snouden o‘z qarorini.

Snouden 2013 yilda The Washington Post va The Guardian nashrlariga AQSh va Britaniya maxsus xizmatlarining internetda kuzatuv olib borish dasturlari haqidagi maxfiy axborotni bergan. U dastlab Hongkongga, so‘ngra Moskvaga uchib, u yerda Sheremetevo aeroportining tranzit hududida ma'lum vaqt qolishiga to‘g‘ri kelgan. 

Rossiya Snoudenga AQShga qarshi faoliyatini to‘xtatishi kerakligi sharti bilan bir yilga boshpana bergan. 2014 yil avgustda u nafaqat Rossiya bo‘ylab, balki xorijga sayohat qilishga imkon beruvchi 3 yillik yashash huquqini olgan. 2017 yilda ushbu huquq yana 3 yilga uzaytirilib berilgan.

Mavzuga oid