O‘zbekiston | 08:58 / 15.10.2019
86883
7 daqiqa o‘qiladi

Non narxi qaysi zaruriyat tufayli oshirilmoqda?

Foto: popmech.ru

Kecha, 14 oktabr kuni Vazirlar Mahkamasining «Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi

Unga ko‘ra, 2019 yilning 15 oktyabridan boshlab O‘zbekistonda don va un narxlarining erkinlashtirilishi borasida bir qancha yangi tartiblar o‘rnatilishi belgilangan. O‘rnatiladigan yangi tartiblar non narxiga ham ta'sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Kun.uz qaror asosidagi o‘zgarishlar, shuningdek, bunga sabab bo‘lgan boshqa omillar bo‘yicha batafsil ma'lumot olish maqsadida O‘zbekiston Moliya vazirligi bilan bog‘landi.

Savollarimizga Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi direktori Bahrom Ashrafxonov javob berdi.

«Narxlarning erkinlashtirilishi borasidagi talab fermerlar tomonidan bildirildi va u Oliy Majlis tomonidan jiddiy qabul qilindi».

«2 oktabr kuni O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari kengashi Rayosati hukumat va parlamentga g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta'minlash yuzasidan murojaatnoma bilan chiqdi.

Ularning aytishlaricha, yillar davomida aholini arzon un va non bilan ta'minlash masalasi g‘alla yetishtirish va uni qayta ishlashning davlat tomonidan qat'iyan boshqarilishi va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan g‘allaning bozor narxlariga nisbatan past narxlarda xarid qilish tamoyillari asosida hal qilinib kelindi.

Natijada, fermer xo‘jaliklarining hosildorlikni oshirish va g‘alla yetishtirish hajmini ko‘paytirishga qiziqishi pasayib, xarajatlarni faqat davlat tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar doirasida amalga oshirib, qo‘shimcha daromad olish uchun o‘z mablag‘larini yo‘naltirishdan manfaatdorligi bo‘lmadi.

 Shuningdek, davlat xaridlari bo‘yicha fermerlarning g‘allasiga past narx belgilab, uning arzon bahoda sotilish mexanizmi fermerlar va don korxonalariga iqtisodiy manfaatdorlik keltirmayapti. Ularni g‘alla hosildorligini oshirishga rag‘batlantirmaydi.

Rayosatning rasmiy murojaatnomasi Oliy Majlis tomonidan jiddiy qabul qilindi. Haqiqatdan ham, 2018 yilga qadar g‘allachilikka davlatning aralashuvi 100 foiz bo‘lib keldi. Lekin sezyapmizki, endi bozor iqtisodiyotiga o‘tmasak bo‘lmaydi.

Fermerlar shu sababdan qat'iy talab bilan chiqishdiki, «Meva va sabzavot mahsulotlarini istagan narxda sotayapmiz, nega endi g‘allada narxga aralashuv bo‘lishi kerak. Ahvol bu ketishda davom etsa, bizni g‘alla ekkanimizdan nima foyda? Agar g‘alla kerak bo‘lsa, narxni bozor sharoitlarida, erkin qilinglar».

«Oliy Majlis qonunchilik palatasi o‘rganishlari fermerlar haq ekanligini ko‘rsatdi»

«Murojaatnoma 2 oktabr kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasiga kelib tushgan. Qonunchilik palatasi esa tezda rasmiy murojaat yuzasidan joylardagi holatni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzdi.

Ishchi guruh a'zolari uch kishidan bo‘lib, barcha 14ta hududda o‘rganish olib bordi.

Bir haftalik o‘rganishlardan so‘ng, 9 oktabr kuni Parlament eshituvi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, ishchi guruh a'zolari jami 298 ta fermer xo‘jaliklari, «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasining 28 ta hududiy bo‘limlari, 96 ta sotuv nuqtalari va aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, o‘rganishlar olib borishgan.

Bu o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, bozorlarda davlat narxida olingan un bir necha barobar qimmat narxda sotilmoqda. Masalan, davlat narxida 88 ming so‘mga olingan un 110 mingdan 150 ming so‘mgacha narxda sotilmoqda.

Non ishlab chiqaruvchilar esa boshqa yo‘lga o‘tib olishgan: 1100 so‘mga belgilanganidek, 600 gramm emas, 450 grammli qolipli nonlarni ham sotishmoqda. Xullas, bu tizim qog‘ozda ishlayapti, lekin joylardagi asl holat buzilib ketgan.

O‘rganishlar bo‘yicha bir nechta vazirliklarning hisobotlari ham tinglandi.

Eshitishlardan murojaatnomadagi holatlar to‘g‘ri ekanligi tasdiqlandi va ma'lum bo‘ldiki, don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish kerak.

Aslida, sabzavot, meva yoki dukkakli ekinlar singari bug‘doy ham qishloq xo‘jaligining bir mahsuloti. Har qancha ahamiyatli bo‘lmasin, uni yetishtirgan dehqon zarariga sotmasligi, yanchgan zavod qing‘irlik bilan ishlamasligi, yopgan novvoy kimgadir qaram bo‘lib qolmasligi kerak.

Shu bilan birga, bu jarayonda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish kerak».

Yangi qaror bo‘yicha tizimda qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Bahrom Ashrafxonov suhbat davomida shuningdek, yangi qaror bo‘yicha kutilayotgan asosiy o‘zgarishlar haqida ham ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, 2019 yil 15 oktyabrdan:

 «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa g‘alla iste'molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotiladi. Bunda, g‘allaning boshlang‘ich narxi sotuvchi tomonidan amaldagi xarid narxi, tayyorlash, tashish, saqlash va boshqa xarajatlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

Un narxi keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida esa 2019 yil hosilidan tayyorlangan bug‘doyning tonnasi un ishlab chiqarishga 1 300 ming so‘mdan ulgurji narxlarda sotiladi. Bunda, bug‘doyning o‘rtacha xarid narxi va ulgurji narxi o‘rtasidagi 120 ming so‘m miqdoridagi salbiy farq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qoplanadi.

 Ashrafxonovning aytishicha, hukumat qarorida, shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi bilan birgalikda ichki bozorda narxlarning sun'iy ravishda oshib ketishi va bozordagi boshqa salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, zarur hollarda, bir savdo sessiyasida bir xaridor tomonidan xarid qilinadigan un va donning maksimal miqdorini (limitini) belgilashi hamda talab va taklifdan kelib chiqib ushbu hajmlarga tuzatishlar kiritishi mumkinligi belgilangan.

 Ilyos SAFAROV tayyorladi.

Mavzuga oid