O‘zbekiston | 16:35 / 25.09.2019
29654
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda elektrobus sinov harakati qanday o‘tmoqda?

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahrining 41 ─ “Chilonzor buyum bozori ─ Chilonzor 25-mavze” yo‘nalishida sinov tariqasida Belorussiyadan keltirilgan elektrobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. “Toshshahartransxizmat”AJ va Belorussiyaning “Belkommunmash” kompaniyasi o‘rtasidagi memorandum asosida amalga oshirilayotgan sinov qatnovi samarali kechsa, poytaxt ko‘chalarida elektrobusning doimiy harakati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun uyushtirilgan press-tur davomida sinov qatnovi hamda elektrobusning afzalliklari haqida ma'lumot berildi.

Elektrobus 94 yo‘lovchiga (27ta o‘rindiq mavjud, 67 nafar yo‘lovchi tik ketishi mumkin) mo‘ljallangan, shuningdek, nogironlar uchun ham joy ajratilgan. Transportda ikkita mini televizor o‘rnatilgan.

Elektrobus qarashli bo‘lgan 7-avtosaroy direktori Bositxon G‘ulomovga ko‘ra, elektrobus ekologik jihatdan xavfsiz ekanligi, iqtisodiy jihatdan tejamkorligi bilan oddiy avtobuslardan ustunlikka ega. Hozirda elektrobusning texnik holati bo‘yicha javobgarlikni belorussiyalik mutaxassislarning o‘zi olgan.

“Belkommunmash” zavodi mutaxassisi Sergey Senkeyevichning ma'lumot berishicha, elektrobus juda qisqa muddat ─ 8-9 daqiqa ichida to‘liq quvvatlanadi. Bu uning superkonditsator texnologiyasi asosida ishlashi bilan bog‘liq. Bu quvvat 20 km masofani bosib o‘tish uchun yetishi kafolatlangan.

“Quvvat sarfi avtobus salonida qancha yo‘lovchi borligiga ham bog‘liq. Bo‘shroq bo‘lsa, 20 km.dan ham ko‘proq masofaga yurishi mumkin. Elektrobusga to‘rtta kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Ular avtobus salonini, quvvatlagichning holatini, yo‘lning old va atrofdagi qismini kuzatish imkonini beradi. Elektrobus quvvatlagichi oldida maxsus konditsioner bo‘lib, u haroratni bir maromda ushlab turishga xizmat qiladi”, ─ deydi mutaxassis.

Ma'lum qilinishicha, Ye420 “Vitovt Elektro” elektrobusining sinov harakati muvaffaqiyatli o‘tsa, uning doimiy harakatini yo‘lga qo‘yish uchun mutaxassislar, texnik xodimlar maxsus dastur asosida tayyorlanadi.

Shuningdek, BMTning rivojlanish loyihasi O‘zbekistonda elektrobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish uchun 4 mln dollar budjet ajratishni rejalashtirayotgani haqida ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid