O‘zbekiston | 14:39 / 28.09.2019
13197
18 daqiqa o‘qiladi

Axborot olish erkinligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi

Foto: Fotolia / Pavel Ignatov

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasining “Axborot olish erkinligi hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi e’lon qilindi.

Qonunning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • axborot olish erkinligi tamoyillari va kafolatlariga rioya etilishini ta’minlash;
  • har bir insonning axborotni erkin va to‘siqsiz izlash, olish, tekshirish, uzatish, tarqatish, foydalanish va saqlashda konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati to‘g‘risida axborot olish huquqi kafolatlarini ta’minlash;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati to‘g‘risida axborot olishini ta’minlash;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati to‘g‘risidagi axborotni tarqatish tartibini belgilash;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslarining qabul qilinayotgan qarorlar ustidan javobgarligini oshirish;
  • shaxs, jamiyat va davlatning axborot va axborot xavfsizligini himoya qilishni ta’minlash.

Ushbu qonun axborot olish erkinligi, shuningdek, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga tatbiq etiladi.

Ushbu Qonunning amal qilishi quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

  • jismoniy shaxslarning shaxsiy ma’lumotlarini olish tartibi;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan arizalar, takliflar va shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan vakolatlarini amalga oshirishda boshqa davlat organlari va boshqa tashkilotlarga o‘z faoliyati to‘g‘risida axborot berish tartibi;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati to‘g‘risidagi taqdim etishning o‘ziga xos xususiyatlari boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan alohida axborot turlari.

Axborot olish erkinligining asosiy tamoyillari, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi quyidagilardan iborat:

  • axborotning oshkoraligi, ommaviyligi, ochiqligi va ishonchliligi;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilayotgan axborotning o‘z vaqtida, shaffof, to‘liq va haqqoniyligi;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etishda fuqarolarning o‘z sha’ni va qadr-qimmatini tajovuzlardan, o‘z shaxsiy hayotiga aralashuvlardan himoya qilishga bo‘lgan huquqlari va qonuniy manfaatlariga, shuningdek fuqarolar va yuridik shaxslarning o‘z ishchanlik obro‘sini himoya qilishga bo‘lgan huquqlariga rioya etish.

Har bir fuqaroga axborot olish huquqi kafolatlanadi. Axborot ochiq va oshkora, ishonchli hamda hamma foydalanishi mumkin bo‘lishi kerak, maxfiy axborot bundan mustasno.

Davlat har kimning axborotni izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqini himoya qiladi. Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab axborot olish huquqi cheklanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasida senzuraga va axborotni monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari hamda mansabdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har kimga o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan axborot bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlab berishga, maqbul axborot resurslari yaratishga, foydalanuvchilarni fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlariga, ularning xavfsizligiga doir hamda jamiyat manfaatlariga taalluqli boshqa masalalar yuzasidan axborot bilan ommaviy tarzda ta’minlashga majburdirlar. Axborot olish uning nashr etilishi va (yoki) butun dunyo bo‘ylab Internet axborot tarmog‘ida joylashtirilishi, shuningdek, qonun hujjatlari va tegishli materiallarni tarqatish orqali ta’minlanadi.

Axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi.

Ommaviy axborot vositalari o‘zlari tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, jamoat birlashmalarining, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarning fuqarolarning axborot olishga doir huquqlarini kamsituvchi xatti-harakatlari yoki harakatsizligi, axborot egasi va mulkdorining axborot olishni rad etishi yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek boshqa yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi axborot jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va nodavlat notijorat tashkilotlarning huquqiy maqomini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar hamda boshqa hujjatlar, shuningdek ularning ijro etilishining borishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga va boshqa hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ushbu hujjatlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning va boshqa hujjatlarning loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat dasturlari hamda boshqa dasturlar amalga oshirilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • budjetdan ajratiladigan mablag‘lar va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanilishi, o‘tkazilgan tanlovlar (tenderlar) va olingan tovarlarning yetkazib berilishi to‘g‘risida, vazirliklar, idoralar, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda boshqa budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladigan tegishli axborotlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlar (majlislar, kengashlar, uchrashuvlar, matbuot konferensiyalari, brifinglar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqalar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning jismoniy va yuridik shaxslar, boshqa davlat organlari hamda tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi, shuningdek xorijiy hamda xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikda ishtirok etishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • amalga oshirilishida davlat organlari va boshqa tashkilotlar ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, shuningdek ularning rahbarlari va rasmiy delegatsiyalarining rasmiy tashriflari va xizmat safarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati sohasiga taalluqli bo‘lgan tarmoqning (hududning) holatini va uning rivojlanish sur’atini tavsiflovchi asosiy ko‘rsatkichlar va statistik ma’lumotlar haqidagi, shu jumladan ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa rivojlanish ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan (tashkil etiladigan) ochiq tanlovlar (tenderlar) va kimoshdi savdolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • ekologik, meteorologik, demografik, sanitariya-epidemialogiya va favqulodda vaziyatlar, aholini, aholi punktlarini, ishlab chiqarish obektlarini va kommunikatsiyalarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish holati va ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar, prognoz qilinayotgan va yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar, aholini ulardan himoya qilish usullari va uslublari to‘g‘risida ma’lumotlar, shuningdek, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan fuqarolar va tashkilotlar e’tiboriga yetkazilishi lozim bo‘lgan boshqa ma’lumotlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar, uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari, shuningdek davlat organi va boshqa tashkilot, uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalarida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari to‘g‘risida ma’lumot;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar, idoraviy arxivlar va davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari, boshqa yuridik shaxslarning ochiq fondlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ta’sis etilgan ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarda, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari va bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish uchun nomzodlarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan muvofiqlashtiruvchi va maslahat organlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ochiq Hay’at majlislarini o‘tkazish rejalari, shu jumladan majlislarning kun tartibi loyihalari, ular o‘tkaziladigan sana, joy va vaqt, majlislarda hozir bo‘lish tartibi.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risidagi axborot sirasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ma’lumotlar ham kiritilishi mumkin.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborot ro‘yxatini ushbu modda qoidalariga muvofiq tasdiqlaydi.

Davlat hokimiyatining vakillik organlari (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari), ularning qo‘mitalari (doimiy komissiyalari), komissiyalari ochiqlikni ta’minlash maqsadida o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborot, shu jumladan rejalashtirilayotgan majlislar va tadbirlar, ko‘rib chiqilishi mo‘ljallanayotgan masalalar, qabul qilingan qarorlar haqidagi axborot o‘z vaqtida e’lon qilinishini (chop etilishini) ta’minlaydi.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risida axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs axborotdan foydalanuvchidir.

Axborotdan foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:

  • axborotni to‘siqsiz izlash, olish, o‘rganish, uzatish, tarqatish, ulardan foydalanish va saqlash;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risidagi ishonchli axborotni olish va tarqatish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risida ushbu Qonunning 8-moddasida nazarda tutilgan axborotni olish uchun bevosita yoxud o‘z vakillari orqali so‘rov bilan murojaat etish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risida so‘ralayotgan foydalanish cheklanmagan axborotni olish zaruratini asoslab bermaslik;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risida axborot olish huquqini hamda uni amalga oshirish tartibini buzayotgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ularning mansabdor shaxslarining hujjatlari va (yoki) harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati to‘g‘risida axborot olish huquqini buzgan holda yetkazilgan zararni qonunda belgilangan tartibda qoplashni talab qilish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risida axborot olishni rad etish;
  • axborotdan foydalanuvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasidagi davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining vakolatlariga quyidagilar kiradi:

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tarkibiy va hududiy bo‘linmalarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanuvchilarning foydalanishini ta’minlashga doir faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishini tashkil etish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlar monitoring qilinishini hamda doimiy ravishda kompleks baholanishini tashkil etish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etish uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslarni belgilash;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risida ularning rasmiy veb-saytlarida, butunjahon Internet axborot tarmog‘idagi veb-sahifalarida va (yoki) messenjerlarda joylashtiriladigan axborot ro‘yxatini tasdiqlash;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risidagi foydalanilishi qonun hujjatlariga muvofiq cheklab qo‘yilgan axborotga taalluqli ma’lumotlarning ro‘yxatini tasdiqlash;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risidagi e’lon qilinishi (chop etilishi) lozim bo‘lgan axborot materiallarini tasdiqlash;
  • axborotdan foydalanuvchilarning davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ochiq hay’at majlislarida hozir bo‘lishi tartibini belgilash;
  • axborotdan foydalanuvchilarning davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan moneliksiz foydalanishini ta’minlash, ushbu Qonun 13-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risida ularning rasmiy veb-saytlarida, butunjahon Internet axborot tarmog‘idagi veb-sahifalarida va (yoki) messenjerlarda joylashtiriladigan axborotning o‘z vaqtida berilishini, to‘liq va ishonchliligini ta’minlash;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli choralar ko‘rish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risidagi axborot manbalari quyidagilardan iborat:

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari va ularning matbuot xizmatlari, shuningdek, ular vakolat bergan mansabdor shaxslarning matbuot anjumanlari, brifinglar, intervyular va boshqa tadbirlardagi chiqishlari va bayonotlari;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning butunjahon Internet axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytlari, veb-sayt sahifalari va (yoki) messenjerdagi materiallari;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar matbuot xizmatlarining xabarlari;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning rasmiy nashrlari;
  • ommaviy axborot vositalarining materiallari.

Qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar ham davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to‘g‘risidagi axborot manbalari bo‘lishi mumkin.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotni tayyorlash hamda tarqatish vazifalarini bajaruvchi, shuningdek ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, blogerlar va jamoatchilik bilan hamkorlikni ta’minlovchi tarkibiy bo‘linmasi yoxud ushbu vazifalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxs davlat organlari va boshqa tashkilotlarning matbuot xizmatidir.

Barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar tarkibida matbuot xizmatlarining mavjudligi majburiy hisoblanadi.

Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari bir vaqtning o‘zida davlat organi va tashkiloti rahbarining matbuot kotibi hisoblanib, axborot siyosati masalalari bo‘yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo‘ladi hamda mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra davlat organi va tashkiloti rahbarining o‘rinbosariga tenglashtiriladi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yoki uning hududiy boshqarmalari xulosasini hisobga olgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Axborot xizmati ommaviy tadbirlarni tashkil etish, axborot xabarlarini (press-relizlar, byulletenlar va hokazolarni) tarqatish, shuningdek davlat organlari va boshqa tashkilotlarning butunjahon Internet axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytlari, veb-sayt sahifalari va (yoki) messenjerda ularning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni joylashtirish va har kuni yangilab borish yo‘li bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish chora-tadbirlarini ko‘radi. Matbuot xizmati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot tarqatishning qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa usullaridan ham foydalanishi mumkin.

Matbuot xizmatining faoliyatini tashkil etish tartibi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan belgilanadi.

Axborotdan foydalanish faqat qonunga muvofiq hamda inson huquq va erkinliklarini, konstitutsiyaviy tuzum asoslarini, jamiyatning axloqiy qadriyatlarini, ma’naviy, madaniy va ilmiy salohiyatni himoya qilish, mamlakat xavfsizligini ta’minlash, uning milliy manfaatlarini himoya qilish maqsadida cheklanishi mumkin.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar hamda mansabdor shaxslarda mavjud bo‘lgan axborotlardan, shu jumladan ularning faoliyati to‘g‘risidagi axborotlar qonunda belgilangan tartibda davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar turiga kiritilgan taqdirda cheklanadi. Maxfiy axborotning egasi, ushbu ma’lumotlarga kirishning amaldagi cheklovlari haqida ma’lumot so‘ragan shaxslarni xabardor qilishi shart.

Mavzuga oid