Jahon | 20:19 / 20.09.2019
97714
2 daqiqa o‘qiladi

Putinni Kremldan «quvib chiqarmoqchi» bo‘lgan shomon qo‘lga olindi

Buryatiyada 19 sentabr ertalab maxsus operatsiya davomida Moskvaga Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Kremldan «quvib chiqarish» uchun yo‘l olgan yoqutistonlik shomon Aleksandr Gabishev ushlandi. Bu haqda “RBK” nashri ma'lum qildi.   

Ta'kidlanishicha, Gabishev 20 sentyabrda Yoqutistondagi psixonevrologik dispanserga ruhiy sog‘lig‘ini tekshirish uchun ekspertizaga jo‘natilgan. Biroq huquq himoyachilari uni topa olishmayotganini ma'lum qilishgan. Keyinroq shomonning o‘zi tarafdorlari bilan aloqaga chiqib, bir kunga singlisining uyiga borishga ruxsat olganini, singlisi uyi qo‘riqlanayotganini ma'lum qilgan.

O‘zini shomon deb atovchi Gabishev mart oyida Yoqutistondan Moskvaga “yovuz kuchlar tomonidan yaratilgan Putinni Kremldan quvish” va “xalq hokimiyatini o‘rnatish” uchun piyoda yo‘l olgan. U 2 yil ichida 8 ming km yo‘l bosib o‘tmoqchi bo‘lgan. Biroq 19 sentyabrda qo‘lga olingan, bungacha esa 3 ming km yo‘l bosib o‘tishga va o‘ziga yuzlab odamlarni jalb qilishga ulgurgan. Keyinroq mahalliy politsiya shomon Yoqutistonda sodir etilgan jinoyat uchun qidiruvda bo‘lganini ma'lum qilgan, biroq aynan qanday jinoyat uchun qidirilganini aytmagan.

«Meni ekstremizm, hokimiyatni ag‘darishga chorlov uchun sudlashadi. Advokatim bor, sudlashmoqchiman», deb aytgan Gabishev.

Mavzuga oid