O‘zbekiston | 16:40 / 20.09.2019
29303
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda saylov kampaniyasiga start berildi

Bugun, 20 sentabr kunidan O‘zbekistonda parlament saylovlari kampaniyasiga start berildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida tashkil etilgan navbatdagi majlisida Markaziy saylov komissiyasi 2019 yil 22 dekabrni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kuni deb belgiladi. 

Majlisda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Tadbirda ta'kidlanishicha, bu yil mamlakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar ilk bor O‘zbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksi asosida o‘tadi. Saylovlarda birinchi marta beshta siyosiy partiya o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega. Bular – «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi.

«Saylov kodeksiga binoan endilikda siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga bo‘lajak saylovlarda 135 emas, balki to‘liq 150 saylov okrugidan nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Ekologik harakatiga berilgan kvota chiqarib tashlangani partiyalararo raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Viloyatlarda hududiy bo‘linmalari ham ish boshlagan Xalqaro matbuot markazida Saylovchilarga tezkor axborot berish markazi (Call-center) faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi respublika hududi bo‘ylab abonentlardan markazga chiquvchi bepul qo‘ng‘iroqlar amalga oshiriladigan ko‘p tarmoqli va qisqa raqamli alohida aloqa liniyasi ajratadi hamda uning uzluksiz ishlashini ta'minlaydi», deyiladi Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotida.

Bu yilgi saylovda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirilgan. Bu saylovchilarning teng huquqligini ko‘rsatadi. 

Oldindan ovoz berish jarayoni saylov kunidan 10 kun oldin boshlanib, 3 kun keyin tugaydi.

Saylovlar ertalabki soat 8:00dan boshlanib, kechki soat 20:00gacha davom etadi.

Saylovlarda 20 milliondan ortiq saylovchi ovoz berish huquqiga ega hisoblanadi.

Mavzuga oid