Jamiyat | 17:56 / 17.09.2019
9258
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda noqonuniy ravishda qum qazib olgan fuqaro jazolandi

Xorazm viloyati, Urganch tumani, Qoramon qishlog‘ida yashovchi D.Otajonov noqonuniy ravishda qum qazib olib, umumtarqalgan foydali qazilmalardan foydalanish qoidalarini buzgani ma'lum bo‘ldi.

Xorazm viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari natijasida D.Otajonov Urganch tumani, Bekobod qishlog‘i hududidan o‘zining ekskavatori bilan tegishli hujjatlarsiz qum qazib olib, «Yer osti boyliklari to‘g‘risida»gi Qonunning 15-16-moddalari, hamda O‘zbekiston Respublikasi «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 70-moddasi 1-qismi talablarini buzgani aniqlandi.

Ma'muriy ish yuzasidan D.Otajonov nisbatan eng kam oylik ish haqining 10 barobari miqdorida, ya'ni 2,2 million so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Eslatib o‘tamiz, «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 70-moddasi 1-qismida foydali qazilmalar joylashgan maydonlarga o‘zboshimchalik bilan imoratlar qurish, foydali qazilma konlarini ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda kon nazorati organlari bilan kelishmay turib ishga solish, yer osti boyliklaridan foydalanish talablari va tartibini buzish, yer qa'ridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi talablarini buzish, yer osti boyliklarini muhofaza qilish qoidalarini va tabiiy muhitni, binolar va inshootlarni yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarning zararli ta'siridan muhofaza qilish talablarini bajarmaslik, yer osti suvlari rejimini kuzatish uchun qazilgan quduqlarni, marksheyderlik va geologik belgilarni yo‘q qilish yoki shikastlantirish, xuddi shuningdek umumtarqalgan foydali qazilmalardan foydalanish qoidalarini yerga egalik qiluvchilar va yerdan foydalanuvchilar tomonidan buzish kabi qonunbuzarliklar ko‘zda tutilgan bo‘lib, fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kun.uz muxbiri Nurmuhammad Said

Mavzuga oid