O‘zbekiston | 12:24 / 25.10.2019
2275
8 daqiqa o‘qiladi

Hududlar hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtiriladi

Foto: madaniyat.uz

O‘zbekistonda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Prezidentning muhokama uchun e'lon qilingan qarori loyihasida aytilishicha, hunarmandchilikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

hunarmandchilik sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish, yo‘qolib borayotgan hunarmandchilik turlarini tiklash va rivojlantirish;

hunarmandchilik faoliyatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish;

hunarmandlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda ularni zaruriy infratuzilma yaratish, shuningdek asbob-uskuna, xomashyo va materiallarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish;

hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotishda ko‘maklashish, shu jumladan respublika va xalqaro miqyosidagi tadbirlarni tashkil etish, mahalliy hamda xorijiy festival va ko‘rgazmalarda hunarmandlar ishtirokini ta'minlash;

hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishga ko‘maklashish va kadrlar tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining “Hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqariladigan buyumlar va tovarlar (ish, xizmat ko‘rsatish) turlarining ro‘yxati” asosida shakllantirilgan respublika hududlarini hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va “Hunarmand” uyushmasining “Xalq amaliy san'ati ustasi” toifasini joriy etish haqidagi taklifi ma'qullanadi.

“Xalq amaliy san'ati ustasi” toifasi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya va “Hunarmand” uyushmasi vakillaridan iborat kengashning qarori bilan hunarmandga “Hunarmand” uyushmasi tomonidan tegishli guvohnoma bergan va uni xalq amaliy san'at ustalarining Milliy katalogiga kiritgan xolda, qoida tariqasida quyidagi mezonlarining biridan kelib chiqib belgilanadi:

hunarmandning nufuzli xalqaro ko‘rgazma, konkurs kabi tadbirlarda g‘olib yoki laureat sifatida e'tirof etilganligi;

tegishli sohada san'at va ilm arbobi, akademik yoki taniqli mutaxassis-ekspert (shu jumladan xorijiy mutaxassis-ekspert)ning tegishli tavsiyasiga egaligi;

“O‘zbekiston Respublikasi” xalq ustasi” faxriy unvoniga egaligi.

“Hunarmand” uyushmasi 2020 yil 1 iyunga qadar Milliy katalogni shakllantiradi va “online” tarzda ishga tushiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasining ushbu uyushma a'zolari orasidan turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlarni aniqlash va “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ni tuzish haqidagi taklifi ma'qullanadi.

“Hunarmand” uyushmasining a'zolarini “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ga kiritilishida qoida tariqasida qo‘yidagi mezonlardan biri qo‘llanilishi belgilanadi:

turistik marshrutdagi manzil bo‘yicha ijara asosida yoki marshrutga kiritilgan o‘z ustaxonasida faoliyat yuritishi;

o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni galereyalarga, hunarmandchilik mahsulotlari do‘konlariga, mahalliy va xorijiy savdo uylariga shartnoma asosida namoyish va sotish uchun qo‘yishi;

hunarmandning Milliy katalogga kiritilganligi;

“Hunarmand” uyushmasining badiiy kengashi tomonidan tavsiya etilishi.

Hunarmandlar orasida “Men Qo‘qonga boraman” ko‘rik tanlovi o‘tkazilishida hunarmandchilikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha alohida nominatsiyalar kesimida o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

Xalq ta'limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Hunarmand uyushmasi” bilan birgalikda 2020 yil 1 martgacha “Mehribonlik uylari”da Milliy katalogdagi hunarmandlarni jalb etgan xolda “Usta-shogird” an'anasiga asoslangan o‘quv mashg‘ulotlarini 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab joriy etish jadvalini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Madaniyat vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda:

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab hunarmandchilikka ixtisoslashgan hududlarda hunarmandchilik va xalq amaliy san'ati yo‘nalishlari bo‘yicha bolalar musiqa va san'at maktablari, “Barkamol avlod maktablari” hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida o‘quv kurslarini tashkil etadi;

2020 yil 1 mayga qadar hunarmandchilik yo‘nalishida kasb-hunar ta'lim muassasalarida kadrlar tayyorlashning namunaviy o‘quv rejalari va dasturlarini tasdiqlaydi.

2020 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasining:

xalq amaliy san'ati mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Hunarmand” uyushmasi a'zolarini soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan ozod qilish;

“Hunarmand” uyushmasi a'zolari tomonidan ishlab chiqarilgan halq amaliy san'ati mahsulotlarini sotishdagi vositachilik xizmatlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi;

kalendar yili davomida hunarmandchilik mahsulotlarini sotishdan olgan tushum 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdori uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan yagona soliq to‘lovi miqdorini “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ga kiritilgan hunarmandlar uchun amaldagi 4 foizdan 2 foiz stavkaga tushirish haqidagi takliflariga rozilik beriladi.

Belgilanishicha:

hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan davlat ro‘yxatidan o‘tishda davlat boji yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun belgilangan davlat boji miqdorining 10 foizi miqdorida undiriladi;

Milliy katalogdagi hunarmandlarga shogirdlar soni bo‘yicha o‘rnatilgan cheklovlar tatbiq etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining “Hunarmand” uyushmasi qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilanadi:

2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan 50 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar;

“Hunarmand” uyushmasi tomonidan shartnoma asosida bajariladigan ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy ishlar, ta'lim va boshqa xizmatlardan tushadigan tushumlar;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilanishicha, Jamg‘armaning mablag‘laridan quyidagilar uchun foydalaniladi:

hunarmandchilikni har tomonlama, shu jumladan istiqbolli investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni moliyalashtirish orqali qo‘llab-quvvatlash;

milliy raqobatbardosh hunarmandchilik mahsulotlarini realizatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash;

iste'mol bozorida hunarmandchilik mahsulotlarini keng targ‘ib qilish va ularning raqobatbardoshligini oshirish, turizm obektlarida hunarmandchilik mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirish;

“Usta-shogird” an'analari asosida yosh hunarmandlar avlodini tarbiyalash bilan bog‘liq tadbirlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;

xalq amaliy san'ati va hunarmandchilik milliy brendlarini ilgari surishga, shu jumladan mamlakatimiz va xorijda ko‘rgazmalar, yarmarkalar, festivallarni tashkil etish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning shunday tadbirlarda keng ishtirokini ta'minlash orqali ko‘maklashish;

yosh hunarmandlar hamda unutilgan hunarmandchilik turlarini tiklash bilan bog‘liq faoliyatni boshlash uchun grantlar ajratish;

“Hunarmand” uyushmasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan uning xodimlarini ish haqi bilan ta'minlash.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid