Jahon | 22:38 / 25.09.2019
9839
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xitoyning 5 ta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etdi 

AQSh hukumati Eron bo‘yicha sanksiyalar ro‘yxatiga Xitoyning 5 fuqarosi va 5 kompaniyasini kiritdi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi.  

Sanksiyalar, jumladan, China Concord Petroleum neft kompaniyasi va Cosco Shipping Tanker kemachilik kompaniyasiga qarshi kiritilgan.  

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Vashington Xitoy fuqarolari va kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritganini tasdiqlagan.

“Bugun AQSh sanksiyalariga zid ravishda Erondan neft tashigan Xitoy tashkilotlariga qarshi sanksiyalar kiritamiz. Bundan tashqari, bu muhim, ushbu kompaniyalar rahbarlariga ham sanksiyalar joriy qilamiz. Biz Xitoy va boshqa davlatlarga “Bilingki, sanksiyalar ostiga tushuvchi har bir holat uchun sanksiyalar kiritamiz”, deb aytamiz”, degan Pompeo.

Sanksiyalar ro‘yxatiga tushish AQShda aktivlarning muzlatilishi va AQSh fuqarolari yoki kompaniyalariga sanksiyalar ostiga tushgan fuqarolar va tashkilotlar bilan biznes olib borish taqiqlanishini anglatadi.

Avvalroq Eron Xitoyga tankerlarda neft yetkazayotgani ma'lum qilingandi. Ta'kidlanishicha, millionlab tonna neft Xitoy portlaridagi bojxona omborlariga tushirilgan, bu esa rasman AQSh sanksiyalariga zid hisoblanmaydi. 

Shuningdek, Eronning kamida 12 tankeri Osiyo va O‘rta yer dengiziga neft tashishni davom ettirayotgani ta'kidlangan. 

Mavzuga oid