Jamiyat | 10:20 / 27.10.2019
55985
8 daqiqa o‘qiladi

Majlisbozlikdan nega qutula olmayapmiz?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yili ko‘plab tashkilot va idoralar aksariyat hollarda faqat yig‘ilishlar o‘tkazish, amaliy ish qolib, qog‘ozbozlik bilan shug‘ullanayotganini tanqid qilgan, bosh vazir Abdulla Aripov va o‘sha paytdagi bosh prokurorga hukumat, vazirlik-idoralar, hokimliklarda majlislar sonini keskin qisqartirish, ko‘riladigan masalalarga bevosita aloqasi bo‘lmagan davlat idoralari, jamoat tashkilotlari va boshqa muassasalar rahbarlarini yig‘ilishga chaqirmaslik haqida qat'iy topshiriq bergandi.

2018 yili esa Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida davlat rahbari viloyatda majlisbozlikka bir yillik moratoriy joriy etilganini aytgandi.

Shundan so‘ng bosh vazir Abdulla Aripov davlat organlari va idoralari, mahalliy hokimliklar rahbarlariga yig‘ilishlar grafik-reja asosida bo‘lishi, haftasiga 2-3tadan ko‘p majlis o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik, yig‘ilish vaqtini respublika darajasida 2 soatdan, viloyat, shahar va tumanlar darajasida 1-1,5 soatdan oshirmaslik, tong saharlab yoki yarim kechada yig‘ilishlar o‘tkazishni qat'iyan cheklash hamda yig‘ilishga bevosita aloqasi bo‘lmaganlarni, shuningdek, olis hududdagi rahbar va xodimlarni mahalliy hokimliklarda o‘tkaziladigan majlislarga asossiz chaqirmaslik bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga ko‘ra, bu boradagi ahvol o‘zgarmagan. Prezident va hukumat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarga qaramay, davlat tashkilotlarida, mahalliy hokimliklarda majlisbozlik hamon davom etmoqda.

«Qo‘shnim bankda ishlaydi. Har kuni soat 23da uyiga qaytadi», deb yozadi Komil Ahmedov.

«O‘zim hokimiyatda ishlayman, oxirgi paytlar ishni tashlamoqchiman. Shu beradigan 2 mln. so‘m oyligini boshqa ish qilib toparman, jonga tegdi quldek yashash. Odatiy kunlarda ertalab soat 7:30gacha kelamiz va 22:00da chiqib ketamiz. Shanba-yakshanba kunlari ham shu ahvol», deya mulohazalarini bayon qilgan Odiljon Samadov.

«Ayniqsa, oilali ayollar soat soat 19:00dan 22:00gacha majlisda o‘tirib, keyin uyiga kelsa, nima bo‘lishini bilarsiz», degan No‘'monjon Begmatov.

«Majlislardan foyda bormi yoki majlislar biror natija berganmi? Hamma majlislar yuqoriga o‘zini ishlayotgandek qilib ko‘rsatish maqsadida qilinadi, menimcha», deydi Akmal Hasanov ismli feysbuk foydalanuvchisi.

Otalarini ko‘rmay o‘sayotgan bolalar...

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev yaqinda Telegram-kanalidagi postlardan biriga qoldirilgan izohni e'lon qildi. Muallifi sir tutilgan izohda shunday deyiladi:

«O‘g‘lim bog‘chadagi o‘rtoqlariga «mening dadam yo‘q» debdi. Qay ahvolga tushganimni ta'riflab bera olmayman. Xo‘jayinim tongda ishga ketib, farzandlarimiz uxlaganda keladi. Ko‘p ko‘ngilsizliklarning sababi bu, rahbarlar tushunarmikin?!»

Soat 22:00da yozilgan izoh:

«Ertalab soat 5da hokimiyatda majlis bor, o‘zi hozir majlisdan keldik!»

2018 yili o‘tkazilgan blogerlar chempionati ishtirokchisi Farida Xayrulla qizi ham shu mavzuda post yozgandi.

«Uch nafar qalin dugonam bor. Xo‘jayinlarimiz turli sohada ishlashadi. Oramizdan uchtamizning erimiz davlat organida ishlasa, bittamizniki biznes bilan shug‘ullanadi. Eri biznesmen bo‘lgan dugonamizga hamisha havasimiz keladi. Chunki uning umr yo‘ldoshi hamisha yonida, ko‘pincha oilaviy kechki sayrlarga chiqishadi, parklarga borishadi, bolalar ham ota-ona mehriga qoniqib o‘syapti. Xo‘sh, biz-chi?

