O‘zbekiston | 12:33 / 21.09.2019
4438
3 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar Transport vazirligi faoliyatini qanday baholadi?

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

2019 yil 20 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Parlament quyi palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, Hisob palatasi vakillari, ekspertlar hamda jurnalistlar qatnashgan tadbirda davlatimiz rahbarining 2019 yil 27 fevraldagi “2019 yilda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari to‘g‘risida”gi Farmoyishi ijrosi holati yuzasidan Transport vazirligining hisoboti eshitildi.

Ta'kidlanganidek, baholashning asosiy mezonlarida Transport vazirligi tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan 55 ta maqsadli vazifalarning 21 tasi 2019 yil davomida ijro etilishi va 5 tasi joriy yilning sentabr-dekabr oylarida yakunlanishi belgilangan. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasida 2025 yilgacha transportni rivojlantirish Konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, tegishli tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Deputatlar Transport vazirligi faoliyatini baholash bo‘yicha qator mezonlarning bajarilishi holati bilan birga aholi tomonidan ko‘tarilayotgan muammolar yechimiga ham e'tibor qaratdi. Xususan, aholiga ko‘rsatiladigan avtotransport xizmatlariga ehtiyojning to‘liq qoplanmayotgani, ya'ni qishloq punktlaridan tuman markaziga, tuman markazidan shaharga, shahar markazidan viloyatlarga, shuningdek, viloyatlararo yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarining yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari, avtomobil, temiryo‘l, havo va elektr transportlarda yuk hamda yo‘lovchilar tashishning hajmi kamligi, ularga xizmat sifati, narxi yuqoriligi va boshqa bir qator masalalar aholining haqli e'tiroziga sabab bo‘layotganligiga to‘xtalib o‘tildi. Bu vazifalarni amalga oshirishda birinchi navbatda, vazirlik va uning tizimidagi barcha rahbarlar o‘z faoliyatini tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik asosida tashkil etishlari zarurligi alohida ta'kidlandi.

Tadbirda deputatlar “O‘zyo‘linspeksiyasi” tomonidan 5985 ta yo‘l qurilish obektlarida amalga oshiriladigan ishlarning 1710 tasida nazorat ishlari amalga oshirilgani, qolgan 4275 ta yo‘l qurilish obektlarining nazoratsiz qolayotganiga alohida e'tibor qaratdilar.

Eshituv davomida Jahon bankining (Logistic performance Index) logistika samaradorligi Indeksi metodologiyasiga muvofiq, mamlakatning transport-logistika kompleksi ahvolini baholash tizimini joriy etish hamda ushbu indeksda respublika reytingini yaxshilash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar tanqidiy muhokama qilindi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid