Boks bo‘yicha jahon chempionati sovrindorlariga avtomobillar sovg‘a qilindi
Boks bo‘yicha jahon chempionatida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni olgan O‘zbekiston terma jamoasining sovrindor bokschilariga «Chevrolet Tracker», «Chevrolet Gentra» va «Chevrolet Nexia» avtomobillari sovg‘a qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Taqdirlash marosimi bugun, 30 sentabr kuni Toshkentdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida bo‘lib o‘tdi. Unda sovrindor bokschilarga avtomobillar, terma jamoaning boshqa a'zolari, murabbiylari va O‘zbekiston boks federatsiyasi xodimlariga pul mukofotlari sertifikatlari topshirildi.
Taqdirlanganlar mukofotlarni Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisi Ochilboy Ramatovdan qabul qilib olishdi.
«Oldimizda hali juda ko‘p masalalar turibdi. Vazifaning 30 foizini bajardik, desak ham bo‘ladi. Yana 30 foiz ish bajarish uchun litsenziya olish kerak. So‘ng olimpiadada qatnashib, oltin medallarni olib kelishingiz lozim», – dedi tadbir avvalida so‘z olgan Ramatov.
Uning aytishicha, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasidan Tokio Olimpiadasida 3-4ta oltin medal olish talab etiladi.
«Oramizda kuchsizlar bo‘lmasligi kerak. Oxirgi tomchigacha to‘kmasa, boksda hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi. Sizlarning nomingizdan biz yurtboshimizga va'da beramiz, Xudo xohlasa, hech bo‘lmaganda 3ta yoki 4ta oltin medal. Undan ortiq bo‘lsa ham, o‘zlaring bilasizlar», – deb qayd etdi Ochilboy Ramatov.
Bosh vazir o‘rinbosari, shuningdek, 2020 yilgi Olimpiadaga O‘zbekistonning kamida 150 nafar sportchisi yo‘llanma olishi kerakligini aytib o‘tdi.
«Tokioga hech bo‘lmaganda 150ta litsenziya olishimiz kerak. Qato-o-or qilib, parad qilib borishimiz kerak. O‘zbekiston – katta davlat. 33-34 million aholimiz bor», – dedi Ramatov.
«Bugundan boshlab, hamma narsani yig‘ishtirib qo‘yib, Olimpiadaga tayyorgarlik bilan shug‘ullansakkina, Yaponiyada juda ham katta obro‘ga erishamiz. Xudo xohlasa, bugungi mukofotlar hali mayda-chuyda bo‘lib qoladi. Juda katta orden-medallar, boshqa davlatda chiqqan mashinalar, uylarga ega bo‘lasizlar. Mehnat qilish kerak», – deb ta'kidladi O‘zbekiston boks federatsiyasi raisi.
Eslatib o‘tamiz, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 9-21 sentabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida 3ta oltin (Bahodir Jalolov, Mirazizbek Mirzaxalilov va Shahobiddin Zoirov), 1ta kumush (Dilshodbek Ro‘zmetov) va 1ta bronza (Bobousmon Baturov) medallari bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu – O‘zbekiston boksi uchun jahon chempionatlaridagi eng yaxshi natija hisoblanadi.
Mavzuga oid
17:43 / 21.11.2024
Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarning barchasi o‘z lavozimini saqlab qoldi (foto)
11:03 / 16.11.2024
Boks. Afsonaviy Mayk Tayson bloger Jyeyk Polga mag‘lub bo‘ldi
17:23 / 04.11.2024
O‘zbekiston – World Boxing tashkiloti a’zosiga aylandi
09:34 / 03.11.2024