Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Advokatlar palatasi raisi: «Bizda 8200 kishiga 1 advokat to‘g‘ri keladi»
O‘zbekiston Advokatlar palatasida BMT Inson huquqlari kengashining Sudya va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur muloqot chog‘ida Palata raisi Olim Ernazarov mehmonni mamlakat advokaturasining hozirgi vaziyat bilan tanishtirar ekan, sohadagi dolzarb muammolarga birma-bir to‘xtaldi. Avvalo, kadrlar tanqisligiga e'tibor qaratildi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 3946 nafar advokat ro‘yxatga olingan. Ya'ni, o‘rta hisobda 8200 nafar kishiga bitta advokat to‘g‘ri keladi.
“Bu halokatli darajada kam, – dedi Palata rahbari. – Eng achinarlisi, so‘nggi 8-10 yilda advokatlar sonida normal potensial o‘sish kuzatilmagan”.
O.Ernazarovning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Palata tomonidan dunyoning 41 davlatidagi advokatlar sonining umumiy nufusga nisbati tahlil qilingan. Aniqlanishicha, aholining advokatlar bilan ta'minlanganlik darajasi bo‘yicha biz nafaqat ilg‘or G‘arb davlatlari, hatto qo‘shnilardan ham ancha ortda qolganmiz.
Jahonda eng yuqori ko‘rsatkich Isroilga tegishli – 136 kishiga bitta advokat. Shuningdek, yaqin davlatlardan: Turkiyada 665/1, Estoniyada 1300/1, Ukrainada 1200/1, Gruziyada 700/1, Qozog‘istonda 3932/1.
“Bu hali faqat son masalasi. Har bir fuqaroning malakali yuridik yordam olish imkoniyatlari alohida muhokamaga arziydi”, – ta'kidladi Palata rahbari.
Uning aytishicha, mazkur muammo kompleks yechim talab qiladi, ammo hali-hanuz obektiv va sub'yektiv sabablarga ko‘ra bu borada aniq to‘xtamga kelinmagan. Holbuki, agar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, vaziyat yil sayin og‘irlashib boraveradi. Advokatlar va aholi soni nisbatini bir qadar maqbulroq miqdorga keltirish esa uzoq vaqt talab etadigan jarayondir.
“Biz o‘rganib chiqdik: O‘zbekiston OTMlari bir yilda taxminan 650 nafar huquqshunos tayyorlar ekan. Agar advokatura foydasiga moratoriy e'lon qilib, hamma bitiruvchilar advokatlikka yo‘llangan taqdirda ham 5 yil davomida atigi 3500 nafar yangi advokat qo‘shiladi”, – dedi Palata raisi.
Olim Ernazarovning ma'lumotiga ko‘ra, 4 ming nafarga yetar-yetmas advokatdan 30 va undan kichik yoshdagilar salmog‘i atigi 70 kishini tashkil qiladi.
“Jamiyatimizda advokatning obro‘yi o‘zi haminqadar. Qolaversa, shu kasb egasi bo‘lishni orzusida yuridik bilim olgan yoshlar advokatlik faoliyatini boshlashda ma'muriy cheklovlarga duch keladi. Masalan, qonunchiligimizga ko‘ra, advokat litsenziyasini olish shartlaridan biri – huquqiy sohada 2 yillik ish stajiga egalik. Shu kabi to‘siqlar advokat bo‘lish istagidagi kamyob yoshlarning oyog‘iga tushov bo‘layotir”, – dedi Advokatlar palatasi raisi.
Mavzuga oid
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
08:15 / 08.06.2026
BMT kuchli El-Nino haqida ogohlantirdi
08:10 / 06.06.2026
Ukraina BMT Xavfsizlik kengashini favqulodda yig‘ilishga chaqirdi
12:20 / 04.06.2026