O‘zbekiston | 14:34 / 26.10.2019
5367
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi joriy etiladi

Xalq ta'limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi joriy etiladi. Prezidentning bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, quyidagilar xalq ta'limi muassasalari xodimlarini kasbiy rivojlantirish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

rahbar, mutaxassis va pedagog kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirishning ehtiyojlarga asoslangan samarali milliy tizimini joriy etish va takomillashtirish;

xalq ta'limi rahbar va pedagog kadrlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va masofadan o‘qitish usullaridan foydalangan holda ilg‘or pedagogika va innovatsion texnologiyalarni egallash hamda ularni maktablardagi o‘quv jarayoniga samarali tatbiq etish ko‘nikmalarini rivojlantirish;

 xalq ta'limi xodimlarining o‘z kasbiy mahorati va pedagogik faoliyati samaradorligini muntazam oshirib borishi, shu jumladan davlat tilini mukammal bilish va chet tilini amaliy o‘zlashtirish darajasini oshirishini qo‘llab-quvvatlash;

malaka oshirish ta'lim muassasalaridagi o‘quv jarayonlariga chet ellik mutaxassislarni jalb qilish va xalq ta'limi xodimlarining xorijiy ilg‘or ta'lim markazlarida tajriba orttirishlarini tashkil etish;

xalq ta'limi muassasalari rahbarlari – ta'lim sohasi menejyerlari va o‘qituvchilar kasbiy kompetensiyalari saviyasini belgilashning milliy standartlari tizimini amaliyotga joriy etish;

qayta tayyorlash va malaka oshirishning zamonaviy texnologiyalarini qo‘llagan holda xalq ta'limi muassasalari rahbar lavozimlariga yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish;

xalq ta'limi muassasalari rahbarlari va o‘qituvchilarini tanlash, ishga qabul qilish hamda uzluksiz kasbiy o‘stirishning litsenziyalashga asoslangan shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmini joriy etish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ularning samaradorligini oshirish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yosh pedagoglarni jalb qilish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

qayta tayyorlash va malaka oshirish ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining turli innovatsion, amaliy va fundamental tadqiqotlar loyihalari tanlovlarida qatnashishlari va xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirishi, doktorantura va stajirovka o‘tashlarini yo‘lga qo‘yish;

xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va boshqa budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga malaka oshirish ta'lim muassasalarini xalq ta'limi tizimining rivojlanishini tadqiq qiluvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid