Jamiyat | 00:14 / 19.10.2019
21911
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda shahar kuni keng nishonlandi - fotogalereya

An'anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Samarqand kunida shaharning markaziy xiyobonlari va maydonlari samarqandliklar va shahar mehmonlari bilan gavjum bo‘ldi.

1996 yildan buyon 18 oktabr Samarqand shahri kuni sifatida ko‘hna shaharda keng nishonlanadi. Jumladan, bugun ham 23-marta nishonlangan Samarqand kuni tantanalari shaharning markaziy xiyobonlari va maydonlarida tashkillashtirildi.

Tadbir an'anaviy tarzda Amir Temur maqbarasida sohibqiron haqqiga Qur'on tilovati bilan boshlab berildi. Unda viloyat hokimi E.Turdimov va viloyatning boshqa rahbarlari ishtirok etishdi.

Ertalabdan boshlangan bayram tadbirlari vaqtida ko‘chalar odamlar bilan gavjum bo‘ldi. Doshqozonlarda oshlar damlandi, milliy va folklor kuy-qo‘shiqlardan iborat konsert dasturlari, turli ko‘rgazma va yarmarkalar tashkillashtirildi. Ko‘chalarda esa transport harakatlari cheklandi. Barcha tarixiy obidalar va muzeylarga kirish tekin qilindi.

Bayram bahona Orol sari yugurishga mo‘ljallangan ekomarafon ham o‘tkazildi. Toshkentda boshlanib, Mo‘ynoqda tugashi ko‘zda tutilgan marafonning ikkinchi bosqichi aynan Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Unda minglab samarqandliklar qatnashib, ramziy ma'nodagi estafetani buxorolik sportchilarga uzatishdi.

Samarqand shahar kunida mahalliy fuqarolar bilan birga xorijlik sayyohlar ham qatnashdi. Ko‘ngilochar tadbirlarda ayniqsa Samarqanddagi oliygoh talabalari, maktab va kollej o‘quvchilari faol bo‘lishdi. Har bir o‘quv muassasasi o‘zi uchun belgilangan hududda o‘ziga xos bayramona kayfiyat uyg‘otishga harakat qildi.

Kechqurun shahar kuniga atalgan mushakbozlik ham uyushtirildi.

Quyida Samarqand kuni munosabati bilan qadimiy shaharda o‘tkazilgan bayram tantanalaridan tayyorlangan fotogalereyani e'tiboringizga havola qilamiz.

Mavzuga oid