O‘zbekiston | 16:12 / 20.09.2019
41905
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Qahramon ona» ordeni qayta ta'sis etilishi mumkin

Sobiq Ittifoq davrida ko‘p farzand dunyoga keltirgan ayollarga berilgan «Qahramon ona» ordeni O‘zbekistonda qaytadan joriy etilishi mumkin.

Bugun, 20 sentabr kuni parlament qo‘mitasi qabul qilgan qaror asosida mazkur masala yuzasidan aholining fikri o‘rganiladi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi bu borada «Oila» ilmiy-amaliy markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Ijtimoiy fikr» markazi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga topshiriq berdi.

Unga ko‘ra, sanab o‘tilgan tashkilotlar 2 oy muddatda mazkur masala bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganib chiqishlari lozim. Jarayonga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ham jalb etiladi.

Qarorga asosan, «Qahramon ona» ordeni davlat va jamiyat hayotida fidokorona mehnat qilgan, odob-ahloqli va yuqori ma'naviyatli farzandlarni tarbiyalagan onalar xizmatini yuksak e'tirof etish va taqdirlash maqsadida ta'sis etilishi taklif qilinmoqda.

Shuningdek, ko‘p bolali oilalarga nisbatan manzilli davlat siyosatini yuritish maqsadida ularni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish masalasini ham o‘rganish bo‘yicha qator idoralarga vazifa yuklatildi.

Unga asosan, endilikda O‘zbekistonda:
– ko‘p bolali oilalarning elektron reyestri shakklantirilishi va doimiy ravishda yuritib borilishi,
– bunday oilalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy ko‘maklar hajmi tahlil qilib borilishi,
– ko‘p bolali oilalarga ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan ko‘maklar to‘g‘risida ma'lumot yig‘ish masalalariga ko‘proq etibor qaratila boshlanishi mumkin.

Ma'lumot o‘rnida, «Qahramon ona» ordeni SSSRda 1944 yilda, demografik inqirozning oldini olish maqsadida ta'sis etilgan bo‘lib, 10 yoki undan ko‘proq bolani dunyoga keltirgan onalar o‘ninchi farzandi 1 yoshga to‘lgan va qolgan bolalari hayot bo‘lgan taqdirda mazkur orden bilan taqdirlangan. Mukofot egalariga qator imtiyozlar joriy etilgan.

Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, 1944-1991 yillar davomida O‘zbekistonda yuz mingga yaqin onaga «Qahramon ona» ordeni berilgan. Shuningdek, sovetlar davrida besh nafardan ko‘proq bola tug‘gan onalarga uch darajali «Onalik shuhrati» medali ham berib kelingan.

Mavzuga oid