Ertalab vaqtli ketib, yarim kechaga yaqin yoki tun yarmidan oqqanda ishdan qaytishadi. Ishga ketishayotgandayam, qaytganlaridayam ko‘pincha bolalar uxlayotgan bo‘ladi. Uyg‘oq bo‘lishsa ham, «Otangni bezovta qilmanglar, charchab kelgan» deb o‘rgatganimiz tufayli otalarining oldiga boraverishmaydi. Erkaklarimiz uyga kelib, zo‘rg‘a ovqatlarini yeyishga yaraydilar, gohida ovqatlanmasdan ham uxlab qoladilar».

Bu kabi og‘riqli munosabatlarni o‘qirkansiz, ichingiz zil ketadi. Ayniqsa, erlari davlat organlarida, turli vazirlik va idoralarda ishlaydigan ayollarning dardiga quloq tutilsa, muammoning ko‘lami yaqqol namoyon bo‘ladi.

Majlisbozlikning foydasidan ziyoni ko‘p

Feysbuk foydalanuvchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, tumanlardagi QOP, QVP rahbarlariga o‘zlariga biriktirilgan hududda yashaydigan rahbarlardan har hafta xabar olish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Ya'ni poliklinikadan bir vrach va hamshira har hafta o‘sha joyda yashovchi rahbarlar, mahalla raislarining uyiga borib, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishi, ularning sog‘lig‘i haqida yuqoriga hisobot topshirishi kerak.

Bu mahalliy hokimliklar tomonidan o‘tkaziladigan majlislarda bir necha kishi, jumladan, mahalla raislarining salomatligi yomonlashganidan so‘ng qabul qilingan chora ekani aytilmoqda.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi axborot xizmati boshlig‘i Arofat Umarova Kun.uz muxbirining savollariga javoban majlislarda mahalla raislarining salomatligi yomonlashgani yoki vafot etgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gap-so‘zlar asossiz ekanini ta'kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalla xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish prezident farmoni bilan taqiqlangan.

«Bu masala kengash rahbariyatining doimiy e'tiboridadir», deb qo‘shimcha qildi Umarova.

Hozircha Sog‘liqni saqlash vazirligi qishloq oilaviy poliklinikalari va vrachlik punktlariga berilgan topshiriq yuzasidan so‘rovga rasmiy izoh bermadi. Biroq izohsiz ham 8-10 soatlik ish kunidan keyingi majlisbozlik har qanday odamni holdan toydirishi, bu esa alal-oqibat uning sog‘lig‘ida aksini ko‘rsatishi kunday ravshan.

Majlisbozlikdan qutula olamizmi?

Sarlavhadagi savolga yetib keldik. Buning uchun avvalo rahbarlarimizning dunyoqarashi o‘zgarishi kerak. Busiz iloji yo‘q.

Prezident ham, bosh vazir ham «majlisbozlikni kamaytirish, vaqtini qisqartirish va iloji bo‘lsa o‘tkazmaslik» haqida bir necha bor takrorlaganidan keyin ham bu ishlar davom etayotganini qanday tushunish mumkin?

Qolaversa, xodimlar haq-huquqini himoya qiluvchi tashkilot – kasaba uyushmalarining faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, ularni rahbarlarning qosh-qovog‘iga qarab emas, balki qonun hujjatlarida yozilganidek, ishchi-xizmatchilarning manfaatlarini amalda himoyalay oladigan mustaqil tuzilmaga aylantirish fursati yetdi, nazarimizda.

Ana shunda belgilangan ish vaqtidan ortiq ishlatayotgani uchun qonunda belgilangan tartibda qo‘shimcha haq talab qiladigan, ishdan keyin tungi vaqtda o‘tkaziladigan majlislarning qonunlarga zid ekanini ayta oladigan xodimlar safi kengayadi. Aks holda, yo ular haqqini talab qilgani uchun ishdan bo‘shab ketaveradi, yo alamini ichiga yutib ishlayveradi. Bundan esa hammamiz yutqazamiz.

Jamshid Niyozov

Mavzuga oid